www.ziyouz.com kutubxonasi
114
mashinadan tushadi! Oradan besh minut o‘tar-o‘tmas qarasam: qo‘limda chervon emas, narzan
shishasining qog‘ozi! — Shu yerga kelganda shofyor uyat so‘zlarni aytib so‘kindi. — Yana bittasini
Zubovskayaga eltib qo‘ydim. Uyam bir chervon berdi. Unga uch so‘m qaytardim. Tushib ketdi! Keyin
hamyonimga qo‘l tiqsam, u yerdan asalari uchib chiqib shartta barmog‘imni chaqib olsa bo‘ladimi!
Voy... — deb shofyor yana uyat so‘zlarni qalashtirib tashladi, — lekin chervon yo‘q. Kecha anavi
Vareteda (so‘kinadi) qandaydir maraz ko‘zboyloqchi chervon pullar sochib tomosha ko‘rsatganmish
(so‘kinadi).
Buxgalter o‘zini yo‘qotib, g‘ujanak bo‘lib oldi va «Varete» degan so‘zni endi eshitib turgandek
ko‘rsatdi o‘zini, lekin ichida: «Ana mashmasha!..» — deb qo‘ydi.
U o‘zi ko‘zlagan yerga yetib kelib, kira haqini beg‘alva to‘ladi-da, binoga kirdi va mudir kabineti
tomon koridordan jadal yurib borarkan, bemavrid kelganini payqadi. Tomoshalar komissiyasi idorasida
qandaydir bezovtalik hukmron edi. Boshidagi ro‘moli sirg‘alib ensasiga tushgan, ko‘zlari bejo kurer
ayol buxgalter yonidan yugurib o‘tdi.
— Yo‘q u, yo‘q, yo‘q, tasadduqlar! — deb qichqirardi u allakimlarga, — kamzul-shimi bor, ammo
kamzulda hech vaqo yo‘q!
Ayol qaysiyam eshikka kirib ketdi, shu zahoti uning orqasidan idishlarning chil-chil singani
eshitildi. Sekretar xonasidan komissiyaning birinchi sektori mudiri yugurib chikdi, buxgalter uni
yaxshi tanirdi, ammo u shu qadar asabiy ediki, buxgalterni tanimadi va shu ketgancha dom-daraksiz
g‘oyib bo‘ldi.
Bu voqealardan qattiq larzaga kelgan buxgalter komissiya raisi kabinetining dahlizi bo‘lmish kotiba
xonasiga kirdiyu butunlay dong qotib qoldi.
Eshigi yopiq kabinetdan dag‘dag‘ali ovoz eshitilardi. Bu, shubhasiz, komissiya raisi Proxor
Petrovichning ovozi edi. «Bitta-yarimtasini rosa tuzlayapti shskilli?» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi
gangib qolgan buxgalter va atrofiga ko‘z tashlab boshqa bir manzaraning shohidi bo‘ldi: Proxor
Petrovichning shaxsiy kotibasi — sohibjamol Anna Richardovna ustiga teri qoplangan kresloda
oyoqlarini xonaning naq o‘rtasigacha uzatib yuborib, boshini orqa suyanchiqqa tashlagancha qo‘lida
jiqqa ho‘l ro‘molcha bilan yum-yum yig‘lab yotardi.
Anna Richardovnaning butun iyagi lab moyiga bo‘yalgan, pushtirang yonoqlaridan esa erigan
kiprik bo‘yog‘i qop-qora jilg‘a bo‘lib oqib tushardi.
Anna Richardovna xonaga odam kirganini ko‘rib, sakrab o‘rnidan turdi, buxgalterga tashlanib,
kamzuli yoqasidan changallab uni silkitarkan, chinqirib dedi:
— Xudoga shukur! Bitta bo‘lsayam topiliptiyu mard odam! Hamma qochib ketdi, xoinlar! Yuring
uning oldiga, nima qilishga hayronman! — Keyin o‘ksib-o‘ksib yig‘lagancha, buxgalterni kabinetga
sudrab kirdi.
Buxgalter kabinetga kirdi-yu, birini navbatda qo‘lidan portfeli tushib ketdi, miyasidagi o‘ylari
tamomila ostin-ustun bo‘lib ketdi. Buning sababi bor edi, albatta.
Ustiga salmoqli siyoxdon qo‘yilgan mahobatli yozuv stoli ortida quruq kostyumning o‘zi o‘tirar va
siyohga botirilmagan quruq pero bilan qog‘ozga nimalarnidir yozardi. Kostyum galstuk taqqan, uning
soat cho‘ntagidan o‘zi yozar ruchka chiqib turardi, ammo kostyum yoqasi ustidan na bo‘yin bor edi, na
kalla, shupingdek, kostyum yenglaridan ham qo‘l chiqmagan edi. Kostyum ishga qattiq
berilganligidan, atrofida yuz berayotgan to‘s-to‘polonni mutlaqo payqamas edi. Kostyum xonaga
kimdir kirganini eshitib, kresloga suyandi, shunda uning yoqasi uzra Proxor Petrovichning buxgalterga
juda yaxshi tanish bo‘lgan ovozi yangradi:
— Nima gap? Eshikka yozib qo‘yilgan-ku qabul qilmasligim haqida.
Sohibjamol kotiba buni eshitib chinqirib yubordi va kuyinib dedi:
— Ko‘rdingizmi? Ko‘ryapsizmi?! U yo‘q! Yo‘q! Qaytarib bering! Topib bering uni!
Shu payt kimdir kabinet eshigidan boshini tiqdi-yu, «voy» deb yuborib, juftakni rostlab qoldi.
Buxgalter tizzalari qaltirayotganini his qilib stulga omonatgina o‘tirdi, lekin portfelini yerdan ko‘tarib