www.ziyouz.com kutubxonasi
135
Margarita Nikolaevna trolleybus o‘rindig‘ining qulay va yumshoq suyanchig‘iga suyangancha
Arbat bo‘ylab, ketib borarkan, goh o‘z xayollariga berilib ketar, goh o‘zidan oldingi o‘tirg‘ichda
pichirlashib o‘tirgan ikki kishining gaplariga quloq solardi.
Ular, gapimizni hech kim eshitmayaptimikin, degandek onda-sonda atrofga qo‘rqa-pisa nazar
tashlar ekanlar, qandaydir tuturiqsiz narsa to‘g‘risida gapirishardi. Oyna oldida o‘tirgan,
cho‘chqanikiga o‘xshagan ko‘zlari o‘tkir, gungursday keladigan baq-baqaloq odam yonidagi
jikkakkina qo‘shnisiga, tobut ustiga qora choyshab yozishga to‘g‘ri kelgani haqida gapirardi...
— Yo‘g‘-e, ishonmayman, — deb pichirlardi jikkak odam hayratlanib, — aql bovar qilmaydi
bunga... Xo‘sh, Jeldibin nima chora ko‘rdi?
Trolleybusning bir me’yordagi guvullashi fonida oyna oldidagi odamning ovozi eshitildi:
— Jinoiy qidiruv... g‘alvaning o‘zi... g‘irt mistika!
Margarita Nikolaevna o‘zi eshitgan bu uzuq-yuluq jumlalarni bir-biriga ulab, shunday taxminiy
ravonlik kasb etdi: bu ikki grajdanin bugun ertalab qaysiyam bir murdaning (uning kimligini tilga
olishmasdi) kallasini tobutdan o‘g‘irlab ketishgani haqida pichirlashishardi! Anavi Jeddibin deganlari
shuning uchun ham bezovta bo‘layotgan ekan. Trolleybusda pichirlashib borayotgan bu ikki odam ham
kallasi o‘g‘irlangan murdaga daxldor edilar.
— Kirib gul olishga ulgurarmikinmiz? — deb bezovta bo‘la boshladi jikkak odam, — soat ikkida
kuydirishadi dedingmi?
Nihoyat, tobutdan o‘g‘irlangan kalla haqidagi tuturiqsiz pichirlashlarni eshitish Margarita
Nikolaevnaning joniga tegdi, u tushadigan bekatiga kelganini ko‘rib xursand bo‘lib ketdi.
Yana bir necha daqiqadan keyin u Kreml devori poyiga qo‘yilgan skameykalardan biriga borib
o‘tirdi, bu skameykadan manej maydoni yaqqol ko‘rinib turardi.
Margarita charaqlab turgan quyoshdan ko‘zlarini suzib o‘tirarkan, bugun kechasi ko‘rgan tushini
eslardi, so‘ng u kun-bakun va soat-basoatiga bundan rosa bir yil burun xuddi mana shu skameykada
usta bilan yonma-yon o‘tirganini xotirlay boshladi. O‘shanda ham, xuddi hozirgidek qora sumkachasi
uning yonida, skameykada yotgan edi. Bugun uning yonida usta yo‘q edi, biroq Margarita Nikolaevna
u bilan xayolan suhbatlashardi: «Agar surgun qilingan bo‘lsang, nega o‘zing haqingda darak
bermaysan? Axir boshqalar xabar qilishadi-ku. Yo mendan ko‘ngling qolganmi? Yo‘q, bunday
bo‘lishiga hech ishonmayman. Demak sen surgunda o‘lgansan... Agar shu rost bo‘lsa, o‘tinaman, meni
ozod et, erkin nafas olib yashashimga imkon ber». Shundan keyin, Margarita Nikolaevna o‘ziga-o‘zi
ustaning tilidan javob qaytarardi. «Sen ozodsan... Nima, ushlab turibmanmi seni?» Keyin Margarita
e’tiroz bildirardi unga: «Yo‘q, bu javob emas! Yo‘q, sen mening xotiramdan ket, shundagina men ozod
bo‘laman».
Margarita Nikolaevnaning oldidan odamlar o‘tib turishardi. Bir erkak bu yaxshi kiyingan ayolga
ko‘z qirini tashladi-yu, uning go‘zalligi va yolg‘izligiga maftun bo‘lib, tomoq qirib qo‘ydi va
Margarita Nikolaevna o‘tirgan skameykaning bir chekkasiga omonatgina o‘tirdi. So‘ng o‘zini tutib
olib, luqma tashladi:
— Tabiiyki, bugun havo juda yaxshi.
Lekin Margarita unga shunday noxush qaradiki, u o‘rnidan turib jo‘nab qoldi.
«Mana senga misol, — derdi Margarita o‘z qalbining sohibiga xayolan yuzlanib. — Rost-da, nega
endi bu erkakni haydab yubordim» O‘zim zerikib o‘tirgan bo‘lsam, anavi shilqim ham binoyiday
ko‘rinadi, agar «tabiiyki» degan ahmoqona so‘zini istisno qilinsa. Nega endi men xuddi boyo‘g‘lidek
devor tagida sho‘ppayib o‘tiribman? Nega endi hayotdan chetga chiqarib tashlanganman?»
U qattiq qayg‘urib, boshini xam qiddi. Lekin shu payt boya ertalab sodir bo‘lgan intizorlik va
sarxushlik to‘lqini uning ko‘kragiga kelib urildi. «Ha, sodir bo‘ladi!» To‘lqin ikkinchi marta urildi, ana
shunda Margarita, uning ovozli to‘lqin ekanligini tushundi. Yaqinlashib kelayotgan do‘mbira va
ohangni sal buzib chalayotgan mis karnaylarning ovozi ko‘cha shovqini orasidan tobora aniqroq
eshitila boshladi.