Yasama so'zning xususiyatlari tiplari va turlari Yasama soʻz — yasovchi qoʻshimchalar yordamida hosil qilingan soʻz: bedazor, ishchi, yozuvchi, maktabdosh, odamsimon; bepul, boobroʻ, sermeva. Oʻzbek tilida yasama soʻz hosil qilishning quyidagi koʻrinishlari mavjud: 1) oʻzakdan yasash (ish+chi): birinchi derivatsiya (birinchi negiz); 2) negizdan yasash (oʻquv+chi); ikkinchi derivatsiya (ikkinchi negiz); oʻquvchi+lik: uchinchi derivatsiya (uchinchi negiz); 3) qoʻshma oʻzakdan yasash (ishbilarmon+lik, pirpir+ak, temiryoʻl+chi). Yasama soʻzga asos boʻlgan komponent — soʻz yasalish asosi yoki motivlovchi asos, undan hosil boʻlgan, yaʼni Ya.s esa motivlanuvchi asos deyiladi. Yasama soʻzning maʼnosi ana shu motivlovchi komponent va yasovchi qoʻshimchaning maʼnosi bilan asoslanadi, shu qismlarning maʼnosidan kelib chiqadi. Soʻzning yasalgan yoki yasalmaganligini belgilashda hozirgi til nuqtai nazaridan qaraladi. Mas, toshloq soʻzi qismlarga ajraladi (tosh+loq; tosh bilan bogʻlanish bor), qishloq soʻzi esa ajralmaydi, chunki bugungi kunda bu soʻzning "qishda yashaydigan joy" maʼnosi unutilgan. Boshqacha aytganda, Yasama soʻzlarda yangi hosil qilingan lugʻaviy birlik bilan avvalgisi (yangi birlikka asos boʻlgani) oʻrtasidagi aloqa sezilib turadi (yana qarang Soʻz yasalishi). So‘z yasalish usullari haqida ma’lumotlar. Yasama so‘zlar tarkibi. Nutqda so‘zlar tub va yasama shaklda qo‘llaniladi. So‘zning yasovchi qismlarga ega bo‘lmagan qismi tub so‘z deyiladi: gul, inson, meva, nozik, bordi, tez. Tub so‘zlar shakl yasovchi va so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalar qabul qilganda ham o‘zining tubligini saqlaydi. Masalan, uycha, kattaroq, beshinchi, ko‘rindi, bog‘dan, do‘stlarim kabilar ham tub so‘zlardir. Tilda mavjud bo‘lgan biror usul asosida hosil qilingan yangi so‘z yasama so‘z deyiladi: gulla, mevali, bog‘bon, qaror qilmoq, ish boshi, asalari, BMT. Yasama so‘zlar tuzulishiga ko‘ra sodda, tarkibli bo‘ladi. Sodda yasama so‘zlar tarkiban bitta yasaluvchi asos va bir yoki birdan ortiq yasovchi qo‘shimchalardan tuziladi. Masalan, ter+im, ang(ong)+la, to‘qi+ma+chilik, suv+siz+lik. Sodda yasama so‘zlarda tashqi va ichki yasalish mavjud. Masalan, payvand+chi, bog‘+bon kabi yasaluvchi asos va yasovchi qo‘shimchalarning bir so‘z turkumga mansubligi ichki yasalish hisoblansa, suva(o)+q+chi, quri+q+lik kabi turkumlararo yasalish esa tashqi yasalish hisoblanadi. Bu turdagi yasalishda o‘zakka avval tashqi yasovchi, keyin ichki yasovchi qo‘shilishi ham mumkin: suvo+q+chi yasalmasidagi –q tashqi, –chi ichki yasovchi qo‘shimchalardir.
Ba’zi sodda yasama so‘zlarning yasalishi tarixiy va zamonaviyligi bilan ham farqlanadi. Chunki yasama so‘zning tarixiy shaklida zamonaviy yasalmaga nisbatan asos va qo‘shimcha o‘rtasidagi munosabatni ilg‘ab olish qiyin kechadi yoki so‘zdagi ma’noli qismlar o‘z ma’nosini yo‘qotgan bo‘ladi. Shu bois qattiq, silliq, suyuq, emakla, quloqchin kabi tarixiy yasalishga ega so‘zlar hozirgi til nuqtai nazaridan tub so‘z hisoblanadi.
Tarkibli yasama so‘zlarda ikki yoki undan ortiq mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgan yasovchi asos ishtirok etadi. Masalan: tosh+ko‘mir, jigar+rang, erta+pishar, BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), AYOQSH (Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasi) kabilar. Bunday yasama so‘zlar ikki yoki undan ortiq ma’noli qism ishtirokida hosil bo‘lsa ham, yaxlitligicha bitta lug‘aviy ma’no ifodalashga xizmat qiladi.