Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
381
Payg‘ambarimiz vafotlarida to‘qqiz dona qilichlari bor edi. Bular ichida otalari
Abdullohdan meros qolgan bir qilich bo‘lib, oti Ma’sur edi. Madinaga hijrat qilganlarida
shu qilichni taqinib keldilar. Ikkinchisi, Zulfiqor qilichidur. Bu ersa Badr so‘qishida
dushmandan o‘lja olinmish edi. Hazrati Ali qo‘liga o‘tgandan so‘ngra
tillarda doston
bo‘lib, dunyoga oti chiqqan shu qilichdur.
Samsoma degan yana bir qilichlari bor edikim, arablar oldida uning ham nomi
ko‘tarilmish edi. Sulaymon payg‘ambardan qolgan yana bir qilichlari bo‘lib, otini Rasub
der edilar. Bu qilichning qissasi Qur’onda ham bordur.
Yaman podshosi Bilqis xotin
Sulaymon payg‘ambarga tortiq qilib yubormish edi. Otliq-atoqlik qilichlari shulardir.
Etti kishilik urush kiyimi, sovutlari bo‘lib, bular ichida bittasi Dovud alayhissalomdan
qolgan, uni yahudlardan o‘lja olmish edilar. Vafotlaridan ozgina ilgari shu sovutlardan
birovini o‘ttiz so’a arpaga garov qilganlari hadis kitoblarida yozilmishdur.
Uch
dona qalqon, olti dona nayza, ikki dona dubulg‘alari bor edi. Minarlik ulovlardan
yetti ot, olti xachirlari bo‘lib, bular ichida bir oq xachir Misr podshosi Muqovqis yuborgan
hadyalar bilan kelmish edi. Rasululloh safarda shuni ko‘proq minar edilar.
Bul xochir
uzun umr ko‘rib, tishlari tushib, ko‘zlari xiralashib yashamish edi. Hazrati Ali xavorijlar
bilan urushganida shu xachirni mingan edilar. Hazrati Alidan keyin imom Hasan, imom
Husan, imom Muhammad Hanafiya mingan edilar.
Yana ikki eshaklari bor edi. Birining oti Ya’fur, yana birisi Ufayr edi.
Rasululloh
vafotlaridan so‘ngra Ya’fur o‘zini quduqqa otib halok qildi. Yana minish uchun boqilgan
uchta tuyalari bo‘lib, ular Qasvo, Jad’o, Azboa deb atalmish edilar. Bular ichida Azboa
bek chopog‘on — yuguruk bo‘lib, poyga chopishganida tuyalar hech oldiga o‘tmagan edi.
Sahobalar muni poygaga qo‘shar edilar.
Rasulullohning vafotlarida
shu tuyalari motam tutib, yemay-ichmay, oxiri ochlikdan
halok bo‘ldi.
Rasululloh ichimliklar ichida sutni yaxshi ko‘rar edilar. Sog‘ishga atalgan bir necha qo‘y-
echkilari ham bor edi. Bu haqda yettidan yuzgacha rivoyat qilinmishdir. Tun saharlarida,
namoz vaqtlarida qichqirganini yaxshi ko‘rib, bir dona oq xo‘roz ham asragan edilar.
— Xo‘roz qichqirganini eshitsanglar, Allohdan yaxshilik so‘rab
duo qilinglar, chunki u
farishtalarni ko‘rib qichqiradi. Agar farishtalar «omin» desalar, duo qabul bo‘ladi.
Agar eshak hangrasa, unda Xudodan panoh so‘ranglar, u ersa shaytonni ko‘rib
hangraydi, — dedilar.
Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umrlarining oxirida qo‘llaridagi bor
mollari shu edi. Bular ham hijratdan keyin yig‘ilgan mollardur. Hijratdan ilgari Makkada
turgan chog‘larida va Madinaga
yangi kelganlarida eng faqir, eng miskin oilalar qatorida
umr o‘tkazur edilar. Ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatgan, o‘rgatgan yo‘llari ersa, Qur’onning
zohiriy shariat yo‘llari erdi. Lekin o‘zlari oilalari bilan tariqat yo‘lini tutdilar Abu Zar
G‘iforiy, Salmon Forsiy, Abu Dardo’ kabi xos sahobalariga
ham ixtiyoriy ravishda shu
yo‘lni o‘rgatdilar. Chunki shariat kamoli tariqat bilan bo‘lur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Mening ulamo ummatlarim Bani Isroil payg‘ambarlari kabidur, — dedilar.
Shu maqomga yetgan bu ummatning haqiqiy chin ulamolari ham shu yo‘lni ixtiyor
qildilar, chunki Qur’onda: «Innama amvalukum va avladukum fitna», ya’ni: «Sizlarning
molinglar, bola-chaqanglar Xudodan qoldiradigan narsalardur», deb marhamat qilingan.
Endi shunday bo‘lgach, bu fitnadan qutulish uchun Rasululloh yo‘liga kirib, aytgan
so‘zlariga amal qilishdan boshqa chora yo‘qdur. Chunki Alloh taolo Payg‘ambarimiz
haqida «Butun olam xalqiga rahmat yetkazish uchun seni yubordik», dedi.
Rasulullohning ko‘rsatgan yo‘lidan boshqa hamma joyda rahmat eshigi yopiqdur. Olam
halqi Allohning rahmatiga Rasulullohning keltirgan Islom yo‘li bilan yeta olgaylar.