Uyushgan birliklarda bog‘lovchi vositalar. Tenglanish qatori bog‘lovchili yoki bog‘lovchisiz bo‘lishi mumkin. Bog‘lovchisiz qator faqat ohang yordamida hosil qilinadi: 1. Karima, Gulnora, Halima boqqa jo‘nadilar. 2. U tanib, bilib, so‘ray boshladi.
Bog‘lovchili qator bog‘lovchi vosita yordamida hosil qilinadi: 1.Eshikdan yosh yigit va chol kirib keldi. 2. Farzandlarimiz dono va baxtiyordir.
Tenglanish qatori nisbatan cheklanmagan yoki cheklangan a’zodan tashkil topishi mumkin. Bu a’zolararo munosabatning turi bilan bog‘liq. Shunday tenglanish qatori mavjudki, bunda bemalol qatorni to‘ldirish, yangi a’zo bilan davom ettirish mumkin bo‘ladi: U ko‘k, qora, qizil qalamlar oldi. Bunday tenglanish qatori ochiq qator deyiladi. Ochiq qator shunday a’zolardan tuziladiki, bunda bir a’zo boshqalariga qanday munosabatda bo‘lsa, boshqa a’zo ham unga shunday munosabatda bo‘ladi. Yopiq qator esa shunday a’zolardan tashkil topadiki, ularda qatordagi a’zolarning munosabati taqsimlangan bo‘ladi: bir a’zo ikkinchisiga boshqacha, ikkinchisi birinchisiga boshqacha munosabatda bo‘ladi: Bog‘da nafaqat olma, balki nok ham o‘sadi. Ochiq tenglanish qatorida tartib, asosan, erkin: Bog‘da o‘rik, olma, shaftoli o‘sadi gapi Bog‘da o‘rik, olma, shaftoli, balki nok ham o‘sadi shaklida berilsa ham, mazmunga putur yetmaydi. Yopiq tenglanish qatorida tartib, ko‘pincha, qat’iy bo‘ladi. Bog‘da shaftoli, olma, balki nok ham o‘sadi gapi Bog‘da nafaqat nok, balki olma ham o‘sadi ko‘rinishini olsa, avvalgi mazmunni bermaydi (Qiyoslang: pishirib, yedi – yeb pishirdi, to‘y va tomosha – tomosha va to‘y).
Ba’zi bog‘lovchi faqat ochiq qatorni, ba’zilari esa faqat yopiq qatorni tashkil etadi.
Ayiruv bog‘lovchilari ochiq qatorni tashkil qiladi: 1. Biz uchun maktab yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat ishi bo‘lmog‘i lozim. 2. Bunda bor na ofat, na g‘urbat, na g‘am.
Biriktiruv va zidlov bog‘lovchilari yo yopiq qatorni tashkil etadi, yoki qatorni yopadi: 1) yopiq qatorni tashkil etish: Gullar va maysalar ajib bir go‘zallik baxsh etardi; 2) qatorni yopish: Gullar, rayhonlar va maysalar ajib bir go‘zallik baxsh etardi.