www.ziyouz.com kutubxonasi
338
Hammadan ilgari bu xabar zindonga yetgan edi. Bir kun Doniyol alayhissalom
zindonchiga:
— Sen borib podshoga yetkaz, ko‘rgan tushini men aytib berurman, ham uni ta’bir
qilurman, — dedilar.
Zindonboshi bu so‘zni Buxti Nasrga yetkurdi ersa, uni darhol kelturmaklarini buyurmish.
Podsho oldiga har kim kirsa unga sajda qilur erdi.
Doniyol alayhissalom uning qoshiga kirganlarida bu odatni qilmadilar. Buning bu
jur’atiga podsho ajablanib:
— Bu ishda bir sir bo‘lg‘aymu? — deb o‘yladi. Boshqa kishilarni tashqari chiqarib, so‘ngra
Doniyolga aytdi:
— Kishi qilmagan bir ish qilding. Nega menga sajda qilmay kirding? — dedi.
Anda Doniyol alayhissalom:
— Menim bir Tangrim bordur, tush ta’bir qilmoq ilmini menga ul o‘rgatmishdir. Agar
undan o‘zgaga sajda qilur ersam, bu ilmni mendan olib qo‘yg‘aymu deb qo‘rqdim. U
chog‘da sen ko‘rgan tushni topib yo‘ruyolmay qolsam, meni o‘ldirursan. O‘zing ham tush
ta’birini o‘ylab g‘amda qolursan. Har ikkovimizga ham foyda bo‘lg‘ay deb, sajda
qilmadim, — dedilar.
Bu so‘zni anglagandan so‘ngra Buxti Nasr:
— Endi esa menim oldimda sendan ortiq ishonchlik hech kishi yo‘qdur. Shuning
uchunkim, sen o‘z Tangring buyrug‘ini ching (qattiq) tutmish kishi ekansan. Menim
qoshimda eng yaxshi ko‘rilganlar shu sendek kishilardur. Ko‘rgan tushimning yo‘rimini
bilarmisan?, — dedi.
Anda Doniyol:
— Alloh menga bildirmishdir. Tushingda haykalga o‘xshash katta bir but ko‘rding. Aning
boshi oltindan, ko‘kragi kumushdan, qorni misdan, oyog‘i temirdan, tovoni sopoldan.
Sen uni ko‘rib, hayron qolib qarab turmish erding, shu orada osmondan gurullab bir tosh
tushib u butning boshiga shunday urdikim, ul parcha-parcha bo‘lib tuproqqa aralashib
ketdi. Shamol bo‘lsa uchirgudek bo‘lib, to‘zgani turdi.
So‘ngra sen u toshga qarab hayron bo‘lib turib eding, tosh yo‘g‘onlashib o‘sishga
boshladi, borgan sayin yo‘g‘onlashib, yer yuzini butunlay qopladi. Shundoqkim yer-
ko‘kda u toshdin bo‘lak hech biron narsa senga ko‘rinmay qoldi.
Anda Buxti Nasr:
— To‘g‘ri topding, xuddi shunday ko‘rmish edim. Endi aytgil, muning ta’biri nimadir? —
dedi.
Doniyol alayhissalom:
— Ul butning ta’biri yer ustidagi podsholardur, ularning qaysi birlari oltinga o‘xshaydur,
qay birlari kumushdek bo‘lur. Mis Rum podshosi erur. Temir Fors Xisravidur. Ikki sopol
tovon ikki xotun podshohdurkim, biri Rumga, ikkinchisi Fors ahliga podsho bo‘lgaylar.
Ammo osmondan tushgan tosh — bu bir dindurki, buning boshiga urib parchaladi. U din
oxirzamonda arablardan chiqadigan Islom dinidur, uni Rasululloh orqalik Alloh yuborur.
Bu din butun yer ustini qoplab, barcha dinlarni yengib, yolg‘iz o‘zi qolg‘ay. Ko‘rgan
tushingizning ta’biri shu bo‘lg‘ay, — dedilar».