www.ziyouz.com kutubxonasi
25
sahifalariga dahshatli zulm xatlarini yozmish tarixchilar, bu kabi fojialarni hech qachon
unutmaydilar. Xalq ko‘zini qo‘rqitib, ularga dahshat solish uchun, bir tomondan, otish
chopish boshlangan bo‘lsa, ikkinchi yoqdan, o‘t qo‘yib, butun shahar bozor rastalarini
kuydirmish edilar. Bu voqeadan besh olti yil keyin Xo‘qandga borganimizda buzilib
vayron talqoni chiqqan ko‘p imoratlarni, kuydirilgan bozor rastalari o‘rnida to‘dalanib
yotgan hisobsiz kultepalarni ko‘zimiz ko‘rdi.
Mana shu Ho‘qand (Turkiston) muxtoriyat hukumati a’zosi Og‘aev, yuqorida
aytganimizdek, polyak musulmonlaridan edi. Chor hukumati yiqilgan so‘nggida Polsha
boshliq butun Boltiqbo‘yi millatlari o‘z huquqlariga ega bo‘lib, muxtoriyat olmish edilar.
Bunga tushunib haq talab qiluvchi va ham bu ishni boshqaruvchi bizning o‘lkamizda
kishilar kamligini bilgan musulmon ziyolilarining.diniy hislari qo‘zg‘alib, Turkistonda
qardoshlarining birinchi martaba yangidan qurilayotgan yosh davlatlariga yordam
yetkazish uchun u kishini yubormish edilar. O’zi yurist bo‘lib, chor hukumatiga qarshi
musulmon polyaklarining milliy inqilobchilaridan edi. Ho‘qandga kelishi bilanoq oz ko‘p
tushungan kishilar buni takdirlab, yangi qurilayotgan milliy muxtoriyat hukumati
raisining o‘rinbosari saylamish edilar.
Bu kishi butun ishlarni tartibga solib endigina ishga kirishayotgan chog‘ida, balo
qazodek kelib bolsheviklar bosdilar. Qochishga ulgurgan kishilar qutulgan bo‘lsa ham,
ulgurolmagan a’zolardan qo‘lga tushgan baxtsizlar ham oz emas edi. Ana shu biz
baxtsizlarga yordam berish uchun oilasi, Vatani, balki butun baxti taxtidan kechib kelgan
polshalik din qardoshimiz yerlik baxtsizlar qatorida qo‘lga tushib, biz uchun qurbon
bo‘ldi.
Eshitishimcha, bularning vahshiylik maslagidan xabari yo‘q bo‘lishi kerak. «Butun
dunyo bo‘ylab har yerdagi insonlar o‘z huquqlariga erishayotgan XX asr davrida o‘tgan
vahshiylarcha otish chopish bilangina ish olib bormasalar kerak, bular bilan ko‘rishib
so‘zlashaylikchi, maqsadlari nimadur? Uni bilaylik», deb yuristlik qilib, huquqshunoslik
yo‘li bilan bu yirtqichlarga so‘z o‘tkazmoqchi bo‘lib, qo‘lga tushmishdir. Yo‘q esa, boshqa
jon qutqazgan «botir»lar kabi fursatdan foydalansa, qochib qutulishi mumkin edi.
Bu qahramon qo‘lga olingandan so‘ngra shundayin xorlik, zulm ostida turishdan
o‘limni ortiq ko‘rib, ochlik bildirmishki, bu kabi eng so‘nggi dahshatlik choradan insoniyat
olamida foyda berishi kutilur edi. Bular oldida e’tiborsiz bo‘lganlikdan o‘n besh kunlab
och qoldirilmishdur. Aqli ozib, o‘lar holga kelganda boshqa yoqqa olib ketganlar. Undan
keyingi taqdiri bizga noma’lumdir. Insonlar huquqi himoyasi uchun qurbon bo‘lib,
shundayin olijanoblik ko‘rsatgan bu qardoshimizga butun insoniyat tomonidan yolqinlik
ko‘nglimdan chiqargan tashakkurimni bildirgan so‘nggida, uning muqaddas ruhiga
abadiy rahmatlarimni yo‘llayman. Bu kabi insoniyat qahramoni, haqlik qurboni bo‘lmish
kishining xizmati ko‘milib ketmasligi uchun, vijdonim talabicha bu o‘rinda oz bo‘lsa ham
yozib qoldirishni burchim deb bildim.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Endi shuni bilmak kerakkim, Kur’onning hukmiga, Rasulullohning yo‘liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, o‘z Vatanini boshqalar tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolgon musulmonlardan ilm, fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta, ortiqdur. Butun Uyg‘uristonni qoplagan shu o‘xshash ongsizlik ofatini ko‘rgach, u yerdan
umidim uzilib, nochor, yangidan o‘t olayotgan fitna o‘chog‘i ichidagi o‘z yurtim
To‘qmoqqa qaytib keldim. Qarasam soyasidan qo‘rqqan quyondek har yerda qochib pisib
yurib kun ko‘rayotgan haqsiz kishilar ham oz emas ekanlar. Shular qatorida men ham
shahardan chetroq Sho‘rtepa degan tungonlar qishlog‘ida turib, dehqonchilik bilan kun
kechirmoqchi bo‘ldim. Marhum otamiz nasihatlaricha imom bo‘lishdan saqlanib, bir ikki