QIRQ TO‘RTINCHI MO’JIZA Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zotur Riqo’ g‘azotidan qaytib kelayotganlarida
Subayh degan kishi Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishgali keldi. Bu ersa Bani Muhorib
qabilasining raisi edi. Bir otga minib, bir tuyani yetaklagan holda Rasululloh qoshig‘a
kelib:
— Ey Muhammad, sen Xudodan kelgan payg‘ambar emishsan. Agar shu so‘zing chin
bo‘lsa, bu minib turgan biyamning qornidagi quluni erkakmi, urg‘ochimi, aytib ber, —
dedi.
— G‘aybni Alloh bilur, — dedilar.
— Muni bilmas ersang, yomg‘ir qachon yog‘ar, men ertaga nima ish qilurman, qaysi
yerda o‘lurman — shulardan menga xabar bergil, — dedi.
Shu chog‘da Allohdan bu oyat keldi:
— «Innalloha indahu ilmus-so’ati va yunazzilul g‘oysa va ya’lamu ma fil arhomi va ma
tadriy nafsun maza taksibu g‘odan va ma tadriy nafsun biayyi arzin tamut».
Ya’ni, «Qiyomat qachon bo‘lishini Alloh biladi. O‘zi xohlagan chog‘da yomg‘ir yog‘dirur,
hayvon yotqusida (bachadonda) nima bor, o‘zi bilur, ertaga nima ish bo‘lishini, qaysi
joyda o‘lishini hech kim bila olmas», demakdur.
Buni anglagach, ul adabsiz:
— Ey Muhammad, sening Xudoyingdan menga bu tuyam yaxshiroqdur.
Anda Rasululloh:
— Menim Parvardigorim o‘zimdan, jonimdan, bola-chaqalarimdan menga sevikliroqdur,
— deb darhol boshlarini sajdaga qo‘ydilar.
So‘ngra boshlarini sajdadan ko‘tarib unga:
— Ey Muhorib, Alloh taolo menga shundog‘ xabar berdikim, sening yuzingga bir yomon
yara chiqib, po‘st go‘shtlaringni oqizib tushirgay. Ko‘p azob tortib shundan o‘lursan,
so‘ngra do‘zaxga ketursan, — dedilar.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Rasululloh aytganlaridek, uning yuziga bir yomon yara chiqib,
yuz-ko‘zlari oqib to‘kildi. Uning sassig‘idan kishilar qochib, yoniga yaqinlashmaydigan
bo‘ldilar. Muhammad bir so‘z demish edi, uning aytganidek bo‘ldi, degan bo‘lsa ham,
tavba qilib iymon keltirmadi va dunyodan shunday o‘tdi.