Moliyaviy tahlilda qo‘llaniladigan usullar: an’anaviy (taqqoslash, balans, o‘rtacha miqdorlar, zanjirli almashtirish, indeks, farqli, nisbiy ko‘rsatkichli kabi) va iqtisodiy matematik (integral, chiziqli va chiziqsiz dasturlash, nazariy o‘yin, korelyasiya va regretsiya; determinant, logarifm kabi) usullar.
Tahlilni tashkil etish shakli sifatida ichki moliyaviy tahlilni tashkil etilishi va tashqi moliyaviy tahlilni tashkil etilishini tarkiblash maqsadga muvofiqdir.
Tashqi moliyaviy tahlil cheklangan axborotlarni aks ettiruvchi moliyaviy hisobot shakllari asosida xo‘jalik yurituvchi subektlarning moliyaviy holatini o‘rganishni xarakterlaydi va korxona erishgan natijalarining barcha sirlarini ochib berish imkonini bermaydi. Ushbu tahlil ichki axborot bazasidan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan, korxona faoliyati bilan qiziquvchi kontragentlar, mulk egalari yoki davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tashqi moliyaviy tahlilning ahamiyatli jihatlari quyidagilar bilan xarakterlanadi:
- tahlil subyektlari va axborot foydalanuvchilarining ko‘pligi;
- tahlilchilarning maqsadi va qiziqishlarining turli tumanligi;
- hisobga olish va hisobotlarning normativ qoidalari, tahlil etishning rasmiy jihatlarining belgilanganligi;
- tahlilning faqat chop etiladigan moliyaviy hisobot shakllaridagi axborotlar bazasiga tayangan holda o‘tkalishi;
- qo‘yiladigan analitik masalalarning cheklanganligi;
- axborot foydalanuvchilar uchun korxona faoliyati yuzasidan tahlil natijalaridan foydalanishning maksimal ochiqligi.
Tashqi moliyaviy tahlilning asosiy jihatlari moliyaviy hisobot ma’lumotlari asosida korxona aktivlari, o‘z mablag‘lari manbai va majburiyatlarining o‘zgarishi, to‘lov layoqati va likvidlilik darajasi, moliyaviy holati va barqarorligi, bozor va ish aktivligi, moliyaviy va iqtisodiy salohiyati, iqtisodiy mustahkamligi va nochorligi, foyda va rentabellik darajasi, pul oqimi va xususiy kapitalning o‘zgarishlari, korxonaning iqtisodiy reytingini aniqlashga qaratiladi.
Ichki moliyaviy tahlil – korxonaning ichki bo‘limlari, xodimlari tomonidan o‘tkazilib o‘rganiladigan masalalarning ko‘lami bilan tashqi moliyaviy tahlildan farq etadi. Ichki moliyaviy tahlilning axborotlar bazasi va o‘rganiladigan masalalarning ko‘lami tashqi moliyaviy tahlilga nisbatan keng hisoblanadi. Uning axborotlar bazasiga faqat chop etiladigan moliyaviy hisobotlargina emas‚ balki moliyaviy hisobning barcha manbalari va hisobdan tashqari manbalarni ham kiritish mumkin. O‘rganiladigan masalalar ko‘lamini boshqaruvchilar va tahlilchilarning qiziqishlari doirasidan kelib chiqib belgilash mumkin. Ushbu tahlil turining o‘ziga xos xususiyatlarini quyidagi jihatlar bilan izohlash mumkin.
Ichki moliyaviy tahlilning o‘ziga xos jihatlari:
- tahlil subektlarining tor guruhi;
- tahlil natijalari faqat ichki talablarga, korxona boshqaruvi yuzasidan yo‘naltirilganligi;
- teran moliyaviy tahlilni o‘tkazishda axborotlarning keng doirasidan foydalanish imkoniyatining yuqoriligi;
- tahlilni o‘tkazish bo‘yicha normativ metodikalar bilan birgalikda aniq reglamentlari (tartiblari) belgilanmagan usullardan foydalanish imkoniyatlari;
- aniq boshqaruv qarorlarini tayyorlash yuzasidan chuqur moliyaviy tahlilni o‘tkazish imkoniyati mavjudligi;
- boshqaruv apparati talablaridan kelib chiqqan holda analitik ishni tashkil etilishi.
Moliyaviy tahlil mazmuni bo‘yicha to‘liq moliyaviy tahlil va tematik moliyaviy tahlil turlariga ajratiladi.
To‘liq moliyaviy tahlil korxona moliyaviy faoliyatining barcha jihatlarini kompleks o‘rganishni xarakterlaydi. Tematik moliyaviy tahlil korxona moliyaviy faoliyatining alohida jihatlarini va akspektlarini o‘rganishni xarakterlaydi. Tematik moliyaviy tahlil predmetiga: aktivlardan samarali foydalanish, aktivlarni moliyalashtirishda alohida manbalardan optimal foydalanish darajasi, to‘lov layoqati va moliyaviy barqarorlik holati, optimal investitsion faoliyat, kapitalning moliyaviy tuzilishi kabi masalalarni kiritish mumkin.
Moliyaviy tahlilda obektni qamrab olinishi yuzasidan xo‘jalik yurituvchi subektlarning to‘liq (bir butunlikdagi) moliyaviy tahlili, alohida bo‘limlar va birliklar moliyaviy holatining tahlili (iqtisodiy javobgarlik markazlari bo‘yicha) hamda alohida moliyaviy jarayonlar tahlilini tarkiblash mumkin.
O‘tkazish davri bo‘yicha moliyaviy tahlil oldingi, joriy va istiqbolli tahlil turlariga tarkiblanadi.
Oldingi moliyaviy tahlil – korxona moliyaviy faoliyatini bir butunlikda yoki alohida olingan moliyaviy jarayonlar bo‘yicha shart-sharoitlarni bilish bilan bog‘lanadi (masalan, uzoq va qisqa muddatga bank kreditlarini olish yuzasidan korxonaning to‘lov layoqatini baholash).
Joriy (operativ) moliyaviy tahlil – alohida moliya rejalarini bajarilishida yoki moliya operatsiyalarini amalga oshirish davomida operativ tarzda moliyaviy holatga ta’sir etish yuzasidan o‘tkaziladigan tahlil turidir.
Istiqbolli moliyaviy tahlil – amaldagi holatni o‘rganish asosida moliyaviy holat va uning alohida birliklari bo‘yicha kelajakdagi o‘zgarishlarning kutilishlarini baholab beruvchi tahlil turidir.