Davlat byudjeti – davlat pul mablag‘larining (shu jumladan davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining) markazlash-tirilgan fondi, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar sarfi yo‘nalishlari va miqdori nazarda tutiladi. Qonun kuchiga ega bo‘lgan davlatning asosiy moliyaviy rejasi. Davlat hokimiyatining qonunchilik organi tomonidan tasdiqlanadi. Davlat pul mablag‘lari markazlashtirilgan fondini shakllantirish va foydalanish jarayonidagi iqtisodiy (pul) munosabatlar(i)ni ifodalaydi. Milliy daromadni qayta taqsimlashning asosiy quroli. Asosiy funksiyalari 1)mamlakatning yalpi ichki mahsuloti va milliy daromadini taqsimlash; 2) iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish va rag‘batlantirish; 3)
davlatning sotsial siyosatini moliyaviy jihatdan ta’minlash; 4) pul mablag‘larining shakllantirilishi va ulardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish.
Davlat byudjeti tuzilmasi– respublika byudjetini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetini va mahalliy byudjetlarni o‘z ichiga oladi. Davlat byudjeti tarkibida davlat maqsadli jamg‘armalari jamlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti Qoraqalpog‘iston Respublikasining Respublika byudjetini hamda tumanlar va respublikaga (Qoraqalpog‘istonga) bo‘ysunuvchi shaharlar byudjetlarini o‘z ichiga olsa, viloyat byudjeti esa viloyat byudjetini, tumanlar va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar byudjetlarini o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, tumanlarga
bo‘linadigan shaharning byudjeti shahar byudjetini va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar byudjetlaridan iboratdir. Tumanga bo‘ysunadigan shaharlari bo‘lgan tumanning byudjeti tuman byudjetini va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar byudjetlarini o‘z ichiga oladi.
Davlat byudjeti xarajatlari– davlat pul mablag‘lari fondini taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy munosabatlar; davlat va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari funksiyalari va vazifalarini moliyaviy jihatdan ta’minlashga yo‘naltiriladigan pul mablag‘lari. Tarkibi quyidagilardan iborat: 1) byudjet mablag‘lari oluvchilarning joriy xarajatlari; 2) joriy byudjet transfertlari; 3) kapital xarajatlar (asosiy fondlar va vositalarni davlat ehtiyojlari uchun olish va takror ishlab chiqarish, xorijiy mamlakatlarda davlat ehtiyojlari uchun yer va boshqa mol-mulk olish, davlat ehtiyojlari uchun erga bo‘lgan huquqni va boshqa nomoddiy aktivlarni olish, davlat zaxiralarini vujudga keltirish va boshqalar); 4) kapital xarajatlarni qoplash uchun yuridik shaxslarga beriladigan byudjet transfertlari; 5) rezident yuridik shaxslarga va xorijiy davlatlarga beriladigan byudjet ssudalari; 6) davlat maqsadli fondlariga beriladigan byudjet ssudalari va dotatsiyalari; 7) davlat
qarzini qaytarish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha to‘lovlar; 8) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlar.