Adolatlilik prinsipi - soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emas. Mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq tizimining yagonaligi prinsipi -Soliq tizimi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagonadir. O‘zbekiston Respublikasining yagona iqtisodiy makonini buzuvchi, xususan, O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasida tovarlarning (xizmatlarning) yoki moliyaviy mablag‘larning erkin muomalada bo‘lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo‘yadigan soliqlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oshkoralik prinsipi-soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari rasman e’lon qilinishi shart. Rasman e’lon qilinmagan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
Soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi - Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi.
Nazorat savollari. 1. Soliqlarning deganda qanday kategoriya tushuniladi?
2. Soliqlarning mohiyati nimadan iborat?
3. Soliqlar qanday funksiyalarni bajaradi?
4. Bevosita va bilvosita soliqlarning mohiyatini tushuntirib bering.
5. Soliqlar qanday mezonlar bo‘yicha turkumlanishi mumkin?
6. O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimiga xarakteristika bering.
7. Soliq prinsiplarini mohiyatini tushintiring.