Vollastonit-Ca3[Si3O9]yoki CaSiO3, nomi kimyogar V.Vollaston (1766-1828) sharafiga qo`yilgan. Tarkibi CaO-48,3%, SiO2-57,7%, ba`zan FeO-9% gacha borligi aniqlangan. U triklin singoniyali, kristall qiyofasi-tabletkasimon, ko`pincha «V» o`qi bo`yicha cho`ziq kristallar hosil qiladi. Agregatlari varaqsimon, radial shu`lasimon yoki nayzasimon ayrimda to`rdek to`qilib ketgan tolalardan iborat. U kulrang, oq, goho qizg`ish, shishadek yaltiraydi ulanish tekisligi yuzalari sadafdek tovlanib turadi. qattiqligi 4,5-5, ulanish (100) (001) bo`yicha mukammal, solishtirma og`irligi 2,7-2,9 atrofida. Vollastonit-kontakt-metasomatik jarayonlarda (skarnlarda) yuzaga kelib granatlar, diopsid, gedenbergit, vezuvian, sheelit va sulfit minerallari bilan birga uchraydi.
Rodonit-(Mn,Ca)SiO3. nomi grekcha «rodon»-pushti so`zidan olingan. Tarkibida: MnO-46,0-30,0%, CaO-4-6,5% ba`zan FeO-2-12% bo`ladi. Triklin singoniyali, simmetriya ko`rinishi pinakoidal, ko`pincha uchraydigan kristallari tabletkasimon izometrik, goho prizmatik yoki yaxlit zich massalar holida uchraydi. Rodonitning rangi o`ziga xos pushti –kul rang, shishadek yaltiraydi, ulanish tekisligida yuzasi sadafdek tovlanadi, qattiqligi 5-5,5, ulanish tekisligi (110) bo`yicha mukammal, solishtirma og`irligi 3,4-3,7, u past haroratda paydo bo`lib, rodoxrozit, bustamit, boshqa marganes minerallari va sulfidlar bilan birga topiladi. Faqat rodonitdan tashkil topgan minerallar bezak buyumlari tayyorlashda ishlatiladi.
Talk- Mg3[Si4O10][OH]2 .
Tarkibida: MgO-13,7%, SiO2-63,5%, H2O-4,8%, ayrimda FeO-2-5% bo`ladi. Monoklin singoniyali, kristallari geksagonal va rombik qiyofada. Agregatlari –varaq-varaq, tangacha-tangacha, yog`langandek zich massa holida topiladi. Uning rangi och yashil, yoki sarg`ish, qo`ng`ir, yashilroq oq, shishadek yaltiraydi va sadafdek tovlanadi. Uning qattiqligi 1, varaqchasimon, varaqlari egiluvchan, qayishqoq emas, ulanish tekisligi o`ta mukammal, solishtirma og`irligi 2,8, issiqlikni va elektr tokini yaxshi o`tkazmaydi. O`tga chidamli, 1300-1400oC da ham erimaydi. Uni yumshoqligi, qo`lga yog`langandek unashiga, rangiga va varaq-varaq tuzilishiga qarab aniqlanadi. Talk magnitga boy o`ta asos jinslarning gidrotermal o`zgarishidan paydo bo`ladi. Bunday paytlarda u qonuniy ravishda, xromshpinelidlarning qoldiq donalari va qayta hosil bo`lgan magniy karbonatlari bilan bir assotsiatsiyada bo`ladi. Minerallarning paragenezisiga qaraganda talk tarkibida karbon kislotasi bo`lgan gidrotermal eritma yordamida magniy silikatlari paydo bo`ladi.
4(Mg,Fe)2[SiO4]+H2O+3CO2 → Mg3[Si4O10 ](OH)2 +3MgCO3 +Fe2O3
Talk sanoatda keng qo`llaniladi, qog`oz, rezina, parfumeriyada, bo`yoqchilik, qalamlar ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Dostları ilə paylaş: |