1. Xalqaro moliyani shakllanishining moddiy asosi nima hisoblanadi?
2. Xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining moliyaviy resurslari qanday shakllantiriladi va taqsimlanadi?
3. “Xalqaro moliya” kategoriyasigi tushuntirish bering.
4. Xalqaro hisob-kitoblar qanday shakllarda amalga oshiriladi?
5. Xalqaro moliya institutlari qanday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradilar?
6. Xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning vazifasi nimalardan iborat?
7. Xalqaro moliyaviy birlashmaning faoliyatini tushuntirib bering?
8. BMT tarkibida qanday moliyaviy muassasalar tashkil etilgan
9. Xalqaro valyuta fondining maqsadi va vazifalari nimalardan iborat?
10. Jahon bankining maqsadi va vazifalari nimalardan iborat?
11. Evropa tiklanish va taraqqiyot banki maqsadi va vazifalari nimalardan iborat?
13-Mavzu: Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va prinsiplari. Reja 1. Soliqlarning mazmuni va iqtisodiy mohiyati 2. Soliqlarning turkumlanishi 3. Soliqlarning tamoyillari
1. Soliqlarning mazmuni va iqtisodiy mohiyati. Soliqlar aholidan, korxonalar va xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlardan davlat (markaziy va mahalliy hokimiyat organlari) tomonidan undirnib olinadigan majburiy to‘lovlardir. Soliq o‘z mohiyatiga ko‘ra ijtimoiy mahsulotning (yalpi ichki mahsulotning YaIM) bir qismi bo‘lib, soliq to‘lovchi bundan biron-bir foyda ko‘rish-ko‘rmasligidan qat’iy nazar, o‘z mablag‘laridan davlat hisobiga majburiy ajratmalar ko‘rinishida aks etadi.
Qonun xujjatlarida «Soliq deganda ushbu Kodeksda belgilangan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoki davlat maqsadli jamg‘armasiga (bundan buyon matnda budjet tizimi deb yuritiladi) to‘lanadigan majburiy beg‘araz to‘lov tushuniladi».(Soliq kodeksining 16-moddasi).
«Yig‘im deganda budjet tizimiga ushbu Kodeksda yoki boshqa qonun hujjatlarida belgilangan majburiy to‘lov tushuniladi, bu yig‘imning to‘lanishi uni to‘lovchi shaxsga nisbatan vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi tomonidan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan unga muayyan huquqlarni yoxud ruxsat etuvchi hujjatlarni berish shartlaridan biri bo‘ladi».
Shaxsning zimmasiga sud tartibida yuklatilgan jarimalar va boshqa to‘lovlar, shuningdek qonunda belgilangan hollarda mol-mulkni musodara qilish hamda boshqacha tarzda olib qo‘yish soliqlar yoki yig‘imlar jumlasiga kirmaydi.
Soliqlarning mohiyatini tushunishga yordam beruvchi uchta tavsifni keltirib o‘taylik.
1. Soliq to‘lovchi pulning u yoki bu summasini davlatga to‘lar ekan, buning evaziga bevosita biron-bir tovar yoxud xizmat olmaydi. Alohida olingan soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq miqdori bilan u iste’mol qiladigan ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud bo‘lmaydi. Xuddi ana shu xususiyatiga ko‘ra soliq bahodan (tovar yoki xizmatlarni ixtiyoriy iste’mol qilganligi uchun to‘lanadigan haq sifatida) ruxsatnoma (litsenziya)lar va vositachilik yig‘imlaridan farq qiladi, chunki bular majburiy yoki ixtiyoriy to‘lovlar hisoblansa-da, biroq hamma vaqt hukumat tomonidan ko‘rsatilgan xizmatdan muayyan foyda (naf) ko‘rilishi bilan bog‘liqdir. Davlatga to‘lanadigan soliqlar bilan uning evaziga olinadigan iqtisodiy va ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida bevosita, har bir kishining ko‘zi ilg‘aydigan bog‘liqlikning yo‘qligi soliq to‘lovchilar soliqqa tortishni yuk sifatida baholashlari uchun caba6 bo‘ladi, vaholanki, ular soliqlar hisobidan qilinadigan davlat xarajatlarining yo‘nalishini ma’qo‘llashlari ham mumkin. Alohida olingan soliq to‘lovchi odatda jamiyat va o‘zining ko‘rgan foydasi yoki manfaatini to‘lagan soliqlari bilan solishtirib o‘tirmaydi. Bu shunga olib keladiki, oqibatda fuqarolarning bir qismi soliqlar to‘lashdan bo‘yin tovlashga, o‘z daromadlarini yashirishga urinadi. Davlat o‘z fuqarolaridan yig‘ib olgan soliqlarni samarali va oshkora tarzda ishlatsa hamda fuqarolarning aksariyat qismi davlatning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa dasturlarini o‘z mablag‘lari hisobidan pul bilan ta’minlashga rozi bo‘lgandagina yuksak soliq ahloqi tamoyillari tantana qiladi.
