www.ziyouz.com kutubxonasi
106
«Mehmon keldi», deb otimni ushladi. Chodir ichida o‘t tutatib o‘ltirishgan uch to‘rt kishi
esa, turk xalqi odatlaricha do‘stlik ko‘rsatib, meni to‘rga chiqarishdi. Ahvolga loyiq
yegudek ovqatlarini keltirib, birga o‘ltirishdi. Uch kunlik dahshatlik safarimdan beri
og‘zim oshga tegmagan, do‘st kishilar yuziga ko‘zim tushmagan edi. Shunga ko‘ra,
o‘zimni bularning aziz mehmoni hisoblab rohat uyqusi bilan kechani o‘tkazdim.
Tong otib choy vaqti bo‘lib edi, har tarafdan chiqqan bir necha savdogar eshakchilari
Kucharga qaytmoqchi bo‘lib shu yerga yig‘ilmish edilar. Men ham bularga qo‘shilib,
yo‘ldosh bo‘ldim. Men adashgan Quyqun tog‘larini o‘ng qo‘lda qoldirib, Qo‘naqay
tog‘larini oralab, Kucharga qarata yo‘lga tushdik.
Birinchi qo‘nalg‘uni Kuchar savdogarlarining chodir uylarida o‘tkazgan bo‘lsak ham,
orada uch kungacha o‘zlari mo‘ljallab olishgan tog‘u tosh dalalarida yotishga to‘g‘ri keldi.
Yaxshiyamki, shu orada yog‘in sochin bo‘lmasdan turdi. Yemak ichmaklarimiz mo‘l
bo‘ldi. Tog‘ sovug‘ini yog‘ qaytaradi deb, har kuni kechqurin safar boshlig‘imiz yog‘liq
palov qilishga buyurur edi. Uchinchi kun Ayg‘iroshuv degan dovondan o‘tib, Ko‘l degan
joydagi saroyga kelib tushdik. Lekin, shu yerga kelguncha yolg‘iz oyoq yo‘ldan boshqa
hech narsa ko‘zga ko‘rimas edi.
Bu yerda 30 40 uylik To‘qmoq, Pishpek atrofidagi Sulta, Sarbag‘ish qirg‘izlaridan
qochib kelgan bir yurtlik kishilar bor deb eshitdim. Ular bilan ko‘rishib so‘zlashmoqqa
qiziqqan bo‘lsam ham, yo‘l usti bo‘lib, yo‘liqolmay qoldim. Ertasi kun Ko‘l saroyidan
chiqqanimizcha yurib o‘ltirib, Qirg‘izoshuv degan dovon ustiga chiqdik. Qarasam, bu
dovon cho‘qqisi ikki yoqdagi egiz tog‘ toshlari bilan qisilib qolgan torgina bir yo‘l ekan.
Shuning uchun marhum Yoqubbek otaliq Oltishahar Uyg‘uriston hukumatini qurganda,
Kuchar xalqini Yulduzdagi To‘rg‘ovut qalmoqlari hujumlaridan saqlamoq uchun bo‘lsa
kerak, bu yerni chegara hisoblab, katta^ qarag‘ay, og‘ir toshlar keltirib cheb
bog‘lamishdur. O’z davriga ko‘ra takdirlanarlik ish bo‘lganlikdan, marhumni fotiha bilan
eskarib o‘tdim.
Shu kuni kechqurin Saksonkechik va Qirg‘izoshuv o‘rtalig‘ida yana Yoqubbek
tomonidan chegara soqchilari uchun qurilgan kattagina bir qo‘rg‘on harobasiga kelib
tushdik. Bu esa, ot uloqlari, qo‘rxona oshxonasi bilan ikki uch yuz kishiga joy bo‘lg‘udek
kenglikda ko‘rinur edi. Uch-to‘rt yuz gaz egizlikdagi yerda askarlar uchun yasalgan
masjid harobasini ko‘rib, uni ziyorat qildim. O’z vaqtida yaxshigina san’at ko‘rsatib
yasalganligiga, peshtaq-mehroblaridagi qo‘l hunar qoldiqlari guvohlik bermokda edi.
Menga o‘xshash maqsadi qo‘lga kirmagan bo‘lsa ham, istiqbolidagi istiqloli uchun
kurashib, qurbon bo‘lgan o‘zbek o‘g‘li bir qahramondan qolgan asar bo‘lganligini
hurmatlab, mehrob tupgxjlarini ko‘zimga surtdim.
Uz vaqtiga ko‘ra marhumni, bir tomondan, taqdir-lagan bo‘lsam ham, ikkinchi
tomondan, tanqidiy qarashlarimdan o‘zimni saqlayolmadim. Yo‘q esa, o‘z zamonasiga
ko‘ra butun sharoit qo‘lga keltirilmish edi. Ikki qayta Londonga, ikki martaba Turkiya
sultoni Abdulazizxonga elchi yubormishdur. London elchilari birinchi borishda 12 ming,
ikkinchi borishida esa 24 ming farang miltig‘i olib qaytmish edilar. Bular esa zamonaviy
qurollarning oldi hisoblanganliqdan nafaqat xitoy qurollaridan, balki, o‘sha zamonda biz
ni bosib olgan rus qurollaridan ham ortiqroq edi. Buning ustiga vaqtning ham qulayligi,
chunki Angliya bilan Rusiya davlatlari o‘rtasidagi raqobat keskinligi uzluksiz ravishda
o‘smoqda edi. Mana shu o‘xshash qulay fursatlar o‘tib, atrofda qarab turgan kuchlik
yordamchilar qo‘lda bo‘laturib, bulardan foydalanish yo‘llarini topolmadilar. Yana u
davrda butun Ovrupo davlatlari, islom chirog‘ini o‘chirish qasdida, islomiyat markazi deb
tanilgan Turkiya davlati ustiga hujum boshlamish edilar. Shunga ko‘ra, Xalifa hazratlari
qurollik kuch orqalik yordam yetkazolmagan bo‘lsalar ham, zamonga loyiq nizomiy askar
tayyorlash uchun olti nafar harbiy zobitlarini qurol-yaroqlari bilan yuborgan edilar. Bular