Soliqqa tortish prinsiplari (tamoyillari) – soliq siyosatini amalga oshirishni belgilab beradigan va soliqlar bo‘yicha byudjet topshiriqlarini tuzish orqali realizatsiya qilinadigan mustahkam o‘rnashib qolgan qoidalar yig‘indisi. Ularning eng muhimlari qatoriga quyidagilar kiradi: 1) adolatlilik. Bu prinsip fuqarolar o‘rtasida ularning daromadlariga mos ravishda soliqlarning bir tekis taqsimlanishini va soliqqa tortishning hammaga (eng umumiyligini) tegishli ekanligini taqoza etadi; 2) aniqlilik. Bu prinsip soliqning summasi, uni hisoblash tartibi (uslubi) va to‘lov vaqti soliq to‘lovchiga oldindan aniq ma’lum bo‘lishi kerakligini talab qiladi; 3) qulaylilik. Bu prinsip soliq to‘lovchilar uchun soliqning olinish uslubi (tartibi) va vaqti eng qulay bo‘lishi kerakligini anglatadi; 4) iqtisod qilish, tejab tergash. Bu
prinsipning mazmuni soliqqa tortish tizimini oqilonalashtirish va soliqlarni undirish xarajatlarini kamaytirishdan iboratdir. Vaqt o‘tishi bilan soliqqa tortishning bu prinsiplari qatoriga soliqlarning harakatchanligi va etarliligini ta’minlash (davlatning obyektiv ehtiyojlari va imkoniyatlariga muvofiq soliq oshirilishi yoki qisqartirilishi (kamaytirilishi) mumkin), soliqqa tortishning zaruriy manbasi va obyektini tanlash, soliqqa tortishning bir martaliligi kabi prinsiplar ham qo‘shildi.
Soliqqa tortish nazariyalari– soliqqa tortish amaliyotini nazariy jihatdan asoslashga urinish. Soliqqa tortish nazariyasi tarixida eng dolzarb muammo sifatida quyidagi savollarning javobini izlab topish sanaladi: Byudjet daromadlarini shakllantirishda sof fiskal usullardan foydalanish maqsadga muvofiqmi yoki soliqlarni pasaytirish orqali tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish va soliqqa tortish bazasini kengaytirish kerakmi? Bularning qaysi biri afzal? Qaysi biri maqsadga muvofiq? va h.k.
Soliqlar klassifikatsiyasi– soliqlarning undirilish uslubi, qo‘llaniladigan stavkalarning xarakteri, soliq imtiyozlari, soliqqa tortish manbai va obyekti kabi belgilar bo‘yicha guruhlarga ajratilishi (bo‘linishi). Belgilanish uslubiga ko‘ra soliqlar to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarga bo‘linadi. Daromad solig‘i, foyda solig‘i, resurs to‘lovlari va molmulk solig‘i kabilar to‘g‘ri (bevosita) soliqlardir. Egri (bilvosita) soliqlar xo‘jalik aktlari va aylanmalari, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishdan vujudga keladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i, boj to‘lovlari, aktsizlar, qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha operatsiyalardan olinadigan soliq va boshqalar ana shular jumlasidandir. Soliqqa tortish manbalari bo‘yicha ham
soliqlar guruhlanadi: ishlab chiqarish xarajatlarining (tannarx)ning tarkibiga kiruvchi, foyda (daromad)dan olinuvchi va boshqa soliqlar. Soliqqa tortish obyektlari bo‘yicha soliqlar klassifikatsiya qilinganda ular quyidagi guruhlarga bo‘linadi: mulk soliqlari, resurs soliqlari (yer solig‘i ham shu guruhga kiradi), daromad yoki foyda solig‘i, harakat soliqlari (xo‘jalik aktlari, moliyaviy operatsiyalar, realizatsiya bo‘yicha aylanmalar, ba’zi bir qolgan soliqlar va bir martalik yig‘imlardan iborat bo‘lgan soliqlar.