www.ziyouz.com kutubxonasi
100
nachora, unda biz darhol Sergey Gerardovich bilan vidolashmog‘imiz kerak! Istasangiz, teatrni tark
etishingiz mumkin, Sergey Gerardovich, — shunday deb artist shohona muruvvat qilipti.
Dunchil esa salobat va viqor bilan orqasiga o‘girilib, sahna ichkarisi tomon yura boshlapti.
— Yana bir minut sabr qilsangiz! — deb uni to‘xtatipti shunda konferanse, — vidolashishimiz
oldidan sizga programmamizda yana bir nomer ko‘rsatishga ijozat bersangiz, — shunday deb u yana
chapak chalipti.
To‘rdagi qora parda surilib, sahnaga bal ko‘ylagi kiygan yoshgina bir sohibjamol qiz qo‘lida oltin
patnis ko‘tarib chiqipti, patnisda konfet lentasi bilan bog‘langan qalin bir dasta pul va brilliant marjon
otganmishki, undan sahnaning har tomoniga damo-dam yashil, sariq, qizil uchqunlar chatnarmish.
Dunchil bir qadam orqasiga tisarilibdiyu rangi dokadek oqarib ketipti. Zal churq etmay qolipti.
— O‘n sakkiz ming dollarni va oltin pulda qirq ming turadigan bu marjonni, — deb tantanavor
e’lon qilipti artist, — Sergey Gerardovich Xarkov shahridagi o‘z ma’shuqasi — hozir siz bilan biz
ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan Ida Gerkulanovnaning kvartirasida saqlab kelganki, aslida bebaho,
ammo xususiy shaxs qo‘lida befoyda bo‘lgan bu ulkan boylikni topishda bizga lutfan ko‘maklashgan
Ida Gerkulanovnaga mingdan-ming rahmat aytamiz.
Sohibjamol qiz jilmaygan ekan, tishlari yaraqlab ketipti, uzun kipriklari bir yelpinib ko‘yipti.
— Ammo siz, — deb endi artist Dunchilga yuzlanipti, — garchi sirtingizdan xushfazilat odam
ko‘rinsangiz ham, aslida ochko‘z bo‘ri, badfe’l va uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansiz. Siz shu bir
yarim oy mobaynida ahmoqona o‘jarligingiz bilan hammani qoniga tashna qildingiz. Uyingizga
boravering endi, xotiningiz boshingizga soladigan jahannam azobi — qilgan jinoyatingizga monand
jazo bo‘la qolsin.
Shunda Dunchil bir chayqalib, yiqilib tushayozgan ekan, kimdir rahm qilib, qo‘ltig‘idan olipti.
Xuddi shu payt oldparda «shir» etib tushib, sahnadagilarning barini ko‘zdan yashiripti.
Nikonor Ivanovichning nazarida, zalni larzaga keltirgan gulduros qarsaklardan qandil chiroqlari
«lik-lik» sakray boshlaganday bo‘lipti. Oldingi qora parda yuqoriga ko‘tarilganda sahnada endi yolg‘iz
artistdan boshqa hech kim qolmaganmish. Yana boshlangan qarsak sadosini bo‘lib, artist zalga ta’zim
qilipti va shunday gap boshlapti:
— Dasturimizda qatnashgan boyagi Dunchil qiyofasida siz oddiy bir eshakni ko‘rdingiz. Axir
kecha men, maxfiy tarzda valyuta saqlash — g‘irt bema’nilikdir, deb aytish sharafiga muyassar
bo‘lgan edim-ku. Sizlarni ishontirib aytamanki, hech kim, hech qachon u valyutadan foydalana
olmaydi. Misol uchun o‘sha Dunchilni olaylik. U juda katta maosh oladi, hech narsaga muhtoj emas.
Uning shohona kvartirasi, xotini, yana sohibjamol o‘ynashi ham bor. Buni qarangki, valyuta bilan
qimmatbaho toshlarni hukumatga topshirib, har qanday ko‘ngilsizliklarni boshidan soqit qilish,
tinchgina, halovatda yashash o‘rniga, bu manfaatparast galvars oxiri hammaning ko‘zi oldida o‘z
oyog‘i bilan sharmandalik botqog‘iga botdi, siyloviga yana hali uyida boshida tayoq sinadigan bo‘ldi.
Xo‘sh, qani, kim topshiradi? Xohlovchilar yo‘qmi? Unday bo‘lsa, navbatdagi nomerimizda —
programmamizga maxsus taklif qilingan iste’dodli va taniqli dramatik artist Savva Potapovich
Kurolesov shoir Pushkinning «Xasis ritsar» fojiasidan parcha o‘qib beradi.
Nomi zikr etilgan Kurolesov bir zum ham kutdirmay, sahnada paydo bo‘lipti, bu egniga frak kiyib,
oq galstuk bog‘lagan, sochi ustarada olingan norg‘il va semiz odam emish.
U aftini burishtirib, qovoqlaripi uyipti-da, oltin qo‘ng‘iroqchaga qiyo boqqancha hech qanday
muqaddimasiz, g‘ayrioddiy ovoz bilan she’r o‘qiy boshlapti:
— Uyinqaroq yigit makkor fohisha qizning visolini intizorli kutgani kabi...
Shundan boshlab Kurolesov o‘zi to‘g‘risida ko‘p yomon gaplarni aytib beripti. Nikonor Ivanovich
qaysiyam bir baxti qaro beva xotinning yomg‘ir sharros quyib turganda zor-zor yig‘lab Kurolesovning
qarshisida tiz cho‘kkani, ammo sho‘rlikning nolalari berahm artistning ko‘nglini yumshatmagani
to‘g‘risida uning o‘z og‘zidan eshitipti. Nikonor Ivanovich to shu tushni ko‘rguniga qadar shoir
Pushkinning bironta ham asarini o‘qimagan bo‘lsa ham, uning o‘zini juda yaxshi bilardi, hatto uning