2. Soliqlar majburiy to‘lovlar hisoblanadi. Soliqlarning to‘la va o‘z vaqtida to‘lanishi uchun javobgarlik soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklangan bo‘lsa-da, ular ixtiyoriy emas, majburiy ravishda to‘laydilar, davlat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarni qattiq jazolaydi.
3. Davlat foydasiga soliq to‘lash orqali daromadning avvaldan belgilab qo‘yilgan, eng muhimi, qonuniy tartibda ko‘zda tutilgan qismi undirib olinadi. Ko‘pgina davlatlarning, jumladan, O‘zbekistonning ham qonunlarida soliqlarni belgilash va ularning hajmlarini aniqlashga faqat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat yoki uning tomonidan vakolat berilgan organlar haqlidirlar, deb mustahkamlab qo‘yilgan. o‘zining xohish-istagiga qarab yangi soliqlar belgilash yoki ularning hajmlarini aniqlashga xech kimning haqqi yo‘q. To‘lovlarning qonuniy, ochiq-oydin xususiyatga ega bo‘lishi soliqlarning bosh tavsifidir.
Qayd etish lozimki, hozirga qadar davlatning funksiyalarini bajarish uchun lozim bo‘lgan moliyaviy mablag‘larni shakllantirishning soliqlardan boshqa usuli jahon amaliyotida qo‘llanilgan emas. Demak, hukmron kuch sifatida davlat mavjud ekan, moliyalashtirish usuli sifatida soliqlar amal qiladi. Ma’lumki, jamiyat iqtisodiy hayoti juda murakkab iqtisodiy hodisalardan iborat bo‘lib, ana shu murakkablik bevosita soliqlarga ham tegishli, bu holat soliqlarning iqtisodiy mohiyatini teran anglashni taqozo etadi.
Soliqlar majburiy to‘lovlarni ifoda etuvchi pullik munosabatlarni bildiradi. Bu munosabatlar soliq to‘lovchilar bilan ularni o‘z mulkiga aylantiruvchi davlat o‘rtasida bo‘ladi. Davlat uchun budjet daromadlarining asosiy manbai hisoblangan soliqlar katta ahamiyatga ega.
Soliqlar to‘g‘risidagi qarashlar tarixan ob’yektiv va sub’yektiv omillarning ta’sirida shakllangan. Soliqlarga doir turli ta’riflarni tahlil qilish, ularning konkret iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot jarayonidagi mohiyatini asoslash, soliqlarning iqtisodiy rolini va soliq qonunchiligiga asos bo‘lgan soliq tamoyillarini belgilash hamda soliq tizimida, jamiyat taraqqiyotida mavjud bo‘lgan soliqlarning tutgan o‘rnini aniqlash zarurdir. Chunki davlat paydo bo‘lishi bilan soliqlar jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlarning zaruriy talablaridan biri bo‘lib hisoblanib kelgan. Davlat tuzilishi shakllari rivojlanishi bilan bir vaqtda soliq tizimi o‘zgargan va takomillashtirilgan. Soliq tizimining o‘zgarishi va takomillashtirilishi soliqlarning turlari, miqdorlari va yig‘ib olish usullari xilma-xil bo‘lganligi bilan asoslanib kelgan. Masalan, Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti tarixida soliqlar aholidan shaxsiy mol-mulk, yerdan olingan hosil, uy hayvonlari va boshqalar uchun «zakot» sifatida olingan.
