NAXA’ QABILASINING ELCHILARI Naxa’ qabilasi Yaman viloyatida yashaydigan katta bir qabiladur. Arabistonda
Rasulullohga kelgan elchilarning eng so‘ngisi edilar. Bular kelmasdan ilgari
Rasulullohning elchilari Mu’oz ibn Jabal Payg‘ambarimizning nomalarini topshirib, ularni
dinga da’vat qilmish edi. Butun qabila u kishi qo‘lida musulmon bo‘lgan edi. So‘ngra
boshliqlaridan ikki yuz kishini elchi qilib, Rasululloh oldilariga yubordilar. Rasululloh bilan
ko‘rishgach, ular ichida Zurora ibn Amr degan bir kishi:
— Yo Rasulalloh, men ersam shu yo‘li safarimda kelayotib bir tush ko‘rib, undan ko‘p
taajjubda qoldim, — dedi.
Rasululloh:
— Nima ko‘rding? — deb so‘radilar.
Ul aytdi:
— O‘zimni qabila ichida bir urg‘ochi eshakni minib turganimni ko‘rdim. Shu chog‘da ul
eshak tug‘di, qarasam bir ola echkining bolasini tug‘ibdur. Eshakdan echki bolasi
tug‘ilganini ko‘rib, hayron qolib turdim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Uyingdagi xizmatchi cho‘ri xotin sendan bo‘g‘oz bo‘lmishdur. Ul esa o‘g‘il tug‘mishdur,
sening o‘z bolangdur, — dedilar.
Ul aytdi:
— Yo Rasulalloh, nechuk ola bo‘lur?
Rasululloh sekingina uning qulog‘iga:
— Sen yashirib yurgan tanangda olang bordur, u narsa bolangda ko‘rilmishdur, —
dedilar.
Anda ul:
— Ulug‘ Alloh nomi bilan qasam qilurmankim, sen Allohning ulug‘ Payg‘ambari
ermishsan. Mendagi bu sirni hech kim bilgani yo‘q edi, senga Alloh bildirmishdur, —
dedi.
Elchilar haqida yozgan so‘zlarimizning eng oxiri shu yerga yetdi.
O‘qituvchi mo’minlarga yetarlik bo‘lg‘anlikdan qolganlarini ham qoldirmay yozmoqni ko‘p
lozim topmadim. Boshqalarini ham yozib, bu maqsad ustida kitobimni eng oxiriga
yetkizmagim uchun, ey ulug‘ Tangrim, ojiz qulingga o‘zing madad bergaysan, omin.