Moliya va soliqlar


Fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funksiyalarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir



Yüklə 0,93 Mb.
səhifə74/214
tarix24.10.2022
ölçüsü0,93 Mb.
#66084
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   214
Moliya va soliqlar

Fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funksiyalarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir:
1. Soliqning fiskal funksiyasi;
2. Tartibga solish funksiyasi;
3. Rag‘batlantirish funksiyasi;
4. Soliqning nazorat funksiyasi;
5. Soliqni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funksiyasi.
Soliqlarning asosiy funksiyasi, fiskal (lotincha fiscus so‘zidan kelibchiqqan bo‘lib, g‘azna degan ma’noni anglatadi) xususiyatga ega ekanligidir. Bu o‘rinda mazkur funksiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi, hozirgi vaziyatda esa butun bozor xo‘jaligi tizimi ishlab turishi uchun moddiy imkoniyat vujudga keltiriladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo‘lagini davlat apparatini, mamlakat mudofasini, noishlab chiqarish sohasini, umuman o‘z daromadlari manbaiga ega bo‘lmagan qismini (madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishni ta’minlash uchun o‘zining mablag‘i yetishmaydigan tarmoqlarni (fundamental fan, teatrlar, muzeylar, ko‘plab o‘quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish jarayoni ro‘y beradi. Fiskal funksiya davlatning iqtisodiyotga aralashuvi uchun obyektiv shart-sharoit vujudga keltiradi. Budjet daromadlarini ta’minlash soliq tizimi vazifalaridan bittasi, holos. Soliq tizimi ana shu vazifani xal etar ekan, jamg‘arma va ishlab chiqarishning o‘sish jarayonlariga to‘sqinlik qilmasligi, ijtimoiy adolatni buzmasligi, xalq xo‘jaligi tuzilishida buzilishlar va chetga chiqishlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi, bozor jarayoniga putur yetkazmasligi zarur.
Soliqlarning yana bir muhim funksiyasi iqtisodiy tartibga soluvchi vazifani ado etishidir. Davlat soliqlar orqali ishlab chiqarish sharoitlarini, tovarlar va xizmatlarning sotilishini tartibga solib boradi, iqtisodiy faoliyat uchun muayyan "soliq iqlimi" yaratadi. Soliqlar o‘zining iqtisodiy funksiyasi orqali takror ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatadi, uning o‘sish sur’atlarini rag‘batlantiradi yoki pasaytiradi, mablag‘ to‘planishini tezlashtiradi yoki sekinlashtiradi, aholining to‘lov qobiliyati talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi.
3. Rag‘batlantirish funksiyasi soliq tizimining eng muhim funksiyalaridan biri bo‘lib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy xom-ashyo resurslari, shuningdek moliyaviy va mehnat resurslari, jamg‘arilgan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moliyaviy ahvolni mustahkamlashga va investitsiya faoliyatini jonlantirishga rag‘batlantiradi. Soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi orqali davlat xalq xo‘jaligi taraqqiyotini rag‘batlantiradi, bu bi­lan fiskal funksiyani bajarish uchun bazani kengaytiradi, ishlab chiqarishni soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi orqali rag‘batlantirib, davlat oqilona soliq siyosatini olib borish bilan soliq yukini kuchaytirmasdan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.
4. Soliqlarning nazorat funksiyasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan, soliqqa tortish ob’yekti, soliqqa tortiladigan baza, imtiyozlar singari va hokazo tegishli soliq ko‘rsatkichlarining hisob-kitoblarini tekshirishdek ancha murakkab jarayondan iborat. Soliq hisobi soliq idoralariga belgilangan soliq hisobi shakllari orqali soliq to‘lovchilar o‘zlarining soliq majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini yanada samarali nazorat qilish imkonini beradi.
