www.ziyouz.com kutubxonasi
5
Finikiya xudosi fammuz* to‘g‘risida ham, Marduk* haqida ham, hatto Meksikaning atstek xalqi uchun
bir zamonlar nihoyatda qadrli bo‘lgan, lekin unchalik nom qozonmagan badqahr xudo Vitsliputsli
haqida ham tobora ko‘proq va foydaliroq ma’lumotlar ola boshladi.
Mixail Aleksandrovich Vitsliputslining zuvalasini atsteklar xamirdan olganliklari to‘g‘risida
endigina hikoya qila boshlagan edi, xiyobonda bir odam ko‘rindi.
Keyinchalik (vaqt o‘tgandan keyin) har xil idoralar bu odamning qiyofasi haqida ma’lumotlar
berishdi. Ammo u ma’lumotlarning muqoyasasi kishini hayron qoldirardi. Chunonchi, birinchi
ma’lumotda o‘sha odamning pakana, tilla tishli va o‘ng oyog‘i oqsashi haqida xabar qilingan bo‘lsa,
ikkinchisida u odam bahaybat, tishiga platinadan qoplama qo‘ydirgan, chap oyog‘i oqsoq, deyilgan
edi. Uchinchi ma’lumotda: u odamning diqqatga molik hech qanday alomati yo‘q, deb lo‘nda qilib
yozilgandi.
E’tirof etish kerakki, bu ma’lumotlarning birontasi ham to‘g‘ri emas edi.
Birinchi navbatda: o‘sha nazarda tutilgan odamning na u, na bu oyog‘i oqsar, na pakana, na
bahaybat, hamma qatori norg‘ul edi. Endi uning tishlariga kelsak, chap jag‘ tishlariga platina
qoplangan, o‘ng jag‘idagi tishlari tilladan edi. U qimmatbaho kulrang kostyum kiygan, oyog‘idagi
xorij tuflisi ham kostyumi rangida edi. Kulrang beretini oliftalardek bir qulog‘i ustiga qiya qo‘ndirgan,
qo‘ltig‘iga baroq itning boshini eslatuvchi qora dumaloq tutqichli hassa qistirgandi. Ko‘rinishidan
yoshi qirqlardan oshgan. Og‘zi sal qiyshiqroq. Soqol-mo‘ylovi silliq qilib olingan. Qorasoch. Uning
o‘ng ko‘zi qora, chap ko‘zi esa negadir ko‘k edi. Timqora qoshlari past-baland — qisqasi, ajnabiy
odam edi.
U muharrir bilan shoir o‘tirgan skameyka oddidan o‘taturib, ularga ko‘z qirini tashladi, yurishdan
to‘xtadi va birdan ikki do‘stdan ikki qadam naridagi boshqa skameykaga o‘tirdi.
«Nemis», — deb o‘yladi Berlioz.
«Ingliz, — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Bezdomniy, — tavba, shu jaziramada qo‘lqopda yuripti-ya —
isib ketmasmikin?»
Ajnabiy kishi esa bu payt hovuzni kvadrat tarzda o‘rab olgan ko‘p qavatli uylarga qiziqsinib ko‘z
yugurtira boshladi, aftidan, bu joylarni u birinchi marta ko‘rayotgan edi.
U nigohini yuqori qavatlarning derazalariga qadadi, deraza oynalari Mixail Aleksandrovich bilan
mangu vidolashayotgan quyoshning siniq shu’lalarini o‘zida aks ettirib, ko‘zni qamashtirgudek
yaraqlardi: so‘ng pastki qavatlardagi shom cho‘kishi bilan qoraya boshlagan derazalarga ko‘z tashladi,
pimagadir miyig‘ida kulib qo‘ydi, ko‘zlarini suzdi, qo‘llarini hassaning dumaloq dastasiga, iyagini esa
qo‘llariga qo‘ydi.
— Sen, Ivan, — derdi bu payt Berlioz, — chunon-chi, xudo o‘g‘li Isoning tavalludini juda yaxshi
va satirik uslubda tasvirlagansan, lekin qizig‘i shundaki, Isodan oldin ham bir qator xudozodalar
tug‘ilgan — masalan, aytaylik, frigiyalik Attis" — ammo qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, ularning
birontasi ham, shu jumladan Iso ham tug‘ilmagan, shunga ko‘ra sen Isoning tavalludini, aytaylik, uni
ziyorat qilgani kelgan sehrgar munajjimlarni tasvirlash o‘rniga mazkur tavallud haqidagi dargumon
mulohazalar haqida yozishing kerak... Hozir esa sening bayon qilishingcha, u chindanam dunyoga
kelgan bo‘lib chiqyapti!..
Shu choq Bezdomniy damini ichiga yutib, bezor qilgan hiqichoqqa barham bermoqchi bo‘ldi, lekin
aksiga yurib uni yana alamliroq va qattiqroq hiqichoq tuta boshladi, bu payt Berlioz ham gapirishdan
to‘xtadi, chunki ajnabiy kishi birdan o‘rnidan turib, adiblar qoshiga yura boshlagan edi.
Ular bu notanish odamga taajjub bilan qarashdi.
— O‘tinaman, meni afv etgaysiz, — dedi begona kishi ajnabiylar talaffuzida, ammo so‘zlarni
buzmay, — sizga notanish bo‘laturib, suhbatingizga aralashganim uchun... Ammo ilmiy suhbatingiz
mavzui shu qadar qiziqarliki, kamina...
Shu o‘rinda u iltifot bilan boshidan beretini oldi, natijada ikki do‘st ham, noiloj, o‘rnidan turib,
unga ta’zim qildi.