O'zbek tili grammatik kategoriyalari Grammatik kategoriya - 1) maxsus koʻrsatkichlar Yordamida soʻzlarning oʻzgarishi, birikish va gap hosil qilish qoidalariga asoslangan umumgrammatik tushuncha. G. k. grammatikaning qaysi sohasiga oidligiga koʻra morfologik va sintaktik kategoriyaga boʻlinadi. Sintaktik kategoriyalar morfologik kategoriyaga teng boʻlmaydi. Mas, bizning oila — toʻq oila. Bu jumlada morfologik jihatdan toʻrt soʻz, uch xil soʻz turkumi bor (olmosh, ot va sifat, ot), sintaktik jihatdan esa faqat ikki boʻlak — ega va kesim mavjud. Fe’lda 3 ta gramatik kategoriya bor.
O’tmishda grammatika to’g’ri yozish va gapirishga Yordam beruvchi qonun va qoidalarni o’rgatadi deb tushunilgan. Bugungi kunda grammatika termini tilshunoslikda ikki ma’noda qo’llaniladi. Grammatika deyilganda, birinchidan, tilning grammatik qurilishi, ikkinchidan, tilning grammatik qurilishi haqidagi fan tushuniladi. Ikkinchi ma’noda grammatika so’zlarning ma’lum turkumlarga bo’linishi, ularning har biriga xos formalar, nutqning grammatik qurilishi haqadagi fandir.
Ma’lumki, til kishilik jamiyatida fikr almashish quroli sifatida xizmat qiladi. Kishilarga fikr almashish imkoniyatini yaratib berish uchun har bir til ma’lum miqdordagi grammatik vositalarga ega bo’lishi kerak. Lekin gapning hosil bo’lishi uchun so’zlarning o’zi kifoya qilmaydi. Gapda so’zlar har bir tilning grammatik va fonetik qoidalari asosida birlashib, ma’lum bir fikrni ifodalaydi.
Tilning grammatik qurilishi o’z kategoriyalari va birliklariga ega. Bular so’z formalari, so’z birikmalari va gaplardir.
Grammatika ikki qismdan iborat: morfologiya va sintaksis. Morfologiyada so’z turkumlari, uning kategoriyal va nokategoriyal shakllari o’rganiladi. Sintaksis nutqning grammatik qurilishi haqidagi ta’lim bo’lib, so’z birikmasi, gap va undan yirik bo’lgan birliklarni o’z ichiga oladi.
Grammatikaning quyidagi turlari mavjud:
- tarixiy grammatika
- falsafiy grammatika
- umumiy (universal) grammatika
- qiyosiy grammatika
- tasviriy grammatika (deskriptiv)
- transformatsion grammatika.
Tarixiy grammatika biror bir tilning grammatik qurilishida ro’y bergan o’zgarishlar taraqqiyotini o’rganadi.
Falsafiy grammatika ning asosiy vazifasi til va tafakkur, logik va grammatik kategoriyalarning aloqa imkoniyatlarini o’rganadi.
Umumiy grammatika qaysi til oilasiga mansub ekanligidan qat’iy nazar, hamma tillarga xos bo’lgan umumiy xususiyat va qonuniyatlarni belgilaydi.
Qiyosiy grammatika tillarning grammatik tizimini bir-biri bilan taqqoslab, qiyoslab, ularga xos umumiy va xususiy belgilarni o’rganadi.
Qiyosiy grammatika o’z navbatida qiyosiy–tarixiy va tipologik–qiyosiy grammatikalarga bo’linadi. Rasmus Rask (1787-1832) «Qadimgi island tili va island tilining paydo bo’lishi». YA.Grimm «Nemis tili grammatikasi»(1819).
Tasviriy (deskriptiv) grammatika biror konkret til grammatik qurilishining hozirgi (sinxron) holatini o’rganadi. Deskriptiv grammatikada til birliklari va ularning mohiyatini aniqlashda formal metodlardan foydalaniladi. Deskriptiv grammatikada tilning qurilishini tahlil qilish jarayonida ma’no e’tiborga olinmaydi.