www.ziyouz.com kutubxonasi
274
arboblari, askar boshliqlari shu joyga hozir bo‘lsinlar, deb buyurdi. Barchalari saroyga
kirib o‘lturgandan keyin uning eshigini qulflatdi. So‘ngra Qaysar bu yig‘ilgan xalqqa
qarab:
— Ey Rum elining ulug‘lari! Men ersam ushbu noma yuborgan kishi Muhammadga iymon
keltirib, aning diniga kirdim. Kelajakda bizning yaxshiligimizni bu ishda ko‘rdim. Endi
sizlar ham iymon keltirib, shu payg‘ambarning diniga kiringlar. Agar shunday qilar
ekansiz, hukumatimiz qo‘ldan ketmagay. Va Iso alayhissalom ahdini buzmagan
bo‘lurmiz, — dedi.
Bu so‘zni Qaysar aytishi bilan yo‘lbarsni ko‘rganda qo‘rqib qochgan hayvonlar kabi butun
xalq saroy eshigiga kelib tiqildilar. Qarasalar, eshiklarga qulf solinmishdir. Yana
orqalariga qaytib Qaysarni o‘ldirish qasdida uning saroyini o‘rab olib:
Bizni nasroniyat dinidan chiqarib, vahshiy arabiylarga qul qilmoqchi bo‘libdur, buni
o‘ldirib tezroq qutilaylik, — deb unga qattiq norozilik bildirdilar.
Bu holni ko‘rib Qaysarning umidi alardin uzildi. So‘zni o‘zgartirib, darhol ularga kishi
yubordi:
Men sizlarni sinab ko‘rmak uchun bu so‘zlarni aytgan edim. Dininglarda qanday
turishinglarni tajriba qildim. Nasroniyat dinini saqlashda sizlarga endi aniq ishondim, —
dedi.
Aning bu so‘ziga rozilik bildirib, hammalari unga sajda qilib qaytdilar. So‘ngra alardan
umidi uzilgach, Rasululloh nomalariga javob yozib, birmuncha hadyalar bilan yubordi.
Nomaning mazmuni shuldur: «Men Islom dinini qabul qildim, lekin buni izhor qilmoqqa
ojizdurman». Buning nomasi Rasululloh oldilarida o‘qildi. Anda Rasululloh: «Dunyo
davlatini qizg‘anib oxirat davlatidan quruq qolmishdur. Islomni qabul qildim, degan so‘zi
yolg‘ondur», dedilar.
Lekin Rasulullohning nomalarini hurmatlab saqladi. Elchilari hazrati Dihyani bek izzat
qilib, ko‘p hadyalar berib uzatdi. Shuning barakotidurki, Rum podshohligining qoldiqlari
uzoq yillar davom etib kelmoqdadur.
Sharqiy Rum o‘lkasidan hukumatlari uzilgan bo‘lsa ham, G‘arbiy Rum Italiyada shu
kungacha saqlanib keldi. Lekin Qaysar o‘z og‘zidan Islom dinini qabul qildim degan
bo‘lsa ham, Rasululloh uni yolg‘onchi qildilar. Shundoq bo‘lib, bu ulug‘ ne’matdan
benasib qoldi. O‘z gunohining ustiga, nomada yozilgandek butun Rum xalqining gunohini
ko‘tardi. Baqosi yo‘q foniy dunyoning podsholigini ayab, abadiy saodatdan ajradi.