RASULULLOHNING AXLOQLARI Payg‘ambarimizning axloqlari haqida onamiz Oishadan sahobalar so‘radilar.
Anda ul muhtarama:
— Xulqlari Qur’ondir (ya’ni, Qur’on ko‘rsatgan yaxshi axloqlarning hammasi Rasulullohda
bor edi),— dedilar.
Alloh taolo Rasulullohni axloqlarini o‘zi maqtab Qur’onda shu oyatni keltirdi: «va innaka
laala xuluqin azimin», ya’ni: «Sening xulqing ko‘p yaxshi, nihoyat ulug‘dir». Qisqasi
shulki, Xudo yaratgan insonlardagi yaxshi sifatlarni kamoli bilan Rasulullohga ato qilmish
edi. Ilmda, sabrda, sahovat, shijoat, adolatda kamoliga yetgan edilar. Shu sifatlardan
birortasiga kishi ega bo‘lar ekan, uning nomi chiqib olamga mashhur bo‘lmishdur.
Shundoqki, saxovatda Xotamning, adolatda Nushiravonning nomlari ko‘tarildi. Bulardan
birisi adolatga, ikkinchisi saxovatga ega bo‘lmish edilar. Ammo Rasululloh Xudo yaratgan
oliy sifatlarning barchasiga ega edilar. Chunki, Alloh taolo bu zotni butun olamga
payg‘ambar qildi. Shundoq ulug‘ xizmatni bajarish uchun bu zotni komil qilib yaratdi.
«Va allamaka ma lam takun ta’lam. Va kana fazlullohi alayka azima», ya’ni: «Bilmagan
narsalarni Alloh senga bildirdi. Xudoning fazl karami senga nihoyat ulug‘dir».
Bu oyatning mazmuniga qaralsa, Qur’onga iymon keltirgan har bir odam
Payg‘ambarimizning daraja va martabalari Xudo oldida qandoq ulug‘ ekaniga yaxshi
tushunadi. Allohning bandalariga bergan ne’matlari ichida eng ulug‘i aqldur. Bu ulug‘
ne’matni Xudo yaratganicha Rasulullohga berib, shu aql ne’mati orqalik butun fazli
kamolga ega bo‘lib, ikki dunyo davlatiga ummatlarini erishtirmakka yo‘l ko‘rsatdilar.
Xohi diniy, xohi dunyoviy har bir ishda kishilarning o‘zlariga qarab, aqliga yarasha
muomala qilar edilar. Alloh taolo xalqni ichki va tashqi sifatlarini qoldirmay Rasulullohga
bildirgan edi. Shunga ko‘ra ularga tarbiyat berar edilar, chunki bandalarning Xudo
dargohiga loyiq bo‘lishlari uchun shaytoniy sifatlardan ularni pok qilib, hayvoniy
sifatlarini isloh qilish lozimdur. Bu illatlarning tabibi, birinchi, payg‘ambardur. Xudo
tarafidan keltirgan ruhoniy dorilari bilan insonlarning ichki-tashqi kufr, nifoq dardlariga
davo qila oladilar. Payg‘ambarlardan so‘ngra avliyolar, haqiqiy olimlar bu xizmatni
bajaradilar.
Butun insonlarning hayot kechirishlarida ham zohiriy, ham botiniy, axloqlarini tuzatish