QIRQ SAKKIZINCHI MO’JIZA Rasululloh muborak og‘izlaridan nima so‘z chiqdi ersa, o‘shandoq bo‘lur yoki qutlug‘
qo‘llari bilan har qanday kasal odamni silasalar, darhol kasaldan tuzalar edi.
Bir kuni Madina atrofidagi iymonga kirmagan qabilalardan bir qancha kishilar zakotga
yig‘ilgan chorva mollarini talamoqchi bo‘lib, bosmachilikka keldilar. Buning xabari
Madinaga yetishi bilan hammadan ilgari Abu Talhaning otini minib yovga qarab
choptirdilar.
Bu ot ersa qashanglig‘i ustiga mudrovchi ham edi. Rasululloh minganlaridan keyin bu
jonivorga chopqirlik paydo bo‘ldi, boshqa otlar unga yetolmay orqada qoldilar. YOvni
qochirib qaytgandan keyin Rasululloh Abu Talhani ko‘rib;
— Sening bu oting mavj urgan daryodek chopar ekan, — dedilar.
Bu so‘zdan so‘ngra chopqirlikda uning oldiga hech bir ot tushmadi.
Yana bir safarda hazrati Jobirning mingan tuyasi charchab yurolmay qolib edi. Rasululloh
buni ko‘rib qo‘llaridagi tayoqchalari bilan tuyaning biqiniga: «Turgil!» deb nuqib qo‘ydilar
ersa, unga shundoq kuch paydo bo‘ldikim, hazrati Jobir uning boshiga ega bo‘lolmay
qoldi.
Shunga o‘xshash yana bir g‘azotda hazrati Juaylning mingan oti charchaganlikdan
yurolmay qoldi. Rasululloh kelib: «Tur, barakalloh», deb qamchilari bilan sekingina urib
qo‘ydilar ersa, ot irg‘ib turib, yurib ketdi. Shundan so‘ng uning tezligidan egasi tizginini
tortolmas edi. Bu otga baraka qo‘nib, muning bolalaridan sotib egasi o‘n ikki ming tilla
foyda topdi.
Mana bu ishlarning barisi Rasulullohning mo’jizalari erdi.