Regressiv soliq stavkasida soliq to‘lovchining soliqqa tortiladigan daromadi, oboroti, mol-mulk qiymati kabi soliq ob’yektining ortib borishi bilan soliq stavkasining kamayib borishi ifodalanadi. Bundan ko‘rinadiki, regressiv soliq stavkasi progressiv soliq stavkasiga nisbatan teskari iqtisodiy hodisani ifodalaydi. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida regressiv soliq stavkasi asosan soliqlarning rag‘batlantiruvchilik rolini oshirish maqsadida qo‘llanilib, bu asosan korxonalarning mahsulot (xizmat, ish)ni chetga eksport qilishini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan. Jumladan: yuridik shaxslardan olinadigan foyda va mol-mulk solig‘ida ko‘rish mumkin.
Soliq imtiyozlari- boshqa soliq to‘lovchilarga qaraganda ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga beriladigan afzalliklar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlardir. Ular xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq va (yoki) boshqa majburiy to‘lov to‘lamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda to‘lash imkonini beradi (Soliq kodeksining 30-moddasi). Imtiyozlar muayyan faoliyat sohalarini, asosan sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqarish mahsulotining raqobatbardoshligini oshirish, eksportga yo‘naltirilgan va importning o‘rnini bosadigan mahsulotlar hajmini oshirish va boshqa maqsadlarda beriladi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun imtiyozlar quyidagi ko‘rinishda beriladi:
soliq va (yoki) boshqa majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni to‘lashdan ozod etish;
soliq solinadigan bazani kamaytirish;
soliq stavkasini pasaytirish.
Imtiyozlar amal qilish muddatiga qarab doimiy va muayyan muddatga beriladigan imtiyozlarga bo‘linadi.
Doimiy imtiyozlar cheklanmagan amal qilish muddatiga belgilanadi. Bunday imtiyozlarning asosiy qismi Soliq kodeksida keltirilgan.
Muayyan muddatga beriladigan imtiyozlar vaqtinchalik hisoblanadi. Ular Soliq kodeksi, shuningdek ayrim qonunlar, Prezident qarorlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni amalga oshirayotgan, hudud infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etuvchi yoki O‘zbekiston investitsiya dasturi qatnashchisi hisoblangan korxonalarga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qo‘shimcha tarzda imtiyozlar berilishi mumkin.