Quyidagilar soliq solish obyekti bo‘lmaydi: 1) notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatni amalga oshirish doirasida foydalaniladigan suv resurslari;
2) sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan davolash maqsadida foydalaniladigan yer osti mineral suvlari, bundan savdo tarmog‘ida realizatsiya qilish uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno;
3) atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida chiqarib olingan yer osti suvlari, bundan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno;
4) shaxtadan suvlarni qochirish uchun, foydali qazilmalarni qazib olish paytida chiqarib olingan va qatlamdagi bosimni saqlab turish uchun yer qa’riga qayta quyiladigan yer osti suvlari, bundan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun foydalanilgan suv hajmi mustasno;
5) gidroelektrostansiyalar gidravlik turbinalarining harakati uchun foydalaniladigan suv resurslari;
6) issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari tomonidan qayta quyiladigan suv resurslari;
7) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sho‘rlangan yerlarni yuvish uchun foydalaniladigan, suvdan foydalanish va suv iste’moli sohasidagi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan sho‘rlarni yuvish normalari doirasidagi suv resurslari.
Foydalanilgan suvning hajmi soliq bazasidir (SK-443-modda). Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan olingan suv hajmi suvdan foydalanishning buxgalteriya (dastlabki) hisobi hujjatlarida aks ettirilgan suv o‘lchagich asboblar ko‘rsatkichlari asosida aniqlanadi (SK 444-modda). Suvdan o‘lchagich asboblarsiz foydalanilgan taqdirda, uning hajmi suv obyektlaridan suv olish limitlaridan, suvni iste’mol qilishning texnologik va sanitariya normalaridan, ekinlar hamda yashil daraxtzorlarni sug‘orish normalaridan yoki ma’lumotlarning to‘g‘riligini ta’minlovchi boshqa usullardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Soliq to‘lovchilar yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalanilgan suv resurslari hajmlarining alohida hisobini yuritadi. Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan suv keladigan vodoprovod tarmog‘idagi suvdan foydalanilganda, soliq bazasi manbaning har bir turi bo‘yicha alohida aniqlanadi. Suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar vodoprovod tarmog‘iga suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan kelib tushadigan suv hajmlarining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga joriy soliq davrining 15-yanvariga qadar taqdim etishi kerak. Soliq organlari uch kun ichida ushbu ma’lumotlarni soliq to‘lovchilar e’tiboriga yetkazishi lozim.
Issiq suv hamda bug‘ hosil qilinishi bo‘yicha soliq bazasi soliq to‘lovchi tomonidan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun o‘zi foydalangan suv resurslari hajmidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Binolarning bir qismi, alohida inshootlar ijaraga berilganda soliq bazasi suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs bilan shartnoma tuzgan ijaraga beruvchi tomonidan aniqlanadi.
Binolarning bir qismini, alohida inshootlarni ijaraga olgan va suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar bilan shartnoma tuzgan yuridik shaxslar soliq bazasini mustaqil ravishda aniqlaydi.
Soliq to‘lovchilar yuridik shaxslar bilan suv yetkazib berilishi yuzasidan solishtirib ko‘rish jarayonida olingan suvning hajmini aniqlashtirishda suv hajmining farqini solishtirish amalga oshirilgan davrdagi hisob-kitoblarda aks ettiradi.
Yuridik shaxslarning hududida ta’mirlash-qurilish ishlarini va boshqa ishlarni bajaruvchi soliq to‘lovchilar ushbu ishlarni bajarish jarayonida foydalaniladigan suv uchun soliq to‘lamaydi. Ta’mirlash-qurilish ishlarini va boshqa ishlarni bajarayotganda foydalaniladigan suv hajmi uchun bu ishlar qaysi yuridik shaxslar uchun bajarilayotgan bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxslar soliq to‘laydi. Qurilish ishlari yangi qurilish maydonchasida bajarilgan taqdirda, qurilishda foydalaniladigan suv hajmi uchun qurilish tashkiloti soliq to‘laydi.
Yuridik shaxslar qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarga taalluqli qism bo‘yicha soliq bazasini soliq davrida bir gektar sug‘oriladigan yerlarni sug‘orish uchun sarflanadigan suvning butun xo‘jalik bo‘yicha o‘rtacha hajmidan kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Dehqon xo‘jaliklari uchun soliq bazasi soliq organlari tomonidan ushbu moddaning to‘qqizinchi qismida nazarda tutilgan tartibga muvofiq aniqlanadi.
Soliq to‘lovchi soliq to‘lash nazarda tutilmagan faoliyat turlarini amalga oshirgan taqdirda, soliq bazasi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan suv resurslari hajmining hisobini alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida hisob yuritish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, soliq bazasi qaysi faoliyat bo‘yicha soliq to‘lash sof tushumning umumiy hajmida nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘sha faoliyatdan olinadigan sof tushumning solishtirma hajmidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Alkogolli mahsulot va alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish va boshqa maqsadlar uchun foydalanilgan suvning hajmi ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar uchun soliq bazasi hisoblanadi. Alkogolli mahsulot va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmi deganda iste’mol idishidagi tayyor mahsulotga to‘g‘ri keladigan suvning hajmi tushuniladi.
[OKOZ: 1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.10.00.00 Umumdavlat soliqlari / 07.10.07.00 Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq / 07.10.07.02 Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari]
Belgilangan limitlar doirasida yer usti va yer osti manbalaridan olinadigan suv resurslari uchun soliq stavkalari bir kub metr uchun mutlaq miqdorda belgilanadi. Soliq stavkalarining miqdori O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonuni bilan belgilanadi va 2020 yilda quyidagi soliq stavkalari amal qiladi.
Ўзбекистон Республикасининг 2019 йил 9 декабрдаги ЎРҚ-589-сон Қонунига
11-ИЛОВА