Hokim a‘zoning ifodalanishiga ko’ra SBning turlari. SB o’z tarkibidagi hokim a‘zoning qaysi so’z turkumiga kirishiga qarab, quyidagi ko’rinishlarga ega bo’ladi.
Ismli birikmada hokim a‘zo ot, sifat, son, olmosh turkumlaridan ifodalanadi: keng dala (ot), tuxumdan kichik (sifat), ovozdan tez (sifat), odamlarning biri (son), o’quvchilarning hammasi (olmosh).
Fe‘lli birikmada hokim a‘zo fe‘ldan bo’ladi: vazifani bajarmoq, tez o’qish, uyalgani uyalgan.
SBning tuzilishiga ko’ra turlari. Biz yuqorida ko’rib o’tgan so’z birikmalari ikki so’zli birikmalardir. So’z birikmalari uch va undan ortiq so’zli bo’lishi ham mumkin: bepoyon yashil maydon, o’nta badiiy asar. Demak, tuzilishiga ko’ra so’z birikmasi ikki turga bo’linadi: sodda birikma va murakkab birikma.
Sodda birikma, odatda, ikki mustaqil so’zdan tuzilgan bo’ladi: oq qog’oz, ko’m-ko’k osmon kabi. Besh qavatli bino, o’n yashar bola, o’rta boyli yigit tipidagi qo’shilishlar ham sodda birikma sanaladi. Chunki ular tarkibidagi besh qavatli, o’n yashar, o’rta boyli unsurlari ajralmas birikmalar bo’lib, bir butun holda tobe uzv sifatida namoyon bo’ladi. Shuningdek, SBning a‘zolari ibora yoki boshqa turg’un birikma bilan ifodalanganda ham birikma sodda hisoblanadi: kapalagi uchib ketgan bola (kapalagi uchib ketgan+bola), «Yoriltosh» ertagi (yoriltosh+ertagi), Qush qo’nmas o’simligi (qush qo’nmas+o’simligi)
Murakkab birikma sodda birikma a‘zolarining kengayishidan tuziladi. Qiyoslang:
uch o’rdak osmondagi uch o’rdak
ilg’or terimchilar xo’jalikdagi ilg’or terimchilar
a‘lochi o’quvchilar hammadan a‘lochi o’quvchilar
Osmondagi uch o’rdak ((osmondagi+(uch+o’rdak)), xo’jalikdagi ilg’or terimchilar ((xo’jalikdagi +(ilg’or+terimchilar)) SBlarida hokim so’z kengayishi natijasida, hammadan a‘lochi o’quvchilar ((hammadan +a‘lochi) +o’quvchilar)) birikmasida esa tobe a‘zo kengayishi natijasida murakkab birikma hosil bo’lgan. Ba‘zan har ikkala a‘zo ham birdan kengayishi mumkin: hammadan a‘lochi peshqadam talabalar: ((hammadan+ ‘lochi) +(peshqadam +talabalar))
Murakkab birikmalarda oldin turgan so’zlar oxirgisiga to’g’ridan-to’g’ri bog’lanib birikma hosil qilmaydi, ya‘ni katta semiz qora qoy birikmasidagi a‘zolar ushbu birikmaning o’zida katta qoy, semiz qoy, qora qoy kabi birikuvlarni bermaydi. Chunki bunda tobe so’zlar hokim so’z ifodalagan narsaning turli belgilarini ko’rsatadi. Bu esa ularning uyushmaganligini ko’rsatadi. Uyushmagan tobe uzvlar esa o’ziga xos ohang bilan aytiladi. Qiyoslang:
A‘lochi, bilimdon bolalar (uyushgan tobe so’zlar)
Katta semiz qora qoy (uyushmagan tobe so’zlar)