Bir ko‘rinib yag‘mo qilg‘an ko‘nglimni, Qaytib yana ko‘ralmadim norimni! Shu vaqt kutilmagan joyda Kumushning ikki ko‘zi jiq yoshga to‘lg‘an edi. Uchunchiga
o‘tdilar:
Agar ko‘rsam edi yana yorimni, Bag‘ishlardim hama yo‘qu borimni! To‘rtinchi:
Bilurmikin, bilmasmikin u zolim: Kunlar-tunlar tortqan ohu zorimni! Kumush toqatsizlang‘an edi...
Beshinchi:
Chindin ayting o‘rtoqlarim menga siz, Qayta boshdan ko‘rarmanmi yorimni?
Keyingi:
Ketdi toqat, ketdi sabrim... ketdilar... Sindirarman urib yerga torimni! Bu keyingi baytka quloq solg‘uchi qolmadi. Chunki yonidagi qizg‘a osilib yig‘lay
boshlag‘an Kumushbibiga har kim taajjubda, har kimning ko‘zi, qulog‘i shunda edi.
— Nima bo‘ldi, Kumush?
— Nega yig‘laysiz, Kumush opa?
— Birar joying og‘riydirmi, Kumush?
Kumushbibi o‘z ustiga duv yig‘ilg‘an qizlarga ko‘zini ochib qaradi-da, hushyor
tortqanlardek bir harakat qilib qo‘ydi va tez-tez cho‘ntagidan ro‘ymolini olib ko‘zyoshisini
quritdi.
— Nega yig‘lading-a?
Bu savolni berguchi Gulsinga Kumush kuch bilan iljayib qaradi-da:
— O‘zim... — dedi.
— Voy sho‘rginangga sho‘rva to‘kilsin, Kumush! — dedi Gulsin, — men shunday erni
topib teksam boshim ko‘kka yetar edi!
Gulsinning gapiga qizlar kulishdilar. Kumush juda xafa ko‘ringanlikdan uning ko‘nglini
ochmoqqa to‘g‘ri kelar edi. Shuning uchun boshqa o‘yinlarni qo‘yaturib majlisning eng
qiziq tarafi bo‘lib sanalg‘an lapar aytishka ko‘chdilar. Gulsin kuyav ro‘lini o‘ynar,
Xonimbibi Kumush ro‘lida, ikkisining bir-birisiga qarab o‘qishqan laparlari barchani
kuldirib, ichaklarni uzar darajada. Biroq Kumushning tishining oqini ko‘rish juda qiyin,
uning hamma ishi faqat mungg‘ayib xayollanishqina...
Qizlarg‘a to‘yxonadan oshlar, tavanlar kelib tortildi. Oshdan keyin yangalar kelib,
qizlardan Kumushni so‘radilar. Qizlarning, «Yo‘q, biz Kumushbibini sizlarga bermaymiz!»
deb o‘ynab aytkan so‘zlari Kumushbibiga chindek bo‘lib eshitilar, yangalar bilan uydan
chiqar ekan, ko‘mak so‘rag‘andek qizlarg‘a termulib qarar edi. Shu yo‘sun qizlar
o‘zlarining bir o‘rtoqlarini xotinliq dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar.