HABASHISTONGA IKKINCHI HIJRAT Bu daf’a hijratlarida, bolalardin boshqa er-xotun bo‘lib, muhojirlarning soni sakson
uchga yetgan edi. Hazrat Alining akalari Ja’far Tayyor, Hazrati Usmon ibn Affon, Zubayr
ibn Avvom bularning ichida edilar. Bu kelishlarida Habashiston podshosi
mehmonnavozlik qilib, muhojirlar haqida ko‘p yaxshi muomalada bo‘ldi. Quraysh xalqi
bu musulmonlarning bundog‘ rohat, amniyat bilan turishlariga hasadlari qo‘zg‘olib, alarni
qaytarish uchun chora ko‘rishga kirishdilar. Habashiston podshosi va uning arkon-
davlatlariga atab, birmuncha tansuq tortiqlar tayyorlashdilar. Quraysh ichida ishlik,
kuchlik odamlardin hisoblangan ikki kishi, birisi Abdulloh ibn Rabia, ikkinchisi Amr ibn Os
edi. Bu ikkovlarini vakil saylashib, hozirlangan hadyalarni alarga topshirdilar. Bu
maqsadlariga yordam berish niyati ila podshoh atrofidagi davlat arboblari uchun
belgilangan hadyalari bor edi. U vakillar Habashistonga kelgandin keyin, dastlabda
davlat arboblari ila ko‘rishdilar. Alarga hadyalar taqdim qilib, bu ishga yordam
berishlarini so‘radilar. Podshoh yaqinlari qo‘lga kirgandek ko‘rinib, ko‘ngillari tinchidi.
Ertasi kuni tortiq-tarag‘aylari bilan barobar podshoh huzuriga kirdilar. So‘ngra:
— Ey podshoh, bu yaqinlarda o‘z ichimizdan chiqqan bir necha yosh, aqlsiz yigitlar
paydo bo‘lishgan edi, qarasak, ular o‘zlaricha sizu biz tanimagan yangi bir din
chiqardilar. Bu to‘g‘ridan o‘z oramizda dushmanchilik ko‘paydi. So‘ngra ular xalq
tarafidin qattiq qarshilikka uchrashib, u joyda turolmasdin, qochishib ketgan edilar.
Keyin ul buzuq qochoqlarning sizlarning ko‘z ostingizga kelib, tinch-omon
yashayotganlari bizga eshitildi. Endi, ul yurtning yaxshilari, bularning qavmu
qarindoshlari bizni yubordilar. Ota-bobolarining dinlaridin qaytgan, o‘z el-yurtlariga
sig‘magan ul buzuqlarni o‘z yeringizdan haydab chiqarib, ularga qaytarib berishingizni
sizdan so‘raydilar, — deb aytdilar. Podshoh atrofida o‘tirgan davlat arboblari:
— Ey podshoh, ularning haqida bu vakillarning aytgan so‘zlari to‘g‘ridur. Bularning
yaxshi-yomon fe’l-xo‘ylari bizlarga ma’lum emas, ammo o‘zlariga ma’lumdur. O‘z eliga
sig‘magan odamlardin boshqa joyda ham vafo kelmas, deb o‘ylaymiz. Shuning uchun
ularni qaytarib berishingizni bizlar ham ma’qul ko‘ramiz,— dedilar. Bu so‘zlarni eshitib
podshohning g‘azabi qo‘zg‘oldi. So‘ngra:
— Qasam qilurmanki, bularni qaytarib bermayman. Nechuk qaytarayki, boshqalardin
meni ortuq ko‘rib, yaxshilik umidi ila kelibdilar. Bir mamlakatdin ikkinchi mamlakatga
qochib, panoh so‘rab kelgan bechoralarni qaytarib chiqarish podshohlar sha’niga loyiq
ish emasdur. Munosib ish shuldirki, ul qochqinlarni chaqirib, o‘zlaridin gap so‘raylik. Agar
haqiqatda bu ikkovlari degandek bo‘lib chiqsalar, ul holda qaytarsak arzimiz qabul bo‘lur.
Agar bundoq bo‘lmagan taqdirda, qo‘l ostimda turganlaricha o‘z himoyatimga olurman.