5. Soliqlarni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funksiyasi ham muhim ahamiyat kasb etib, bu funksiya orqali xarajatlar hajmi va konkret soliqlar davlatning qanday ijtimoiy-iqtisodiy funksiyalarini bajarishga sarflanganligi to‘g‘risida axborot berib turilishi juda zarur. Shunday qilinsa, soliqlarning budjetga tushishi to‘liq, o‘z vaqtida va oson kechadi.
Biz soliq funksiyalarini qisqacha ko‘rib chiqishimiz soliqlar moliya resurslarini tiklash, xo‘jalik faoliyatini tartibga solish va daromadlarni ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlar uchun qayta taqsimlash bo‘yicha muhim vazifalarni bajaradi deb xulosa chiqarishimiz uchun imkon beradi.
Soliqlar iqtisodiyotning tarixiy rivojlanishi bosqichlarida ushbu rivojlanish jarayonlarini ta’minlash maqsadiga bo‘ysunuvchi vazifalarni bajaradi. Soliqlarning funksiyalari esa ana shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi. Demak, soliqlarning funksiyalari, vazifalari bajarilishidan kelib chiqadimi yoki soliqlarning vazifalari funksiyalarining mavjudligidan kelib chiqib bajariladimi kabi aniqlash lozim bo‘lgan muammolar mavjud. Shunday ekan soliqlarning funksiyalari va vazifalari o‘rtasidagi aniq farqli jihatlarni o‘rganish va soliq munosabatlarini tashkil etish mobaynida bu chegaralarni asoslash muammosi mavjudligini qayd etib o‘tish lozim.
Oqilona tashkil etilgan davlat soliq siyosati soliqlarning iqtisodiy funksiyasi orqali ishlab chiqarishni rag‘batlantirar, rivojlantirar ekan, fiskal funksiyasini kengaytiradi, bu bilan soliq yukini ko‘paytirmasdan turib, davlatning o‘zi faoliyat ko‘rsatishi va yashashi uchun obyektiv shart-sharoit ta’min etiladi. Soliqlarning izga solib turuvchi sifatidagi funksiyasining ahamiyati bozor sharoitida o‘sib boradi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo‘q bo‘lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko‘rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo‘lgan "yuqori tashkilot" tushunchasining o‘zi asta-sekin yo‘qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo‘lgan yo‘nalishda rag‘batlantirish zarurati saqlanib koladi.
Soliqqa tortish tizimi orqali texnika taraqqiyotini rag‘batlantirish usullarining ta’siri bir xil emas. Masalan, eskirgan uskunalarni zudlik bilan ro‘yxatdan chiqarish soliqqa tortish bazasini qiskartirish imkoniyatini yaratish hisobiga, avvalo an’anaviy mablag‘ talab qiladigan tarmoqlarda kuch-g‘ayratlarni faollashtirishga yordam beradi, sanoat va butun xalq xo‘jaligi tarmoqlarini ma’lum konservatsiyaga olib keladi. Buning aksicha, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga bevosita ketgan xarajatlarni chegirib tashlash va imtiyozlar berish ilm-fan yutuqlarida barakali foydalanadigan eng ilg‘or tarmoqlarning rivojpanishiga yo‘l ochadi. Jahon tajribasi ko‘rsatishicha, mayda tavakkalchi firmalar ishlab chiqarish texnikasi sohasidagi ilg‘or g‘oyalar va yangiliklarni joriy etishni tezlashtiruvchilik vazifasini o‘taydi. Hozirgi zamonning rivojlangan mamlakatlari soliq tizimi turli imtiyozlar - soliqqa tortish bazasidan ilmiy tadqiqotlar va konstruktorlik izlanishlariga ketgan xarajatlarni chegirib tashlash, mablag‘ning ko‘payishidan daromadlarni soliqqa tortish paytida imtiyozlar berish, shu yo‘l bilan uzoq muddatli qimmatli qog‘ozlarni joylashgirish orqali mablag‘lvrni jalb qilishga imkoniyat tug‘dirish, nihoyat, korporatsiyalarning daromadlarini soliqqa tortishda ilg‘or usullarni qo‘llanish vositasi bilan ilm-fan yutuqlaridan foydalanuvchi kichik firmalar faoliyatini rag‘batlantiradi. Soliq imtiyozlari va chegirishlar orqali fan-texnika taraqqiyotini rag‘batlantirish tizimlari qanchalik murakkab