Davlat faoliyatining barcha yo‘nalishlarini mablag‘ bilan ta’minlashning asosiy manbalaridan biri va davlat ustuvorligini amalga oshirishning iqtisodiy vositasi soliqlardir. Soliq tizimini tartibga solish va mukammallashtirish moliyaviy tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan soliqlar orqali tartibga solish, davlat budjeti daromadlarini shakllantirish soliq solish vositasida jamiyatdagi u yoki bu jarayonlarning rivojlanishiga ta’sir etuvchi usul hisoblanadi. Davlatning mavjudligi soliqlar bilan uzviy bog‘liq, chunki soliqdan tushadigan tushumlar davlat iqtisodiy mustaqilligining asosiy manbai hisoblanadi.
Insoniyat tarixida yirik davlat arboblaridan biri, o‘rta asrlarda buyuk saltanat barpo qilgan Amir Temur soliqlarga katta e’tibor qaratgan. U davlatni idora qilish tizimini yuzaga keltirishda asosan soliqlarga tayangan. O‘sha davrning davlat moliyasi bu tizimning eng muhim unsurlaridan biri ekanligi, u davlatni boshqarishdagi barcha jihatlarga uzviy bog‘langanligi bilan tubdan farq qilib turgani va ayni shu xususiyatiga ko‘ra boshqaruvning barcha tarkibiy qismlari orasida markaziy o‘rinni egallaganligi bugungi kunga kelib hammaga ayon bo‘lmoqda.
Ulkan davlat moliyasini boshqarish murakkab jarayon ekanligini tushungan Amir Temur moliyaviy hokimiyatni markazlashtirishga urinmadi. Joylarda shakllangan soliq tizimini o’zgartirmagan holda, soliq yig’imini amalga oshirishni o’zi zabt etgan 27 shahar va tumanlar mahalliy hokimiyati zimmasiga yuklagan. "Agar xalq boshqarishning oldingi tartiblarida yashashni istasa, bu istak amalga oshirilardi, aks holda soliqlar men o’rnatgan tartib bo’yicha yig’ilardi", - deb yozgan edi Amir Temur o’z tuzuklarida.
Xazinaning chiqim qismi soliqlar yig’ishning barqaror tizimini kiritishni talab qilar edi. Amir Temur va temuriylar davrida soliqlarning 20 dan ortiq turi mavjud bo’lgan. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
- sar shumor - jon boshiga to’lanadigan soliq, miqdori 1 dinordan 10 dinorgacha bo’lgan, aholining barcha tabaqasiga tatbiq etilib, moddiy boylik darajasiga qarab belgilangan;
- xiroj - temuriylar va ulardan keyingi davrlarga taalluqli asosiy yer solig’i. U yig’ib olingan hosilning uchdan bir qismiga teng bo’lib, pul yoki mahsulot shaklida undirilgan;
- sar daraxt - mevali daraxtlar va uzumzor uchun to’lanadigan soliq, pul shaklida olingan;
- dudi - tutun solig’i, har bir uy yoki hovlidan o’z ehtiyojlari uchun tayyorlagan o’tindan foydalanganligi uchun soliq bo’lib, mahsulot shaklida, keyinchalik esa pul shaklida olingan;
- avariz - favqulodda soliq, shahar yoki qishloq aholisidan urush chiqimlarini va saroyda o’tkaziladigan bayramlarni qoplash maqsadida olingan;
- uloq - davlat xizmatidagi odamlarga beriladigan ot;
- mir hazaron - ma’lum bir joyda yashovchi aholidan shu yerdagi qo’shinni moddiy ta’minlashga olinadigan soliq.
