www.ziyouz.com kutubxonasi
34
Har holda alarga yaxshilik qilurman,— dedi.
Bu so‘z so‘ngida muhojirlarni huzuriga chorlab, bir kishi yubordi. Kelishlari oldida
sahobalar o‘zaro yig‘ildilar. «Podshoh oldida diniy masalalardin so‘ralsa, qandoq javob
berilur va kim javob qilur?» degan so‘z ustida to‘xtaldilar. Oxirgi maslahatlari shul
bo‘ldiki, diniy savollarda Payg‘ambarimizdin qandoq eshitgan bo‘lsak, shundoq javob
beraylik, deyishib podshoh mukolamasi uchun ichlaridin hazrati Ja’far ibn Abu Tolibni
tayin qildilar. Shuning bilan barchalari podshoh devoniga hozir bo‘lishdi. Podshoh ham
diniy ruhoniylarini ushbu majlisga chaqirdi. Alar ham kelib podshoh atrofida Tavrot, Injil
kitoblarini ochib o‘tirdilar. Shu chog‘da muhojirlarga qarab podshoh:
— Sizlar tutgan yangi dininglarning asosi — haqiqatini bizlarga bayon qilinglar. Ota-
bobonglar yo‘lidin chiqib, o‘z dininglardin qandoq ajradinglar? Nechuk hozirgi kunlarda
mashhur bo‘lgan bizning dinimizga yoki boshqa dinlarning biroviga kirmasdin, u dinga
kirdinglar? — dedi.
Podshoh javobiga hozirlangan hazrati Ja’far dedi:
— Ey podshoh, biz arab xalqi uzun zamonlardin beri johillikda yashab yurgan bir toifa
edik. O‘zimiz yasagan butlarga ibodat qilur edik. Halol-haromni farq qilmay, o‘limtiklar
yer edik. Urush-talashlar, qon to‘kish, qaroqchiliklar bizlarning kasbimiz edi. Har turlik
buzuqchilik, xiyonat ishlar bizlarda ko‘p edi. Kuchliklarimiz kuchsizlarimizni bosib, yeyish
bizlarga odat edi. Mana shunday hol ila birmuncha davr o‘tkazdik. Oxirda Allohning
rahmati bo‘lib, o‘z ichimizdin bizlarga payg‘ambar chiqardi. Uning hasab-nasabi, aql-
farosati, sidq-omonati yoshligidin beri barchamizga ma’lum edi. U kelib bizlarni Allohni
bir bilmakka, yolg‘izgina o‘ziga ibodat qilmakka chaqirdi. Bizlarni ham ota-bobolarimiz
qilgan, oltin-kumushdin, tosh-tuproqdin o‘z qo‘llari bilan yasalmish butlarga sajda
qilishdin qaytardi. U bizni har ishda rostlikka, omonat saqlashga, siylai rahmni uzmasga,
qo‘shnilar haqqini bilishga buyurdi. Zulm-xiyonat qilishdin, urush-talash, nohaq qon
to‘kilishlardin, yolg‘on, tuhmat so‘zlashdin, barcha buzuqchilik, harom ishlardin, yetim
molini yeyishdin, umumiy insonlar huquqiga xiyonat qilishdan bizlarni qaytardi.
Allohning yolg‘iz o‘ziga ibodat qilmakka, anga hech kimni sherik qilmasga, kundalik besh
vaqt namoz o‘tashlikka, boy kishilar mollaridin kambag‘allarga zakot berishga, har yili
bir oy ro‘za tutishga, bor kishilar yo‘q kishilarga yordam qilishga, bulardin boshqa,
insonga foydalik barcha yaxshilik ishlarni qilishga bizlarni buyurdi. So‘ngra biz aning
so‘ziga ishondik, o‘ziga iymon keldirdik, Xudo tarafidin keltirgan narsalarni haq deb
bildik. Sheriksiz, yolg‘iz Allohga ibodat qildik, halolni halol, haromni harom deb bildik.
Mana shu sababdin qavmimiz bizga hujum qildilar. Bizni urdilar, qiynadilar, dinimizdin
qaytargali bizlarga ko‘p azoblar berdilar. Yana ilgarigi butparastlik, haromxo‘rlik,
xiyonatgarlik, har turlik buzuqchiliklarga bizlarni zo‘r bilan qaytarmoqchi bo‘ldilar.
Dinimizdin chiqarish uchun alarning bizlarga qilgan jabru jafolari, bizga ko‘rsatgan
zulmlariga qarshi mudofaa kuchiga ega emasligimizdin, har to‘g‘rida ulardin yengila
boshladik. O‘z elimizda himoyatimiz qolmadi. Nochor bo‘lib, o‘z yerimizdin qochib
chiqdik. Boshqa hech kimni xohlamay, barchadin sizni ortiq ko‘rib panohingizga sig‘inib
keldik. Endi, ey podshohim, shunday ahvolga qolib, sizning panohingizga sig‘inib
keluvchilar hech vaqt zulm ko‘rmagaylar, deb umid qilamiz, — dedi. So‘ngra Najoshiy:
— U payg‘ambarga Alloh yuborgan oyatlardin o‘qigil, eshitaylik, — dedi.
Anda hazrati Ja’far surai Maryam boshidin bir necha oyat o‘qidi. Tilovat ta’siridin
podshoh yig‘lab, soqollarini ho‘l qildi. Atrofida o‘tirishgan ruhoniy olimlar ham yig‘ladilar.
Keyin Najoshiy:
— Xudonnig zotiga qasam ichamanki, buning o‘qigan oyatlari, Isoning keltirgan Injil
kitobi har ikkovi bir chiroqdin chiqqan nurdek ko‘rinur, — dedi. So‘ngra ul ikki vakilga
qarab: