www.ziyouz.com kutubxonasi
33
Xalq ichiga tarqalgan bundoq ta’na so‘zlardin Payg‘ambarimiz ham xafa bo‘ldilar. Bu
ishning zohiridagi sababi «Inshaalloh» demaganlari bo‘lib ko‘rinsa ham, yana buning
haqiqatini Alloh o‘zi bilur. Endi bu muddat o‘tgandin so‘ngra Jabroil alayhissalom Kahf
surasini vahiy kelturdilar, alar so‘ragan uch masalaga shu surada javob berildi. Ashobi
Kahf qissalari, Ruh masalasi, Zulqarnayn qissasi tamom shu surada bayon qilindi.
Bundin bir qancha nasibalik kishilar hidoyat topgan bo‘lsalar ham boshqalar yana shu
gumrohlikda qoldilar. Yuqorida aytilganicha, mo‘minlarga mushriklar tarafidin haddin
osha aziyatlar yetganlikdin, yana hijrat qilishga Payg‘ambarimiz ruxsat qildilar.
Sahobalardin birinchi daf’a ketgan o‘n uch kishi Islomning rivoji haqida xato xabarlar
onglashib, biror yil o‘tmasdin turib, qaytib kelgan edilar. Kelishlari bilan mushriklardin
ko‘rgan jabrujafolari ilgarigidin necha barobar ortiq bo‘ldi. Bu ish sabab bo‘lib, sahobalar
yana ikkinchi navbat hijrat qilishga kirishdilar.