www.ziyouz.com kutubxonasi
130
olgani bo‘lsa? O! Palto o‘g‘irlagani kelgan! — Shundan keyin u xalatining bir yengini yechgancha
dahlizga otildi, — Kseniya Nikitishna! — deb chinqirdi u ostonada turib, — qarang-chi, paltolar
joyidamikin?
Hamma palto joyida ekan. Lekin professor axiyri yo‘l-yo‘lakay xalatni yechib stol oldiga
yaqinlashdi-yu, birdan stol sathidan ko‘zini uzolmay, xuddi parket polga ildiz otganday tosh qotib turib
qoldi. Haligina etiketkalar yotgan yerda sut quyilgan likopcha, likopcha yonida sho‘rpeshona bir qora
mushukcha g‘aribona miyovlab turardi.
— Bu qanaqa bema’nigarchilik yana?! Axir bu... — professor gardanining muz bo‘lib qotib
qolganini his qildi.
Uning zaif va ayanchli chinqirig‘ini eshitib yugurib kelgan Kseniya Nikitishna, mushuk bolani
bironta patsient tashlab ketgan bo‘lishi kerak, professorlarnikida bunaqa hollar bo‘lib turadi, deb bir
zumda uni tinchitdi.
— Muhtojlikda yashashsa kerak, — deb izohlardi Kseniya Nikitishna, — bizda esa, har nechuk,
albatta...
Keyin, qaysi patsient tashlab ketdiykin, deb o‘ylay boshlashdi. O‘ylab-o‘ylab oshqozon yarasi bilan
kelgan kampirda to‘xtashdi.
— Albatta, o‘sha, — derdi Kseniya Nikitishna, — u bunday o‘ylagan bo‘lishi kerak: men-ku baribir
o‘laman, jonivor mushukchaga uvol bo‘ladi.
— Kechirasiz! — deb chinqirib yubordi Kuzmin, — sut-chi?! Sutniyam o‘sha kampir olib
kelganmi? Likopchaga nima deysiz?
— Sutni u shishachada olib kelgan-da, shu yerda likopchaga quygan, — deb izohladi Kseniya
Nikitishna.
— Nima bo‘lganda ham, olib chiqib keting mushukcha bilan likopchani, — dedi Kuzmin va o‘zi
Kseniya Nikitishnani to eshikkacha kuzatib qo‘ydi... U orqasiga qaytganida vaziyat yana o‘zgargan
edi.
Professor xalatini ilarkan, qulog‘iga hovlidan kimningdir xoxolab kulgani eshitildi, u derazadan
qarab, dong qotib qoldi. Bir xonim ko‘ylakchan holda hovlini kesib ro‘paradagi kichik uyga chopib
o‘tayotgan edi. Professor hatto u ayolning ismi-sharifini ham bilardi, — Mariya Aleksandrovna.
Xoxolab kulayotgan esa bir bola edi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi Kuzmin nafrat bilan. Shu mahal devor orqasida, qizining xonasida
patefonda «Alliluyya» fokstroti chalina boshladi, ayni shu fokstrot chalinayotgan paytda professorning
orqasida chumchuq chirqillagani eshitildi. U orqasiga o‘girilib, o‘z stoli ustida kattakon bir
chumchuqning dik-dik sakrab yurganini ko‘rdi.
«Hm... og‘ir bo‘lishim kerak... — deb o‘yladi professor, — men derazadan nari ketganimda uchib
kirgan bu chumchuq. Hammasi joyida», — deb ta’kidladi u o‘ziga o‘zi, garchi hech narsaning, asosan,
manavi chumchuq tufayli, mutlaqo joyida emasligini his qilayotgan bo‘lsa ham. Professor chumchuqqa
tikilib qararkan, uning oddiy chumchuqlardan emasligini darrov fahmladi. Bu yaramas chap panjasiga
oqsoqlanar, mazax qilib oyog‘ini sudrab bosar, xullasi kalom — patefonda chalinayotgan fokstrotga
xuddi peshtaxta oldida gandiraklab turgan mastga o‘xshab raqs tushardi. U har xil beadablik qilar,
professor tomonga sullohona baqrayib qarardi. Kuzmin qo‘lini telefonga uzatdi, u o‘z kursdoshi
Burega qo‘ng‘iroq qilib, oltmish yoshga kirgan odamning ko‘ziga bu qabildagi chumchuq ko‘rinsa,
boz ustiga, birdan boshi aylana boshlasa — bu nimadan darak? — deb so‘ramoqchi edi.
Bu asnoda chumchuq sovg‘a qilingan siyohdonga qo‘nib, uni axlati bilan bulg‘adi (gapim chin),
keyin uchib havoda bir oz muallaq turdi-da, o‘qdek uchib borib, universitetni 94-yilda bitirgan barcha
talabalar suratini qoplagan oynani go‘yo po‘latdek tumshug‘i bilan cho‘qib, chil-chil sindirdi, shundan
keyin derazadan «pir» etib uchib chiqib ketdi. Professor do‘sti Burega qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga,
zuluklar byurosining telefon nomerini terdi va o‘zining professor Kuzmii ekanligini aytib, darhol uning
uyiga zuluk yuborishlarini iltimos qildi.