www.ziyouz.com kutubxonasi
335
O‘TTIZ YETTINCHI MO’JIZA Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rakona ibn Abdu Zaydni Makka ko‘chasida
yolg‘iz turganini ko‘rdilar. Bu ersa, Quraysh yigitlari ichida eng kuchlik, atoqlik
bahodirlardan edi.
Anga Rasululloh:
— Ey Rakona, endi iymon keltirgali vaqting bo‘lgandir. Agar xohlasang,
payg‘ambarligimga mo‘jiza ko‘rsatayin, — dedilar.
Yiroqdan bir tup yog‘och ko‘rinib turmish edi.
Rakona:
— Andog‘ ersa, o‘shal ko‘rinib turgan daraxtni chaqirgil, shundog‘kim, teng yarmi o‘z
o‘rnida qolsun, qolgan yarmi ersa kelib, sening payg‘ambarligingga guvohlik bersun, ana
shunda iymon keltirgayman, — dedi.
Anda Rasululloh daraxtga qarab ishorat qildilar. Yarmi kelib Rasulullohga salom berdi.
— O‘z o‘rningga qayt, — deb yana ishorat qildilar ersa, daraxt qaytib borib yarmiga
yopishdi.
Bu mo’jizani rivoyat qilguvchi sahoba aytur:
— O‘shal daraxtni ko‘rdim, yopishgan o‘rni uzun ip tortib qo‘ygandek bo‘lib bilinib
turibdur.
Bu ulug‘ mo’jizani Rakona ko‘rdi ersa, ul aytdi:
— Bu ish sirrini men bila olmadim. Kel endi, ikkovimiz kurashaylik. Agar sen meni yiqitur
bo‘lsang, bir qo‘ra qo‘yim bor, uning yarmini senga berayin.
Shu bilan ikkovlari kurashdilar ersa, Rasululloh uning belini ushlashlari hamon ko‘tarib
yerga urdilar. Kuch-quvvatdan butunlay ajralmish edi, sharmanda bo‘lib o‘rnidan
turgach:
— Ey Muhammad, armonim qolmasin, yana bir marta kurashaylik, — dedi.
Yana kurashgach, qo‘l uchlari tegishi bilan yiqilib, nima deyishini bilmay, hayron qolib
turdi. So‘ngra aytdi:
— Ey Muhammad, Quraysh majlisiga borib qolsang, ularga nima aytursan?
— Rakonani yiqitib, uning yarim molini yutib oldim, deydurman, — dedilar.
Rakona:
— Yo‘q, andog‘ aytmagil. Bu ish men uchun qattiq nomusdur. Hadya qilib berdi, degil, —
dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Qandoq yolg‘on gapira olurman?
Anda ul:
— Hech yolg‘on so‘zlamasmusan? — dedi.
— Albatta so‘zlamaydurman, — dedilar Rasululloh.
So‘ngra Rakona:
— Endi aniq bildim, sen Allohning haq payg‘ambari ekansan, — deb darhol iymon
keltirdi. Raziyallohu anhu.