- ajratilgan bo‘linma tomonidan amalga oshirilganda:
Debet 8910 24 000 000 so‘m;
Kredit 6110 24 000 000 so‘m;
- sho‘ba va xo‘jalik jamiyatlari tomonidan amalga oshirilganda:
Debet 8910 24 000 000 so‘m;
Kredit 6120 24 000 000 so‘m.
Rezervga ajratmalar me’yori har bir hisobot yili oxirida qayta ko‘rib chiqiladi va zarurat bo‘lganda yangi moliya yili uchun ajratmalar miqdori ko‘paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
Agar kapital ta’mirlashga rezerv mablag‘lari summasi ushbu obyektni ta’mirlashga qilingan haqiqiy xarajatlar summasidan oshib ketsa, oshib ketgan summa bo‘yicha tuzatish (storno qilish) kiritilishi kerak.
Asosiy vositalar obyektlarini ta’mirlashdan, rekonstruktsiya qilishdan, modernizatsiya qilishdan qabul qilish-topshirishni rasmiylashtirish va hisobga olish Asosiy vositalar obyektlarini ta’mirlashdan, rekonstruktsiya qilishdan, modernizatsiya qilishdan qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (AV-3-son shakl) bilan rasmiylashtiriladi.
Dalolatnoma ikki bo‘limdan iborat. Birinchisida asosiy vositalar obyektlarini ta’mirlashga, rekonstruktsiya qilishga, modernizatsiya qilishga berish vaqtidagi ma’lumotlar, ikkinchisida esa asosiy vositalar obyektlarini ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish, modernizatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlar ko‘rsatiladi.
Dalolatnoma asosiy vositalar obyektlarini qabul qilish komissiyasi a’zolari yoki qabul qilishga mas’ul shaxs tomonidan imzolanadi. Agar ta’mirlash boshqa korxona tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma ushbu korxonaning vakili tomonidan imzolagan bo‘lishi kerak. Agar ta’mirlash korxonaning tarkibiy bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, u holda dalolatnomaga ta’mirlashni, rekonstruktsiya qilishni, modernizatsiya qilishni amalga oshirgan tarkibiy bo‘linmaning vakili o‘zining imzosini qo‘yishi va korxona rahbari yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Dalolatnomaning bir nusxasi buxgalteriyaga topshiriladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, agar ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish, modernizatsiya qilish o‘zga korxona tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma ikki nusxada tuziladi va birinchi nusxa korxonada qoladi, ikkinchi nusxa esa ta’mirlashni, rekonstruktsiya qilishni, modernizatsiya qilishni amalga oshirgan korxonaga beriladi. Ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish, modernizatsiya qilish bo‘yicha ma’lumotlar asosiy vositalar obyektlarini hisobga olish kartochkasi (AV-6-son shakl)ga kiritiladi.
Asosiy vositalarni uzoq vaqt davomida natural shaklini saqlagan va qiymatini bir vaqda o‘zgartirishi bilan ishlashi bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlari amortizatsiya miqdorini aniqlash zaruriyatini keltirib chiqaradi. Ushbu miqdor asosiy vositalardan foydalanish jarayonida ularning eskirishi yoki boshlang‘ich qiymatini kamayishi miqdorini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, asosiy vositalar qiymati odatda amortizatsiyani hisoblash yo‘li bilan qoplanadi. Amortizatsiyalanadigan qiymat butun foydali xizmat muddati mobaynida subyekt xarajatlariga amortizatsiya ajratmalari ko‘rinishida muntazam taqsimlanadi. Bu yerda amortizatsiyalanadigan qiymat deganda, moliyaviy hisobotlarda faraz qilinayotgan (baholangan) tugatish qiymatini chegirgan holda ko‘rsatilgan aktivning boshlang‘ich (tiklash) qiymati summasi tushuniladi.
Amortizatsiya foydali xizmat muddati mobaynida aktivning amortizatsiyalanadigan qiymatini asosiy vositalarning vazifasidan kelib chiqqan holda mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga yoki davr xarajatlariga muntazam taqsimlash va o‘tkazish ko‘rinishida eskirishning qiymat ifodasi sifatida aniqlanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, asosiy vositalar obyekti bo‘yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyekt asosiy vositalar tarkibiga qabul qilingan oydan keyingi oyning dastlabki sanasidan boshlanadi hamda mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati to‘liq qoplangunga qadar yoxud bu obyektni balansdan hisobdan chiqarilguncha amalga oshiriladi. O‘z navbatida agar asosiy vositalar obyekti bo‘yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyektni qabul qilingan oydan keyingi oyning dastlabki sanasidan boshlanadigan bo‘lsa, u holda mazkur obyektlar bo‘yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash ushbu obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati to‘liq qoplangan yoki bu obyekt balansdan hisobdan chiqarilgan oydan keyingi oyning dastlabki sanasida to‘xtatiladi.
Asosiy vositalar obyektini foydali ishlatish muddati davomida amortizatsiya ajratmalarini hisoblash to‘xtatilmaydi, uni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiya qilishga o‘tkazish, shuningdek uni butkul to‘xtatish sharti bilan obyektni qurib bitkazish, qo‘shimcha jihozlash, rekonstruktsiya qilish, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish holatlari bundan mustasno49.
Asosiy vositalarning texnik darajasi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi aniqlanganda yoki 3 oy mobaynida ulardan ishlab chiqarish maqsadlarida foydalanish zarurati bo‘lmaganda - ularga bo‘lgan talab tiklangungacha yoki yangi mulkdorga sotish davrida, biroq 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga asosiy vositalar konservatsiya qilinishi mumkin. Bunda, aniq bir texnologik majmuaga kiradigan va (yoki) tugallangan texnologik jarayonga ega bo‘lgan asosiy vositalar obyektlari konservatsiya qilishga o‘tkazilishi mumkin. Buxgalteriya hisobiga qabul qilingan foydalanilmayotgan asosiy vositalar obyektlarini konservatsiya qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-sentyabrdagi 401-son qarori bilan tasdiqlangan “Foydalanilmayotgan asosiy vositalarni, qurilishi tugallanmagan obyektlarni konservatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda belgilangan.