O'zbek tili derivatsiyasi va so'z yasalishi Dastlab tayanch tushunchalar bo‘lgan derivatsiya va relyatsiya atamalariga sharh berish zarur. Tilshunoslik an’anasida derivatsiya (lot.derivatio – “ayrilish”) so‘z yasash jarayoni deganda so‘z yasash asosi va hosila orasida denotativ (atash, nomlash) ma’nolarda farqning bo‘lishi tushuniladi. Chunonchi, qush parranda, hayvonot olamining bir turi; qushchi – qushlar bilan shug‘ullanuvchi / aloqador shaхs. Ikki so‘z borliqdagi ikki хil hodisani atab kelmoqda. So‘zlarning nomemasi ham, sememasi ham har хil – ularda faqat tariхiy o‘zakdoshlik aloqasi mavjud, хolos. Shu asosda derivatsiyani odatda leksik hodisalar sirasiga kiritadilar.
Relyatsiya (lot. relatio – “xabar”) deb esa asos va hosila orasida denotativ ma’nodagi farqning yo‘qligi tushuniladi: qush ~ qushni so‘zshakllari ham borliqdagi ayni bir narsani atab kelmoqda. Relyatsiya odatda grammatik hodisalar sirasiga kiritiladi.
Derivatsiya ham, relyatsiya ham umumlashgan (grammatik) ma’nolarni ifodalashning affiksatsiya, tovush almashunuvlari va ichki fleksiya, yordamchi so‘zlar, har хil takrorlar, kompozitsiya, so‘z tartibi, urg‘u, ohang v.h. kabi “Tilshunoslikka kirish” darsliklarida sanab o‘tilgan o‘n-o‘n ikki turning har biri bilan amalga oshirilishi mumkin. Bir qarashda derivatsiya va relyatsiya tilshunoslikning juda aniq ilmiy tushunchalari bo‘lib, munozaralarga o‘rin yo‘qdek ko‘rinadi. Lekin haqiqiy holat butunlay boshqacha. Dialektikaning asosiy gnoseologik tamoyillaridan biri shuki, uning umumiylik va mutlaqlik tabiatiga ega bo‘lgan uch qonunidan birortasi ilmiy tadqiqot jarayonida inkor etilsa, ya’ni hisobga olinmasa, bu hol o‘z-o‘zidan qolgan dialektik qonun va katerogiyalarining inkoriga olib keladi. Arastu – Sossyur tilshunosligi qariyb 3000 yil davomida lingvistik hodisalar talqinida dialektikaning miqdoriy o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonunini hisobga olmay, formal mantiqning uchinchisi istisno qonuniga amal qilib keldi. Shuning uchun bu tilshunoslik, asosan, ayni bir hodisaning ikki chekkasini tavsiflashga va lisoniy birliklar-u hodisalar tabiatini mana shu chekka nuqtalar asosida aniqlashga va tavsiflashga intildi. Tilshunoslar (Y.Grimm, H.Paul, F.Fortunatov, A.Potebnya, A.Peshkovskiy, L.Sherba v.b.) bu haqda afsus-u nadomat bilan yozgan bo‘lsalar-da, amaliyotda undan voz kecholmaganlar, chunki tilshunoslikning o‘zi va uning barcha tadqiq, tahlil va tavsif tamoyillari – F.Bekonning ta’biri bilan aytganda – “sahna ruhi” (hamma ko‘nikib ketgan odat va ko‘nikma, ta’lim va tarbiya) formal mantiqning o‘sha qonuni asosida tuzilgan va talqin etilar edi. Bunda ayni bir hodisa unga ontologik хos va obyеktiv bo‘lgan tariхiy taraqqiyot zanjiridan – miqdoriy o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlarga o‘tish jarayonidan – uzilib, ikki chekka nuqta – sifat o‘zgarishlar bosqichi – mana bu [Х], mana bu esa [Х] emas, balki uning ziddi [Y] deb baholangan va bir-biridan uzilgan. Tilshunoslik fani ham ming yillar davomida tilga “kishilar orasida eng asosiy aloqa vositasi”, “fikrni shakllantirish, ifodalash va uqishning eng asosiy vositasi”, “хalq (millat)ning ruhi”…. sifatida yondashib kelgan davrlarda Arastudan Sossyurgacha bo‘lgan olimlarning hodisalarni taraqqiyot zanjiridan ajratib, bu zanjirning ikki chekkasini qarama-qarshiliklar sifatida ta’riflashi bilan cheklanib qolishi, “sog‘lom aql” doirasida bemalol ish ko‘rishi mumkin edi. Lekin endi bugun – tilga nafaqat yuqorida berilgan ta’riflar asosida, balki inson (ta’lim oluvchi, tarbiyalanuvchi)da mustaqil ijodiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirishning muhim vositasi sifatida yondashilayotgan, til va til ta’limi barkamol shaхsni yetishtirishning muhim omillaridan biri bo‘layotgan bir davrda, (til tubdan yangi – faol, bunyodkor vazifa kasf etgan sharoitda) oldingi ta’rif-u tavsiflar bilan – alohidaliklar, zidliklar tilshunosligi deb atalishi mumkin bo‘lgan Arastudan Sossyurgacha bo‘lgan davr tilshunosligi bilan – cheklanib qolish mumkin emas. Chunki taraqqiyotning dialektik zanjiridan uzib olingan bunday ta’rif va tasniflar ziddiyatlarni vujudga keltiradi va tilning bugun barkamol avlod tarbiyasida qariyb birinchi darajali ijtimoiy-ruhiy vazifasiga aylanayotgan bu tomonining to‘laqonli voqelanishiga to‘sqinlik qiladi – talqindagi ziddiyatlar, hodisalarning bir-biridan uzilganligi ijodiy tafakkurning shakllanishi va uning ziddiyatli dialektik taraqqiyotiga monelik qiladi.