www.ziyouz.com kutubxonasi
232
Margaritaga o‘girildi: — Margarita Nikolaevna! Siz usta uchun eng barkamol istiqbol kashf etmoqchi
bo‘lgansiz — biz bundan voqifmiz, illo, men sizga taklif qilmoqchi bo‘lgan maslahat, ayni paytda,
sizning nomingizdan siz uchun Ieshua iltimos qilgan narsa — yana ham yaxshiroq. Ular ikkovini o‘z
holiga qo‘ying, — dedi Voland usta tomonga engashib, prokurator yugurib ketgan tomonni
ko‘rsatarkan, — ularga xalal bermaylik. Ehtimol, o‘zlari biron bitimga kelishar, — shundan so‘ng
Voland Yershalaim tomonga qarab bir qo‘l siltagan edi, shahar chiroqlari so‘ndi.
— U yoqda ham, — deb Voland orqa tomonga ishora qildi, — nima qilasiz o‘sha podvalda? —
Shunda derazalarda aks etayottan oftob parchalari so‘ndi. — Nima hojati bor? — deb davom etdi
Voland qat’iy, ammo muloyim ohangda, — o xayolparastlar xayolparasti usga, nahot siz endigina
gulga kirgan olchalar tagida o‘z mahbubangiz bilan har kuni sayr qilib yurishni, kechqurunlari esa
Shubertning muzikasini tinglashni istamasangiz? Nahot shamlar yorug‘ida patqalam bilan asar yozish
sizga huzur bag‘ishlamasa? Nahotki siz Faustga o‘xshab yangi gumonkul' ixtiro etish niyatida regorta
ustida fikr yuritishni xohlamasangiz? O‘sha yoqqa, o‘sha yoqqa yo‘l oling. U yerda sizni o‘z uyingiz,
uyingizda keksa xizmatkoringiz kutmokda, shamlar yoqilgan, hademay ular o‘chadi, zero siz yetib
borgan zahotingiz tong shafag‘i sizni peshvoz chiqib kutib oladi. Mana bu yo‘ldan, usta, mana bu
yo‘ldan boring. Alvido! Men ketdim.
— Alvido! — deb baravar qichqirishdi Margarita bilan usta. Shunda qora ridoga o‘ralgan Voland
yo‘l qolib, to‘g‘ri borib tubsiz jar qa’riga quladi, mulozimlari ham uniig orqasidan jarga gumburlab
yiqilishdi. Shunda atrofdagi qoyalar ham, maydoncha ham, oydin yo‘lka ham, Yershalaim ham —
hammasi g‘oyib bo‘ldi. Qora otlar ham ko‘zdan yo‘qoldi. Shu payt usta bilan Margarita va’da qilingan
tong shafag‘ini ko‘rdilar. U shu onning o‘zida, yarim kechada, to‘linoy porlab turgan paytda boshlandi.
Usta o‘z mahbubasi bilan birga tongning ilk shu’lasidan bahramand bo‘lib, hammayog‘ini yo‘sin
o‘ragan tosh ko‘prikchadan o‘ta boshladilar. Jilg‘a oshiq-ma’shuqlar orqasida qoldi, endi ular qumli
yo‘ldan yurib ketdilar.
— Sukunatga quloq sol, — derdi Margarita, uning yalangoyoqlari ostida qum shuvillardi, —
hayotingda senga nasib etmagan narsa — sukunatni tinglab huzur qil. Qara, huv ana senga tuhfa
etilgan mangu makoning. Uning uch tabaqali derazasini, tomigacha ko‘tarilgan tok navdalarini
ko‘ryapman. Mana shu sening uying, mangu makoning. Bilaman, kechqurunlari oldingga o‘zing xush
ko‘rgan, seni qiziqtirgan va dilingni og‘ritmaydigan odamlar kelishadi. Ular sen uchun sozlar
chalishadi, qo‘shiqlar kuylashadi, shamlar yoqilganida xonangning qanday rangda ekanligini ko‘rasan.
Sen har kuni kechqurun yog‘i chiqib ketgan o‘sha abadiy qalpog‘ingni kiyib, lablaringda tabassum
bilan pinakka ketasan. Uyqu senga darmon beradi, sen dono mulohazalar yuritasan. Ammo meni endi
yoningdan quvib yubora olmaysan. Sening oromingni men muhofaza qilaman.
Shunday derdi Margarita usta bilan birga uning mangu makoni sari borarkan, ustaning nazarida,
Margaritaning so‘zlari hozirgina orqada qolgan jilg‘a singari ohista jildirayotgandek eshitilardi, shunda
ustaning xotirasi — behisob ukollarga bardosh bergan besaranjom xotirasi asta so‘na boshladi. Kimdir
ustani ozodlikka chiqarayotgan edi, xuddi uning o‘zi hozirgina o‘zi yaratgan qahramonini ozod qilgani
kabi. Mana, mangu yer qa’riga kirib ketdi o‘sha qahramoni — yakshanbaga o‘tar kechasi gunohi
kechirilgan munajjimzoda, Iudeyaning badqahr beshinchi prokuratori chavandoz Pontiy Pilat.