Uyushiq bo‘lak va uyushiq gap masalasi. Uyushgan bo‘lak har doim sintaktik mavqe va morfologik shakllanish jihatidan bir xil bo‘ladi. Ular boshqa so‘z bilan bog‘lanishda tenglik saqlaydi. Ammo ularning qanday so‘z bilan ifodalanishi – so‘z turkumi jihatdan bir xil bo‘lishi va, demak, bir xil so‘roqqa javob bo‘lishi shart emas: Seni (olmosh) va Salomatning ukasini (ot) taqdirlashadi.
Uyushgan so‘zshaklning oxirgisi tegishli grammatik shaklni olib, oldingilari olmagan bo‘lishi ham mumkin: Maydonni begona o‘t, tosh va har xil chiqindilardan tozaladik. Bunda uyushgan so‘zshaklning oxirgisi (chiqindilardan) chiqish kelishigi bilan shakllangan. Bu uyushgan so‘zshaklning grammatik shakllanishi har xil bo‘lishi ham mumkin degani emas. Chunki oxirgi so‘zshakldagi chiqish kelishigi uyushgan so‘zlarning boshqalariga ham tegishli. Faqat nutqiy tejam grammatik ko‘rsatkichning barcha so‘zshaklda takrorlanishiga monelik qiladi.
Uyushiq so‘zshaklning muhim nutqiy belgisidan biri sanash ohangi bilan aytilishi. Sanash ohangi bo‘lmasa, sintaktik mavqe, grammatik shakl va ifodalanish jihatlari bir xilligiga qaramasdan so‘zshakllar uyushiq sanalmaydi. Masalan, Mening diqqatimni dumaloq oppoq toshlar tortdi gapidagi dumaloq va oppoq so‘zshakli toshlar so‘zshakliga tobelanib, ifodalanish va grammatik shakl jihatdan bir xil. Biroq ular uyushtiruvchi (sanash) ohangsiz uyushmagan kengaytiruvchi hisoblanadi.
Demak, sintaktik mavqe, grammatik shakl bir xilligi va uyushtiruvchi ohangga egalik uyushgan tenglanish qatorining zaruriy belgisidir.
Sodda gapning eng kichik qurilish qolipi [ABKk] (atov birligi+kesimlik kategoriyasi) deb olindi. Bu qolip til sathida bo‘lib, uning turli kengaytiruvchilari bilan kela olishi nuqtda xar xil ko‘rinishlarga ega bo‘la olishi mumkinligidan dalolat beradi. Masalan, Bordim gapini olaylik. Bu gapni cheksiz ravishda kengaytirish mumkin. Bunda bizga sinktatik valentlik nazariyasi asosida ish ko‘rish qulaylik tug‘diradi. Bordim so‘zi qanday va qancha kengaytiruvchilarning kelishini ko‘tarishi mumkin. Bu, albatta, har bir insonning fikrlash doirasi bilan bog‘liq. Bir so‘zlovchi uchta, boshqasi yettita va shu tarzda kengaytiruvchilarni ko‘paytirib, gapning yoyiqligini ta’minlaydi. Chunonchi, (2-ilova)
BORDIM
I shga // uyga uydan eshitib
T ez // sekin ishdan// majlisdan
G aplashib singlim deb
Kulib qarashgani
O lib ko‘rgani
Ko‘tarib erta//kech
Ziyofatga shoshib
Kursdoshim bilan // dugonam bilan kechikib
Uyushgan gaplar va uyushiq kesimli sodda gaplar. Kesim haqidagi ta’limotning o’zgarishi uyushish hodisasiga munosabatning o’zgarishiga olib keldi.
Uyushgan ega, hol, to‘ldiruvchi va aniqlovchida tegishli grammatik shakl har bir so‘zshaklda alohida-alohida mavjud bo‘lishi ham, faqat oxirgisida bo‘lib, oldingilarida bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq uyushgan kesimlarda kesimlik shakllari bilan faqat oxirgi kesim shakllangan, boshqalari esa bu qo‘shimchani olmagan bo‘ladi: 1. Bizning yoshlar dono va zukkodirlar. 2. Do‘kondorlar molini maqtab va xaridorlarni chorlab turardilar. 3. Voqea sodir bo‘lgan joyga zudlik bilan borishimiz va masalaga oydinlik kiritishimiz lozim.
So‘z kesimlik ko‘rsatkichi bilan shakllangan va kesimlik sintaktik pozitsiyasini egallagan bo‘lsa, u alohida hukm va tugal ma’no ifodalaydi hamda gap hosil qiladi. Yuqorida keltirilgan gapda ham uyushgan kesimning barchasi (Pm) ko‘rsatkichi bilan shakllantirilganda, ularning har biri alohida-alohida gapni hosil qiladi va natijada qo‘shma gap vujudga keladi. Qiyoslang: 1. Siz a’lochi va jamoatchi kishisiz (uyushiq kesimli gap) – Siz a’lochisiz va jamoatchisiz (qo‘shma gap). 2. U vaqtlarda otam kosib, onam tikuvchi edi (uyushgan sodda gap) - U vaqtlarda otam kosib edi va onasi tikuvchi edi (qo‘shma gap).