Amir Temur pul siyosatini olib borgan holda, bu siyosatni Movarounnahrni iqtisodiy rivojlantirish bilan mutanosiblashtirishga katta ahamiyat bergan. Shuning uchun u aholi uchun og’irligi tushmaydigan soliq siyosatini olib borgan. Ayrim hollarda dehqonlar xiroj solig’idan butunlay ozod etilganlar. Masalan, Temur o’z tuzuklarida shunday yozgan edi: "Agar dehqon yangi ochilgan yerda ekin eksa yoki tashlab qo’yilgan yerni obodonlashtirsa, u birinchi yil soliq to’lashdan butunlay ozod etilgan, ikkinchi yil qancha xohlasa shuncha soliq to’lagan, uchinchi yili esa umumiy soliq to’lash qoidasi bo’yicha soliq to’lagan".
Tarixan soliqlar, davlatni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan majburiy to‘lovlar sifatida, davlat paydo bo‘lishi bilan vujudga kelgan. Soliqlar davlat faoliyat ko‘rsatishining moddiy asosini tashkil etadi, ularning iqtisodiy tabiati xuddi shu yerdan kelib chiqadi.
Bozor munosabatlarining shakllanishi davrida soliqlar korxonalarning iqtisodiy faoliyatini tartibga solishning ham bilvosita quroli hisoblanadi.
Soliqni to‘lash xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar bilan davlat o‘rtasida yangidan yaratilgan qiymatni taqsimlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Biror-bir jamiyatni soliq tizimisiz tasavvur qilish mumkin emas. Chunki soliqlar budjet daromadlari (pul fondi)ni tashkil etishning asosiy vositasi bo‘libgina qolmay, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ishlab chiqarishni rag‘batlantirishda investitsiyalarni ko‘paytirishga, raqobatbardosh mahsulotni ko‘paytirishga, kichik biznesni rivojlantirishga, xususiy korxonalar ochish bilan bog‘liq bo‘lgan bozor infratuzilmasini barpo qilishga, umumdavlat ehtiyojlarini qondirishga va shu kabilarga xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o‘zining ichki va tashqi vazifalarini, har xil ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning asosiy qismini soliqlar orqali to‘playdi. Jumladan, soliqlar respublika va mahalliy budjetlar daromadini shakllantiradi, davlat ijtimoiy dasturlari uchun moliyaviy negiz yaratadi, soliq to‘lovchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshqaradi, ularning tabiiy resurslardan unumli foydalanishga bo‘lgan intilishini rag‘batlantiradi, narx belgilashga ta’sir ko‘rsatadi, aholining turmush darajasini tartibga solib turadi, imtiyozlar yordamida esa aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etishga yordam beradi.
Soliqlarning funksiyalari to‘g‘risida turli xil qarashlar mavjud. Sobiq sotsialistik mamlakatlar iqtisodchilari o‘rtasida soliqlar ikki funksiyani bajaradi, degan qarash keng tarqalgan edi. Bu ikki funksiya sifatida fiskal va nazorat funksiyalari tan olinardi. Ularning fikriga ko‘ra eng asosiy funksiya bu soliqlarning fiskal funksiyasidir, chunki busiz nazorat funksiyasining mavjud bo‘lishi mumkin emas.
Soliqlarning funksiyalari ularning mohiyatini amaliyotda harakat qilayotganligini ko‘rsatadi. Shunday ekan, funksiya doimo yashab, soliq mohiyatini ko‘rsatib turishi zarur. Bugun paydo bo‘lib ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan holatlar soliq funksiyasi bo‘la olmaydi. Demak, funksiya kategoriyasi doimiy, qat’iy takrorlanib turadigan voqelikni ifodalaydi. Shunday uslubiy yondashishdan kelib chiqib soliqlar funksiyasini aniqlash kerak.
Soliqlarning funksiyalari masalasida katta bahslashuvlar mavjud, lekin yagona bir fikrga kelingan emas. Ko‘pchilik iqtisodchilar soliqlarga fiskal, boshqaruvchi, rag‘batlantiruvchi, nazorat funksiyalari xos deb ta’rif berishadi.