www.ziyouz.com кутубхонаси
10
ham seziladi. Uning «Qiyomat», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi nasriy asarlarida
endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal
etishga intilishi ko’zga tashlanadi.
Fitrat yirik olim, adabiyotshunos sifatida ham bir qancha asarlar yaratgan. Jumladan,
«Adabiyot qoidalari», «Eski o’zbek adabiyoti namunalari», «Aruz haqida» kabi ilmiy
kuzatuvlari adabiyotshunoslik fani tarixida muhim rol o’ynaydi. Shuningdek, uning Umar
Xayyom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil, M. Solih, Muqimiy, Furqat haqidagi tadqiqotlari ham
adabiyotimiz tarixini o’rganishda muhim manba bo’lib xizmat etishi shubhasiz.
Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy kabi o’ndan ortiq mumtoz adabiyot vakillari
haqida maqolalar yozgan. Fitrat ayni chog’da olim, ulkan pedagog, xalq maorifi
tashkilotchisi sifatida ham faol ishladi. 1921— 1923 yillarda u Respublika Maorif xalq
noziri bo’lib xizmat qildi. 1923—1924 yillar orasida Moskvadagi Sharq tillari institutida,
so’ng Peterburg dorilfununida ma’ruza o’qidi.
«O’zbek tili» darsligi, «O’zbek tili sarfi» (grammatikasi) kitoblari esa 1925—1930
yillarda besh marta chop etildi. Uning «Tilimiz», «O’zbekcha til saboqlari», «Imlo
konferensiyasi munosabati bilan» maqolalari ham yaratildi. U ana shu ishlari uchun
o’zbek olimlari orasida birinchilardan bo’lib professor degan yuksak ilmiy unvonga
sazovor bo’lgan.
Fitrat 1938 yil 4 oktyabrda Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Otajon Hoshim, Qayum
Ramazon, G’ozi Olim kabi xalqimizning buyuk ziyolilari qatorida qatl etildi. Faqat 1956
yilga kelib u oqlandi. Oqlandiyu, qariyb yana o’ttiz besh yildan so’nggina, mustaqillik
davri sharofati bilan u haqdagi haqiqatni aytish va yozish imkoniyati tug’ildi.
Abdurauf Fitrat hayoti va adabiy faoliyati ziddiyatlarga o’ta boyligi bilan ajralib turadi.
1991 yil 25 sentyabrda Abdurauf Fitratga o’zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi,
realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi
xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993