O’tkan kunlar (roman).
Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
185
10. HASANALINING HIYLASI
Kishi ortiqcha qo‘rqqanda gangib a’zosi harakatsiz va og‘riq holga tushadirkim,
albatta
buni biz qattig‘ qo‘rqqandan deb bilamiz. Darhaqiqat, bizning qarshi-mizg‘a yo‘lbars
chiqsa, biz qattig‘ qo‘rqamiz, chunki bizni o‘lum kutadir, inson uchun dunyoda o‘lumdan
qo‘rqunch narsa yo‘q. Binoan alayhi biz bundagi qo‘rquvni tabiiy hisoblaymiz. Ammo
qizig‘i shundakim, bizni dunyo baxti kutkanda, bizga saodat
bashorati berilganda nega
biz o‘lum kutkandagi holga tushamiz va uzviy tashkilotimiz (o‘rganizmamiz) birinchidagi
holatni kechiradir?
Otabek ham hozir shu keyingi holatka tushkan edi. Erta bilandan boshlang‘an bu holat
Hasanalining ke-yingi so‘zi bilan tamom bir dahshat kasb etdi va hushsiz-larcha o‘lturib
qoldi.
Hasanali kirgandan so‘ng qilinadirg‘an muomalani ta’lim berdi:
— Onangiz bilan Zaynab anovi mojarolaringizdan xabarsizdirlar,
buni qayin onangiz
bilan kelinga ham uqdirib qo‘yg‘anman. Ular bilan so‘rashib, so‘zlashqa-ningizda, go‘yo
uch oydan berigina ko‘rishmaganlardek bo‘lingiz.
Otabek bo‘zarib entikdi:
— Ul-ku oson... — dedi.
— Qiyini qaysi?
— Shu choqg‘acha tushunmadingizmi?
Hasanali Otabekning yuziga uzoq tikilib qoldi...
— Yigit emasmisiz, ey barakalla.
— Yigitlik bilan yurakni to‘xtatish...
Hasanali ham o‘ylab qoldi. Darhaqiqat, Otabekning hozirgi holi nozik edi.
Hasanali bir
necha qayta bosh qashinib va soqol tutamlab o‘ylandi. Nihoyat, o‘zicha kulindi:
— To‘xtang bo‘lmasa,— dedi,— men bir ish qilayki...
— Nima ish qilmoqchisiz?
— Siz hozir so‘ramang, ammo shu daqiqadan boshlab ixtiyoringizni menga
topishtiring.
Otabek kuchlanib kuldi:
— Nima, axir? — deb yana so‘radi.
— So‘ramang, — dedi Hasanali, — siz
tinchkina tahoratingizni olib, namozingizni
o‘quy bering.
Hasanali shu so‘zni aytib mehmonxonadan chiqdi. Otabek Hasanali tarafidan tashir
etilgandek, turib tahorat oldi va mehmonxonaga kirib «tarobih» boshladi...
Oradan
yarim soat chamasi vaqt o‘tkan edi, Hasanali ichkaridan chiqib keldi.
Otabek esa hanuz ruku’da, sujudda edi.
— O‘qub bo‘lmadingizmi? — deb so‘radi darichadan.
Otabek yonig‘a salom bermasdan unga qaradi. Bu holga Hasanalining kulgusi qistab
kelsa ham, o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatti:
— Qani, men bilan yuring.
— Qayoqqa yuraman.
— Ichkariga.
— Tag‘inmi?
Hasanali kuldi:
— Endi kirsangiz bir martaba bo‘ladir, — dedi. — Siz... hozir o‘rta yo‘lakdan sekingina
manim uyimga kirasiz... Xotinlar namoz o‘qub yotibdirlar, sizni hech kim ko‘rmaydir. Siz
kirgandan keyin men eshikni
ustingizdan yopib olaman-da, bir ozdan so‘ng oldingizg‘a
kelinning yolg‘iz o‘zini kirguzaman... tuzikmi?
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Dostları ilə paylaş: