Qadimgi Mitanni davlati mil. avv. XVII asrda shimoliy Mesopotamiya va unga chegaradosh hududlarda yuzaga keladi. Aholisi asosan xurrit va somiy qabilalari ittifoqi asosida yuzaga kelgan edi. Mitanniliklar dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Shu bilan birga ularning hayotida savdo-
sotiq ishi muhim o‘rin tutgan. Hokimiyat tepasida oriylar (hind-evropa tilida so‘zlashuvchi)ga mansub sulola turgan. Chunki mitannilik podsholarning ismlari hind-yevropa tiliga mansub edi. Mitanniliklar asosan xurrit va akkad tilida so‘zlashar edi. Qadimgi Ossuriya yozma manbalarida Mitanni davlati “Xanigalbat“ deb tilga olinadi. Bu davlatning poytaxti Vashshukanna bo‘lganligi manbalarda ta’kidlanib o‘tiladi. Afsonalarga ko‘ra bu davlatga Kita ismli podsho asos soladi. Uning hukmronlik yillari masalasida olimlar orasida munozarali fikrlar mavjud. Undan so‘ng Mitanni taxtiga Shuttarna I chiqadi. U xurrit qabilalarini o‘z hokimiyati yo‘lida birlashtirishni boshlaydi. Mil. avv. XVI asrda taxtga Parrattarna chiqadi. G‘arb olimlarining fikricha u ham hind-eron qabilasiga mansub hukmron sulola vakili bo‘lgan. Podsho Parrattarna o‘zini “xurri (xurrit) askarlarining hukmdori” deb ataydi. Uning davrida mitanniliklar shimoliy Suriyadan to Oront daryosiga qadar bo‘lgan erlar ustidan o‘z gegemonligini o‘rnatadilar. Alalax podshosi Idrimiga o‘z yurtida taxtni egallashga yordam beradi.
Mil. avv. 1450 yilga kelib taxtga podsho Shaushtatar chiqadi. Mamlakat chegaralari yanada kengaytiriladi. Mitanniga butun shimoliy Suriya, Alshe, Kitssuvatna, Kummi, Uruarti, Arrapxa va boshqa hududlar bo‘ysunadi. Podsho Shaushtatar Ashshurga ham yurish qilib, u yerdan kumush va oltin bilan bezatilgan darvozani Mitanniga olib ketadi. Ossuriyada mitanniliklar hukmronligi o‘rnatiladi. Ashshur podshosi yonida Mitanni elchisi doimiy istiqomat qilib, davlat boshqaruvi ustidan nazorat olib borgan edi. Hukmronligining 33 yili podsho Shaushtatar qo‘shinlari Karxemish shahri yonida Misr fir’avni Tutmos III qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchraydi. Misr qo‘shini Frot daryosidan suzib o‘tib, Mitannining qator shaharlarini vayron qiladilar. Shaushtatar sharqqa chekinadi va misrliklar esa Shimoliy Suriyani bosib oladilar.
Mil. avv. 1410 yil Shaushtatar vafotidan keyin Mitanni taxtiga Artatama I (mil. avv. 1410-1400 y) chiqadi. Uning hukmronligi davrida Xettlar va Misr bilan urush olib boriladi. So‘ngra Misr fir’avni Tutmos IV bilan sulh tuzilib, Mitanni Shimoliy Suriyaning O‘rta yer dengiziga chiqadigan hududiga egalik qiladigan bo‘ladi. Podsho Artatama I o‘z qizini Misr fir’avniga turmushga berib, tuzilgan
kelishuvni nikoh diplomatiyasi yordamida mustahkamlashga erishadi. Mil. avv. 1400 yili Mitanni taxtiga Artatama I ning o‘g‘li Shuttarna II (mil. avv. 1400-1375 yy) keladi. U xettlarga qaram bo‘lgan janubi-sharqiy Kichik Osiyodagi Kurtalissa, Aravanna va boshqa shaharlardagi qo‘zg‘olonlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Suriyaning Xalab, Ashtata va Nuxashshe o‘lkalaridagi xettlarga qarshi harakatlarni ham qo‘llab turadi. Ammo bu harakatlar ikki tomonga ham foyda keltirmadi. Misr bilan esa savdo-diplomatik munosabatlarni otasi kabi yaxshilashga erishadi. Mil. avv. 1375 yil taxtga Shuttarna II ning o‘g‘li Artashshumara chiqadi. Biroq u besh yilgina hokimiyatni egallab turadi. Misr bilan yaqinlashuv siyosatidan norozi bo‘lgan saroy a’yonlari, amaldor Tuxi (yoki Parxi) boshchiligida fitna uyushtirib, uni o‘ldiradilar. Mitanni taxtiga Artashshumaraning ukasi Tushratta (mil. avv. 1370-1350 yy) keladi. U xettlar bilan ittifoqqa intiladi, ammo ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi. Saroy amaldori Tuxini qatl etib, Misr bilan do‘stona munosabatlarni tiklaydi. Natijada xettlar podshosi Suppiluliuma I Mitanniga o‘zining birinchi harbiy yurishini uyushtiradi. Mitanniliklar xettlarni o‘z yurtlaridan quvib chiqaradilar. Hatto podsho Tushratta o‘z g‘alabasi haqida Misr fir’avni Amenxotep III ga sovg‘a-salomlar yuborib ma’lum qiladi. Ammo ko‘p o‘tmay xettlar o‘zlarini o‘nglab olgach, Mitanniga yana bir necha yurishlarni amalga oshiradilar. Bu safar Mitanni podshosi Tushratta o‘z mamlakatini mudofaa qila olmaydi. Misrliklar o‘z ittifoqchilariga yordamga kelmaydilar. Natijada Mitanni xettlar tomonidan talon-taroj qilinadi, podsho Tushratta esa mag‘lubiyatga uchrab, qochib yashirinadi. Xettlar podshosi Suppiluliuma I ning qo‘shinlari mamlakatni bosib olmasalarda Mitanni kuchsizlanib qoladi. Ko‘p o‘tmay Tushratta fitnachilar tomonidan o‘ldiriladi, Mitannida esa fuqarolar urushi boshlanadi. Oxir- oqibat taxtga xettlar podshosi Suppiluliuma I ning tarafdori Shattivaza o‘tkaziladi. Natijada Mitanni davlati Xettlar ta’siriga tushib qoladi.
Mil. avv. 1320 yil Mitanni taxtiga Shattuara I chiqadi. Unga zaiflashgan davlat meros bo‘lib qolgan edi. Bundan Ossuriya davlati foydalanib qoladi va Mitannini o‘ziga qaram qilib oladi. Mil. avv. 1300 yilda hokimiyatga Vasashatta keladi. U Ossuriyaga o‘lpon to‘lashni davom ettiradi ammo ko‘p o‘tmay ossur
podshosi Adad-nirariga qarshi chiqib xettlar bilan ittifoq tuzadi. Ossuriyaliklar Mitanniga bostirib kelib, uning shaharlarini vayron qiladilar. Xettlar davlati Mitanniga bo‘lgan da’vosidan voz kechishga majbur bo‘ladilar.
Bosqinchilik yurishlari ketayotgan bir vaqtda Mitanni taxtini Shattuara II (mil. avv. 1280-1267 yy) egallaydi. Uning davrida mitanniliklar ossurlarga qaramlikdan qutulish uchun xettlar va oromiy (axlamu qabilasi ) bilan ittifoq tuzadilar. Ko‘p o‘tmay ossur podshosi Salmanasar I ga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Hatto ittifoqchilar ossur qo‘shinlarini dastlab qurshab olib, ularni suv ta’minotidan mahrum qilmoqchi ham bo‘ladilar. Ammo Salmanasar I qo‘shinlar qurshovni yorib o‘tib, mitanniliklar, xettlar va oromiylarni mag‘lub qila oldilar. Asirga tushganlarning katta qismi ko‘zlari ko‘r qilinadi. Shundan so‘ng Ossuriya qo‘shini Mitannining yana bir bor talon-taroj qilib uning mustaqilligini tugatadi.
Mitanni madaniyatiga akkad va misrliklar ta’siri katta bo‘lgan. Mitanni aholisi ham qadimda mixxat yozuvidan foydalanib kelganlar. Qo‘shni davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni akkad tilida yozilgan mixxat yozuvida ifoda etganlar. Harbiy ishda yilqichilikka katta e’tibor berilganligi manbalarda ta’kidlab o‘tiladi. Binokorlikda asosan xom g‘ishtlardan foydalanganlar. Toshlarni bino poydevorlarini qurishda keng qo‘llashgan.