Soliq solinadigan baza - soliq solish ob’ektining soliq yoki boshqa majburiy to‘lovning stavkasi tatbiqan belgilangan ko‘rsatkichlardagi qiymat, miqdor, fizik va boshqa tavsiflarini ifodalaydi.
Hisoblanadigan soliq miqdori nafaqat soliq stavkalarining miqdoriga, shu bilan birgalikda soliq stavkasi qo‘llaniladigan ob’yektning miqdoriga ham bog‘liq. Soliq solinadigan bazaning miqdori qonunchilikda soliqqa tortilishi lozim bo‘lgan soliq solish ob’yektidan ruxsat etiladigan chegirmalarga bog‘liq ravishda o‘zgarib turishi mumkin. Soliq solish bazasini soliq to‘lovchilarning mazkur toifasiga taqdim etiladigan soliq imtiyozlariga muvofiq ravishda kamaytirishga ruxsat etiladi.
Soliq stavkasi- soliq solinadigan bazaning o‘lchov birligiga nisbatan hisoblanadigan foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorni ifodalaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalari, agar Soliq kodeksida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Soliq stavkalari foizlarda yoki mutloq summada belgilanishi mumkin. Soliq stavkasi soliq elementlari ichida eng ko‘p amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan unsurdir. Chunki soliq stavkalarini o‘zgartirish orqali davlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatiga ta’sir etadi.
Soliq stavkalari, undirilishga, mohiyatiga va amal qilishi nuqtai nazaridan bir necha turlariga ajratiladi: Soliq stavkalarining biri proporsional soliq stavkasi bo‘lib, bu soliq stavkasining asosiy mohiyati shundan iboratki, yuridik yoki jismoniy shaxslardan oboroti, foydasi yoki boshqa bir soliq ob’yektining bir xil turida yangi qo‘llashdan muhim xususiyati shundaki, soliq to‘lovchi ega bo‘lgan foyda (daromad), divedend, oborot yoki mol-mulk qiymatini hajmi (summasi) qancha bo‘lishidan qat’i nazar bir xil tartibda, ya’ni bir xil foizda soliq stavkasi qo‘llaniladi.
Soliq stavkalarining keyingi turi progressiv soliq stavkasi hisoblanadi. Progressiv soliq stavkasi, mohiyati jihatidan proporsional soliq stavkasiga nisbatan teskari holatda amal qilib, unga muvofiq soliq to‘lovchilarning daromadlari, foydasi yoki oboroti ortib borishiga muvofiq tarzda soliq stavkasining ham ortib borishi tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i misolida ko‘rishimiz mumkin. Bunga muvofiq, jismoniy shahslarning olgan daromadi oshib borishi bilan birga belgilangan shkala asosida soliq stavkasi oshib boradi.