3. Diniy sektalar va ular faoliyatining oqibatlari.
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda dunyo bo’yicha 5000 ga yaqin diniy sekta faoliyat ko’rsatmoqda. Ularga xos xususiyatlar haqida gap ketar ekan, ayrim sektalar muayyan konfessiya doirasida shakllanib, asosiy e’tiborni sobiq e’tiqoddoshlari orasida targ’ibot olib borishga, ba’zi sektalar esa boshqa konfessiyaga mansub insonlar orasidan ham o’z tarafdorlarini shakllantirishga harakat qilishini ta’kidlash zarur.
Ayni paytda, hech bir konfessiyaga mansub bo’lmagan, muayyan shaxs – «ustoz», «yo’lboshchi» yoki «rahnamo» tomonidan asos solingan va aholining duch kelgan ijtimoiy va konfessional qatlami bilan ish olib boradigan sektalar ham mavjudligini qayd etish lozim.
Afsuski, yuqoridagi kabi ko’rinishlarda chiqadigan sektalar faoliyati natijasida bir qator salbiy, ba’zi hollarda fojiaviy hodisalar kelib chiqmoqda. Jumladan, o’tgan asrning 70-yillarida AQSHning San-Frantsisko shahrida Jim Jons ismli shaxs bir necha ming kishilik mahalliy protestantlarni o’z ichiga olgan «Xalq ibodatxonasi» nomli jamoa tuzishga erishadi. Sekta asoschisining turli «qiliq»lari shahar jamoatchiligiga ma’lum bo’lib qolgach, Jons «chirkinliklarga to’la shahar»dan ketib, Gayana changalzorlarida «Xudo Podshohligi»ni qurish lozimligini e’lon qiladi.
1978 yili «Xudo Podshohligi»dagi holatni o’rgangani borgan AQSH Kongressi komissiyasi sekta izdoshlari «podshohlikda» juda og’ir sharoitlarda yashayotgani, ularga qullardek munosabatda bo’linayotgani, Jons barcha «banda»larini o’ziga ibodat qilishga majbur qilganiga guvoh bo’ladi. Kirdikorlari fosh bo’lib qolganini bilgan sekta rahbari bir kunning o’zida barcha izdoshlarini o’z jonlariga qasd qilishga majbur qiladi. Oqibatda Jonsga ishongan 912 kishi halok bo’ladi.
Shunga o’xshash holat AQSHning Texas shtatidagi Ueyko shahrida Devid Koresh tomonidan adventislik zamirida shakllantirilgan «Dovud avlodi» nomli sekta tarafdorlari bilan ham sodir etiladi. O’zini «Xaloskor» deb e’lon qilgan, jamoada o’zining mutlaq hokimiyatini o’rnatib, barchaga o’z mulkidek munosabatda bo’lgan sekta rahbari Ueyko shahrida qurilgan maxsus ranchoda izdoshlari bilan rohibona hayot kechiradi.
1993 yilda politsiya tomonidan uni qo’lga olish bo’yicha amalga oshirilgan tadbir davomida, qamalishni istamagan «payg’ambar» o’zi va barcha sekta a’zolari joylashgan ranchoni portlatib yuboradi. Oqibatda 100ga yaqin kishi, shu jumladan, 25 nafar bola halok bo’ladi.
Buddizm doirasida shakllangan «Aum Sinrikyo»ning 1995 yilda Tokio metrosida tinch aholiga nisbatan gaz hujumi uyushtirishi oqibatida 12 kishi halok bo’lgani, AQSHda paydo bo’lgan «Osmon darvozasi» sektasi a’zolaridan 60 dan ortiq kishi o’z joniga qasd qilgani, Ugandada yuzaga kelgan «Xudoning o’nta buyrug’ini qayta tiklash harakati» sektasi qurbonlari soni 1000 dan ziyodni tashkil etgani ham bunday sektalar faoliyatining mudhish oqibatlaridan dalolat beradi.
Hozir ayrim rasmiy ro’yxatdan o’tgan yoki norasmiy faoliyat yuritayotgan noislomiy diniy jamoalarning vakillari tomonidan ham missionerlik faoliyati amalga oshirilishi kuzatilmoqda. Missionerlar aksariyat holatlarda o’z jamoasiga jalb qilishda turli o’qish kurslarini ochib, o’z diniga targ’ib qilish, xorijga o’qishga yoki ishga jo’natish, yoz faslida bolalarni dam olish lagerlariga jalb qilish, hayriya yordam ko’rsatish, bepul tibbiy yordam berish va gazeta, jurnal, kitoblar tarqatish kabi usullardan foydalanmoqda. Ularning diniy ta’limotida Davlat ramzlarini hurmat qilish, Konstitutsion burchni bajargan holda harbiy xizmat o’tash, jamoat ishlarida qatnashish man etilgan. Bunday holat xalqimiz uchun noan’anaviy bo’lgan diniy jamoa va sekta vakillarining maqsadi jamiyatimiz a’zolarini fuqarolik faolligini so’ndirish va qaram qilib olishga yo’naltirilganidan yaqqol dalolat beradi. Shuningdek, ayrim noislomiy diniy jamoalarda ushbu jamoaga a’zo bo’lgan shaxs bilan oila qurishi, jamoadan tashqaridan kelayotgan barcha ma’lumotlarni yolg’on va zararli deb bilish belgilab qo’yilgan, ba’zilarida oila qurish umuman ma’qullanmay, ular daromadlarining deyarli barchasini ushbu jamoa rahbariyatiga topshirishi lozim. Ushbu faktlar mazkur diniy jamoalardagi tartib shaxs, oila va jamiyat uchun naqadar zararli ekanini tasdiqlaydi.
Yuqoridagilardan tashqari geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishda ham missionerlikdan keng foydalanilmoqda. Internetdagi www.tenfortyasia.org saytida “10/40 OYNA” hududi haqida to’liq ma’lumot berilib, nima uchun ushbu hududda missionerlik faoliyatini kuchaytirish sabablari keltiriladi. Bu hudud quruqlikning uchdan bir qismini tashkil etishi, yer yuzidagi aholining uchdan ikki qismi, ya’ni 4 miliarddan ortiq aholi istiqomat qilishi, dunyodagi eng kam “injillashtirilgan” 50 ta davlatning 37 tasi ushbu hududda joylashganligi bu hududda missionerlik faoliyatini kuchaytirish uchun asos qilib ko’rsatilgan. Hozirgi kunda dunyo missionerlarining bor-yo’g’i 8 foizi ushbu hududda faoliyat olib borayotganligi alohida ta’kidlanadi.3 Luis Bush tomonidan ilgari surilgan ushbu dasturda missionerlar alohida e’tibor qaratishi lozim bo’lgan hudud 10 va 40–parallelari orasida joylashganligi ko’rsatib o’tilgan. Ushbu hududda Osiyoning 40 ga yaqin, Afrikaning 20 dan ortiq davlatlari joylashgan bo’lib, ulkan neft va gaz zaxiralari mavjudligi missionerlikdan ko’zlanayotgan g’arazli geosiyosiy maqsadlarning asl mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi.
Missionerlarga ishonib, dinini o’zgartirgan afrikaliklar: “Missionerlar kelishganida ularda Injil, bizda yer bor edi. Hozir ularda yer, bizda esa Injil qoldi”4, - deyishar ekan.
Umuman olganda, yuqoridagi kabi sektalar, missionerlik tashkilotlari faoliyatiga chek qo’yish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo’lib qolmoqda.
Dostları ilə paylaş: |