bo‘lmasin, bu tizimlardan birortasi ham mukammal emas, ulardan birortasi ham to‘siqlardan holi bo‘lgan mutloq rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Soliqqa tortish tizimi murakkabligining o‘ziyoq suiste’molliklarga, soliqlardan bo‘yin tovlashga yo‘l ochadi, shuning uchun ham hozirgi zamon rivojlangan mamlakatlarining soliq siyosatida ikkita muqobil yo‘nalish to‘qnashayapti. Birinchisi, soliqlarni tabaqalashtirish, ko‘pdan-ko‘p imtiyozlar va umumiy soliq stavkalari ancha yuqori bo‘lganda soliqqa tortiladigan daromaddan chegirishni joriy etish. Ikkinchisi, imtiyozlar, chegirmalar, undirishlardan asta-sekin voz kechish. Bu yo‘nalish soliq bazasini kengaytiradi hamda soliqqa tortishda umumiy stavkani pasaytirish imkonini beradi. Birinchi yo‘nalish takror ishlab chiqarish va fan-texnika taraqqiyoti jarayoniga aniq maqsadni ko‘zlab ta’sir etishdan kelib chiqadi. Ikkinchi yo‘nalish esa, iqtisodiyotning barcha sohalarida erkin tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun mumkin qadar qulay sharoit yaratishga intiladi. Shunday qilib, davlat soliqlar, imtiyozlar, jazo choralari (sanksiyalar) yordamida texnika taraqqiyotini, ish o‘rinlari sonining ko‘payishini, ishlab chiqarishni kengaytirishga kapital mablag‘ sarflashni va hokazolarni rag‘batlantiradi. Soliqlar vositasida texnika taraqqiyotini rag‘batlantirish avvalo shunda namoyon bo‘ladiki, bunda daromadning texnikaviy qayta qurollanish, rekonstruksiya, tovarlar, oziq-ovqat va bir qator boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun uskunalar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan qismi soliqdan ozod qilinadi. Soliqqa tortish unumli faoliyatni rag‘batlantirish, unumsiz faoliyatni to‘xtatish uchun daromadlar manbaiga ta’sir o‘tkazish yo‘li bilan korxonalarning iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishi mumkin. Masalan, mamlakat sanoatini chet ellik raqobatchilardan himoya qilish uchun import tovarlarga soliq joriy etish usulidan foydalaniladi, bu bilan xorijga ko‘p mablag‘ chiqib ketishining oldi olinadi, mamlakat ichkarisidagi ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi. Ayni paytda eksport tovarlar soliqdan ozod qilinishi chetga mahsulot chiqarish imkoniyatlari kengayishi uchun qo‘shimcha mablag‘lardan foydalanishga sharoit yaratib beradi. Ijtimoiy xarajatlarni (atrof-muhitni ifloslantirish, aholi sog‘ligiga havf tug‘dirish va hokazo) ko‘paytirayotgan firmalarning mahsulotlariga qo‘shimcha soliqlarning joriy etilishi tez-tez ularning faoliyati to‘xtab qolishiga olib keladi, tabiatni muhofaza qilish va mehnat sharoitini yaxshilash choralarini ko‘rish zaruratini tug‘diradi. Soliqlar ishlab chiqarishning muayyan tarmoqlarini himoya qilish uchun undiriladigan paytlar ham bo‘ladi (masalan, import gazlamaga soliq solinishi uni xaridor olishi mumkin bo‘lgan narxdan qimmatlashtirib yuboradi). Jamiyat nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq bo‘lmagan faoliyatni cheklash uchun ham soliqlardan foydalaniladi. Masalan, spirtli ichimliklar va sigaretalarga soliqlar faqat budjetni to‘ldirish uchun emas, balki bunday mahsulotlarni iste’mol qilishni cheklash uchun solinadi. Keltirilgan misollar xo‘jalik faolligining, bir turini rag‘batlantirish va ikkinchi turini cheklash, chet ellik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatchilik darajasini boshqarish va hokazolar yo‘lidan foydalanib, soliqlar yordamida qanday qilib aholi, korxona va tashkilotlarning iqtisodiy faoliyatini izga solib turish mumkinligini ko‘rsatadi.

Yüklə 0,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   70   71   72   73   74   75   76   77   ...   214




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin