Ijtimoiy geografiya.Jizzax viloyatida, mamlakatimizning boshqa mintaqalari singari, ijtimoiy sohalar rivojlanishiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu respublika Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan bozor munosabatlariga o‘tishning asosiy tamoyillariga mos keladi.
Viloyatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan chakana savdo aylanmasi Jizzax shahridan tashqari, G‘allaorol, Jizzax, Zomin va Baxmal tumanlarida, pullik xizmat Jizzax, G‘allaorol, va Zomin tumanlarida, nisbiy ko‘rsatkichlarda, yuqori ulushlarga ega.
Markazlashgan suv taʼminoti bilan aholining taʼminlanishi viloyat bo‘yicha o‘rtacha 72,3 %, tabiiy gaz bilan - 75,4 %. Ko‘rinib turibdiki, ushbu sohada to‘liq o‘z yechimini topmagan muammolar ham mavjud. Jami tibbiyot muassasalari soni 63 ta, ularning ko‘pchiligi budjet tizimida. Bemor o‘rinlar soni har 10 ming aholiga 40,5 ta, ambulatoriya - poliklinika muassasalari 272 ta.
Viloyatda 2013 yilda jami 2006 vrachlar xizmat ko‘rsatgan; har 10000 kishiga – 16,6 ta vrachlar, o‘rta meditsina xodimlari – 90,7 kishi. Har 100 ming aholiga hisoblaganda kasallanish 44,4 ming kishi. Qishloq vrachlik punktlari 174 ta bo‘lib, har bir qishloq tumaniga o‘rtacha 17,5 tadan to‘g‘ri keladi.
Umumtaʼlim maktablari 546 ta, o‘quvchilar - 199 ming kishi; har bir maktabda o‘rtacha 364 tadan o‘quvchi bor. Bu ko‘rsatkich aholi zich joylashgan mintaqalar – Farg‘ona vodiysi, Xorazm va Toshkent viloyatlariga qaraganda ancha past, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro yoki Navoiy viloyatlariga nisbatan esa kattaroq. Taʼlim geografiyasidagi bunday tafovutlar mintaqalarning tabiiy sharoiti va ishlab chiqarish hamda aholini hududiy tashkil etish xususiyatlari bilan bog‘liq. Viloyatda akademik litseylar 4 ta (talabalar 3610 nafar), kasb-hunar kollejlari 75 ta (talabalar 61780 nafar). Akademik litseylar asosan viloyat markazida, kasb-hunar kollejlari esa barcha qishloq tumanlari va shaharlarida tashkil etilgan. Jizzax shahrida 2 ta oliy o‘quv yurti - pedagogika va politexnika institutlari bor.
Investitsiya, transport va tashqi iqtisodiy aloqalar.Jami kiritilgan investitsiyaning 2/5 qismi ishlab chiqarish tarmoqlariga, 60,0 foiziga yaqini noishlab chiqarish sohalariga yo‘naltirilgan. Albatta, bu qo‘yilmalar yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi.
Investitsiyalar hududiy tarkibida Jizzax yetakchi – 34,2 %, G‘allaorol tumaniga jami investitsiya hajmining 13,0 % to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Baxmal, Jizzax va Zomin tumanlarining ham hissasi katta. Ayni vaqtda bu ko‘rsatkich Yangiobod, Zafarobod va Mirzacho‘l tumanlarida juda past. Xorijiy investitsiyalar yordamida 50 ta qo‘shma korxonalar tashkil etilgan. 2012 yilda faoliyat ko‘rsatgan qo‘shma korxonalar viloyat yalpi mahsulotining 20,3, eksportining 6,8 % ni taʼminlagan. Ularda jami 1032 kishi ishlagan, import hajmi 12652 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan.
Viloyatda transportning har xil turlari mavjud. Yuk va yo‘lovchilar tashish asosan avtomobil transporti zimmasiga tushadi. Masalan, 2010 yilda transportda tashilgan yuk 25,6 mln. tonnani tashkil etgan holda, u to‘liq avtomobil transporti tomonidan amalga oshirilgan. Shu yilda transportda tashilgan yo‘lovchilar soni 187,7 mln. kishiga teng bo‘lgan.
Jizzax viloyatining transport geografik o‘rni qulay. Bu yerdan Katta O‘zbek trakti, elektrlashtirilgan temir yo‘l o‘tgan. Viloyat va uning markazi - Jizzax shahri Toshkent, Samarqand, Bekobod shaharlari bilan aloqa qilish uchun qulay imkoniyatga ega.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, asosan Xitoy, Rossiya, Shveysariya, Gonkong, Turkiya, Singapur va boshqa davlatlar bilan olib boriladi. 2012 yilda viloyatning tashqi savdo aylanmasi 175,6 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan va o‘tgan yilga nisbatan biroz kamaygan (270,6 mln dollar). Eksport 115,3 va import 60,3 mln. dollarni tashkil qilgan. 2008 yilda bu ko‘rsatkichlar mos tarzda, 131,0; 103,8; va 27,1 mln. AQSH dollari hajmiga teng bo‘lgan.
Eksport tarkibida paxta tolasi 73,2 % (2009 yilda 81,6 %, 2008 yilda 64,9 %), oziq-ovqat mahsulotlari 10,1 %. Import tarkibida esa mashina va uskunalar 30,9 % (2008 yilda 53,0 %), oziq-ovqat mahsulotlari 31,1 % (13,6 %) foizni tashkil etgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasida Paxtakor (eksportda 19,4 %) va Do‘stlik (10,3 %) tumanlari oldinda turadi. Shu bilan birga, qulay investitsiya muhitining mavjud emasligi va qo‘shma korxonalar barpo etilmaganligi sababli Forish, Yangiobod, G‘allaorol tumanlarida eksport yo‘q darajada. Importda esa, eng avvalo, Jizzax shahrining ulushi katta – 55,8 %. Zarbdor tumani ham bu borada ajralib turadi – 17,6 %. Ayni vaqtda, Arnasoy, Do‘stlik va Mirzacho‘l qishloq tumanlarida ko‘rilayotgan yilda import oz darajada amalga oshirilgan.