www.ziyouz.com kutubxonasi
284
— Xudo haqqi, bilamiz bu kishi Iso xabar bergan oxirzamon payg‘ambaridur. Buning
payg‘ambarligini o‘z ko‘nglimizda bilib turamiz. Qaysi bir kishi payg‘ambar bilan
la’natlanur bo‘lsa, o‘zi halok bo‘lib, uning nasli yer ustidan yo‘qolur. Endigi maslahat
shulki, ul aytgan dinga kirmasak ham, u bilan kelishib tinch-omon o‘z elimizga qaytaylik,
— deyishib shu so‘zga to‘xtashdilar.
Ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelishlarida Hazrati Ali, Fotima, imom
Hasan, imom Husaynlarni birga keltirdilar. Nasorolar Rasulullohning avlodlari bilan birga
kelganlarini ko‘rib hayron qolishdi.
Anda raislari:
— Mundog‘ nur yuzlik kishilar Xudodan nima narsa so‘rasalar, qabul qilur. Alarni quruq
qaytarmag‘ay. Agar shu tog‘ni o‘rnidan qo‘zg‘alsin deb duo qilsalar, darhol qo‘zg‘alur.
Agar bular bilan la’natlanur bo‘lsak, nasoro naslidan yer ustida hech kishi qolmagay, —
dedi.
So‘zlari nohaqligidan qo‘rqishib, bu ishga jur’at qilisha olmadilar. Har yili ikki ming uqiya
kumush berib turishga o‘zlari rozi bo‘lishib, sulh qildilar. Chunki Qur’onda agar kofirlar
sen bilan kelishishni so‘rasalar uni qabul qil, degan mazmunda oyat bor edi.
Bu soliqning yarmini har yili Safar oyida, qolgan yarmini Rajab oyida to‘lab tugatmoq
shart qilindi. Ish bitgandan so‘ngra bular o‘z yurtiga qaytmoqchi bo‘ldilar. To‘lov molni
topshirish uchun bir amin (ishonimli) odamni qo‘shib berishni Rasulullohdan so‘radilar.
Mana bu kishi esa Islom ummati ichida amini erur deb, Abu Ubayda ibn Jarrohni ularga
qo‘shdilar. Shu kundan boshlab Abu Ubayda «Aminul umma» laqabini oldi. Arablar
«amin» deb to‘g‘ri so‘zli, ishonchli kishini ayturlar. Rasululloh laqablari, Jabroil
alayhissalom laqablari ham Al-amin erur. Ular ketgandan keyin Rasululloh aytdilar:
— Ul ulug‘ qudratli Alloh haqida qasam qilurmanki, ahli Najron ustiga osmondan azob
tushib, tayyor bo‘lib turdi. Agar men bilan la’natlashib, kim yolg‘onchi bo‘lsa, Allohning
la’natiga qolsin deyishsalar edi, o‘sha onda Xudoning la’nati ularga tushib, hammalari
maymun, to‘ng‘iz suratiga kirib qolishur edi. Yana osmondan azob o‘ti tushib, Najron
shahrini butun xalqi bilan kuydirur edi. Yil o‘tmay turib, yer ustida nasoro kofirlaridan bir
kishi ham qolmas erdi.