www.ziyouz.com kutubxonasi
348
musulmonlar Islom hokimiyatidan butunlay ajradilar.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
— Saqif qabilasidan ikki kishi chiqqay: biri yolg‘onchi, ikkinchisi qonxo‘r.
Tarix olimlarining aytishicha, Saqif qabilasidan chiqqan bu ikki kishi Muxtor ibn Ubayd,
yana biri Hajjoj zolim edi. Rasulullohning aytgan so‘zlariga bu ikkovining qilgan ishlari
to‘ppa-to‘g‘ridur.
Ansor sahobalardan hazrati Hanzala Uhud urushida shahodat topdi. Shariat hukmida
junub bo‘lmasa, shahid bo‘lgan kishi yuvilmas edi.
Rasululloh:
— Farishtalar Hanzalani bulut ustiga qo‘yib yuvayotganlarini ko‘rdim. Nima ishdur, uning
holini xotinidan so‘ranglar-chi, u bilsa kerak, — dedilar.
Anda aning xotinidan sababini so‘ragani kelishdi ersa, xotini:
— Unga g‘usl lozim bo‘lib, bajarmak uchun o‘rnidan yangi turganida Rasulullohning
chorloqchisi keldi. G‘usl qilgunimcha kechikib qolurman, deb shoshilganicha qilichini olib
ketgan edi, — dedi.
Qarasalar, yangi yuvgandek Hanzalaning sochlaridan suv oqib turibdur. Rasululloh
Sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek uni farishtalar yuvgani ma’lum bo‘ldi, qaytadan
yuvishga buyurmadilar.
Rasululloh:
— Oxir zamonda mening olim ummatlarim o‘lib-o‘lib tugagaylar. Din ilmi yerdan
ko‘tarilg‘ay, olimlar o‘rinlarida ilmsiz johillar o‘ltirgaylar. Avomlar ersa din yo‘lini
shulardan so‘ragaylar. Alarda ilm bo‘lmagach, xato javob berib, o‘zi yo‘ldan ozib,
boshqalarni ham yo‘ldan ozdirgaylar. Shu bilan oxiri iymon Madinaga qarab qochar, —
dedilar.
Mana ko‘p yillardan beri bu ish davom etib kelmoqda. Hozirgi kunlarda esa naq shuning
ustida turamiz.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrati imom Hasanni yoshligida erkalatib:
— Bu mening o‘g‘lim ulug‘ darajalik sayyiddur. Musulmonlar orasida mendan keyin
chiqqan fitnani shu o‘g‘lim bosgay. Buning himmati bilan ikki musulmon qo‘shinni qonlari
nohaq to‘kilishidan saqlagay, — dedilar.
Rasululloh aytganlaridek, hazrati Ali shahodat topgandan keyin, otalari o‘rnida olti oy
xalifa bo‘lib turdilar. U kunlar hazrati Muoviya Shom viloyatiga amir edi. Imom Hasandan
xalifalikni olish uchun ustiga Shomdan qo‘shin tortib keldi. Eron askarini olib imom
Hasan qarshi chiqdilar. Har ikkala tarafdan bir yuz ellik mingdan askar bor edi. Mana shu
chog‘da imom Hasan qon to‘kishdan saqlanib, xalifalikni o‘z ixtiyori bilan Muoviyaga
topshirdi.