Solishtirma og‘irlik. Mineral og‘irligining uning hajmiga nisbati «solishtirma og‘irlik» deyiladi, ya’ni solishtirma og‘irlik – zichlik demakdir.
Minerallarning solishtirma og‘irligi ularning tarkibini tashkil etuvchi ion yoki atomlarning og‘irligi va radiuslarining o‘lchamiga bog‘liq bo‘lib, 0,85 dan 23 gacha bo‘lgan raqam bilan belgilanadi.
Mineralogiya amaliyotida minerallar solishtirma og‘irligi bo‘yicha uch guruhga ajratiladi:
1. Yengil 0,85–2.5 (bitum – 0,9; qahrabo – 1; mirobolit – 1,5; gips – 2,3).
2. O‘rtacha 2,5–4 (kvars – 2,6; olmos – 3,5).
3. Og‘ir 4–23 (ortit – 4; kinovar – 8,6; kumush – 11; oltin – 18; platina – 19; iridiy – 23).
Dala sharoitida minerallarning nisbiy solishtirma og‘irligini geologlar qo‘lda chamalash yo‘li bilan aniqlaydilar. Bu vaqtda sinalayotgan turli mineral bo‘laklari hajmining kattaligi bir xil bo‘lishi shart.
Mexanik xususiyatlari. Qovushqoqlik va sinish. Minerallarning (yoki kristallarning) ma’lum kristallografik tekis yuzalar bo‘yicha ajralishi «qovushqoqlik» deb ataladi. Ajralish yoki sinish natijasida hosil bo‘lgan yuzalar esa «ulanish yuzasi» deb ataladi. Minerallarning bu xususiyati ularning faqat ichki tuzilishi bilan bog‘liq, minerallarning qiyofasi bilan bog‘liq bo‘lmagan ravishda namoyon bo‘ladi va shu belgisi ularni aniqlashda muhim diagnostik belgi bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘pincha minerallarning «shpatlar» deb atalishi ham tasodifiy bo‘lmay, ularning mana shu xossalariga asoslanganligidir. Masalan, dala shpati, og‘ir shpat, plavik shpati, island shpati va h.k. «Shpat» so‘zi grekchadan «plastinkacha» ma’nosini bildiradi va shpatlar qatoriga kiritilgan barcha minerallar metalldan boshqacha yaltiraydi va bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha mukammal ulanish yuzasiga ega bo‘ladi.
Minerallarning qovushqoqligini baholash uchun quyidagi shkala qabul qilingan:
1. O‘ta mukammal qovushqoqlik. Mineral (yoki kristall) silliq yupqa varaqsimon plastinkalarga ajraladi (slyudalar, gips).
2. Mukammal qovushqoqlik. Ma’lum yo‘nalishlarda tekis yuzalar bo‘ylab ajralish (kalsiy, galit, galenit).
3. O‘rtacha qovushqoqlik. Ajralish tekis va notekis yuzalar bo‘ylab amalga oshadi (dala shpatlari, shox aldamchisi).
4. Nomukammal qovushqoqlik. Tekis ajralish yuzalari kam, asosan notekis yuzalar bo‘yicha (berill, apatit).
5. O‘ta nomukammal qovushqoqlik. Qovushqoqlik yo‘q. Minerallar notekis yuzalar bo‘ylab ajraladi (kvars, kassiterit).
Qovushqoqligi yo‘q minerallarning notekis yuzalar bo‘yicha ajralishi «sinish» deb ataladi.
Notekis yuzalarning holatiga ko‘ra quyidagi sinish turlari bo‘lishi mumkin:
1. Notekis (oltingugurt, apatit).
2. Zinasimon (dala shpati).
3. Zirapchasimon (aktinolit, tremolit).
4. Chig‘anoqsimon (kvars, xalsedon, opal).
5. Ilgaksimon (sof tug‘ma elementlar – oltin, mis).
6. Kesaksimon (boksit, kaolinit, bo‘r).