www.ziyouz.com kutubxonasi
144
orqali oshxonaga uchib kirarkan. Janjallashayotgan ikki ayol tovush kelgan tomonga o‘girilishdi-yu,
qo‘llarida yuviqsiz qoshiq bilan serrayib qolishdi. Margarita ohista qo‘l cho‘zib, ikkala primusning
qulog‘ini burab, o‘tini o‘chirdi. Ayollar «voy» deb yuborib, og‘izlari ochilgancha angrayib qolishdi.
Lekin endi oshxona Margaritaning joniga tekkan edi, shu bois u yana tor ko‘chaga uchib chiqib ketdi.
Ko‘cha boshidagi (chamasi endigina qurilib bitgan) sakkiz qavatli muhtasham bino Margaritaning
diqqatini tortdi. U pastlab borib yerga qo‘ndi va imoratning old tomoni qora marmar bilan
qoplanganini, uning oynavand keng eshigi ichkarisida oltin hoshiyali furajka kiygan, tugmalari yaltiroq
darbon turganini, eshik tepasiga esa oltin harflar bilan: «Dramadab Uyi», deb yozilganini ko‘rdi.
Margarita, bu «Dramadab» degani nima ekan, deb o‘ylab, ko‘zlarini suzgancha yozuvga tikilib
qoldi. So‘ng cho‘tkani qo‘ltig‘iga qistirib, eshikni ochib ichkari kirarkan, bu raftori bilan darbonning
og‘zini ochirib qo‘ydi, ichkarida ko‘zi lift yonida devorga osilgan kattakon qora taxtaga tushdi. Bu
taxtaga kvartiralarning nomerlari va ularda yashovchilarning familiyalari oq harflar bilan yozilgan edi.
Bu ro‘yxatning eng teppasiga yozilgan: «Dramaturg va adabiyotchilar Uyi» degan yozuvni ko‘rgan
Margarita bo‘g‘iq ovoz bilan vahshiyona qiyqirib yubordi. U havoga ko‘tarilib, ro‘yxatdagi
familiyalarni diqqat bilan o‘qiy boshladi: Xustov, Dvubratskiy, Kvant, Beskudnikov, Latunskiy...
— Latunskiy! — deb chinqirib yubordi Margarita. — Latunskiy! Ie, bu o‘sha-ku! Ustani nobud
qilgan shu edi-ku.
Eshik oldida turgan darbon taajjubdan bir sakrab tushib, ko‘zlarini baqraytirgancha qora taxtaga
tikilib qoldi, u kutilmagan mo‘‘jizani: qanday qilib odamlar ro‘yxati dabdurustdan chiyillab
gapirganini tushunolmay garang edi. Margarita esa bu payt zinadan yuqoriga g‘izillab chiqib borarkan,
zavq-shavq bilan takrorlardi:
— Latunskiy — sakson to‘rt! Latunskiy — sakson to‘rt... Mana, chapda — 82, o‘ngda — 83, yana
bir qavat balandda, chapda — 84. Shu yerda u. Mana yozuv — «O. La-tunskiy».
Margarita cho‘tkadan tushdi, uning qizib ketgan tovonlari muzdak toshtaxta terilgan maydonchaga
tegib huzur qildi. U bir marta, keyin yana bir marta qo‘ng‘iroq qildi. Ammo hech kim eshikni ochmadi.
Margarita qo‘ng‘iroq tugmasini yanayam qattiqroq bosgan edi, kvartirani boshga ko‘tarib jiringlagan
qo‘ng‘iroq ovozini o‘zi ham eshitdi. Ha, MASSOLIT raisining tramvay tagida qolib o‘lgani va motam
majlisining aynan shu bugun oqshomga belgilangani uchun sakkizinchi qavatdagi 84-kvartiraning
egasi to o‘la-o‘lguncha marhum Berliozdan minnatdor bo‘lishi kerak. Tanqidchi Latunskiyning omadi
bor ekan. Shu omad uni mazkur juma kuni jodugarga aylangan Margarita bilan uchrashishdan qutqarib
qoldi!
Eshikni hech kim ochmadi. Shunda Margarita, yo‘l-yo‘lakay qavatlarni sanab o‘qdek pastga tushdi-
da, ko‘chaga yugurib chiqdi va tepaga qarab qavatlarni sanarkan, Latunskiyning derazalarini taxminlab
topdi. Binoning burchagida sakkizinchi qavatdagi beshta qorong‘i deraza, shubhasiz, o‘shaning
kvartirasi edi. Margarita shu taxmini bilan havoga ko‘tarildi va bir necha soniyadan keyin ochiq
derazadan qorong‘i xonaga kirdi, bu yerda oyning ingichkagina kumush yog‘dusi tushib turardi.
Margarita shu yog‘du yo‘lakdan chopib borib, vklyuchatelni paypaslab topdi. Yana bir daqiqadan
keyin butun kvartira yoritilgan edi. Cho‘tka bir burchakda turardi. Margarita uyda hech kim yo‘qligiga
ishonch hosil qilgach, zinaga chiqadigan eshikni ochib, undagi yozuvni tekshirdi. Yozuv o‘sha edi,
demak, Margarita o‘zi ko‘zlagan kvartiraga kirgan edi.
Ha, aytishlaricha, tanqidchi Latunskiy hanuzgacha bu mudhish oqshomni eslasa rangi quv o‘chib
ketarmish, hanuzgacha Berliozning nomini izzat-ikrom bilan eslarmish. Agar u uyida bo‘lganida, bu
oqshomning qanday mash’um va razil jinoyat bilan yakunlanishi mutlaqo mavhum bo‘lib qoldi.
Margarita oshxonadan salmoqli bolg‘acha ko‘tarib chiqqan edi.
Yalang‘och va ko‘rinmas jodugar o‘ziga taskin, tasalli berishga urinardi, qo‘llari betoqat titrardi. U
yaxshilab mo‘ljalga olib turib, royal klavishlariga bolg‘a urdi, royalning ayanchli nolasi butun
kvartirani bosib ketdi. Uning klavishlari o‘prilib, sirlari ko‘chib, har tomonga sachray boshladi. Royal
guldurar, ingrar, xirillar, jaranglardi. Uning sirlangan qopqog‘i xuddi to‘pponcha otilgandek «qars»