Turkiy tillarda sifatlovchi sifatlanmishiga bitishuv usuli bilan tobelanadi. Turkiy tillarda aniqlovchning yana bir turi borki, u tilshunoslikda turkiy izofa deb yuritiladi. Turkiy tillarda gap bo‘laklari, boshqa til oilasidagiga, masalan hind – evropa tillari oilasidagiga nisbatan o‘zining muntazam joylashish tartibiga ega. Turkiy tillarning boshqa til oilalaridan farq qiladigan tomoni shundaki, bu tillarda qo‘shma gapning ergashgan qo‘shma gap tipidan tashqari, funksional va struktural jihatdan boshqa til oilalaridagi ergash gapga teng keluvchi ravishdosh, sifatdosh oborotlari keng tarqalgan va taraqqiy qilgan.
Mahmud Koshg‘ariyning “Kitobi javohir an-nahv fi-l-lug‘at atturk” nomli ikkinchi asarida turkiy tillar sintaksisi ustida bahs yuritiladi.
11-§. TILSHUNOSLIK VA UNING BO‘LIMLARI
Dunyoda 5 ming xil til mavjud. Bu tillar ma’lum xususiyatlariga ko‘ra guruhlarga ajratilgan.
O‘zbek tili mansub bo‘lgan turkiy tillar guruhi o‘ttizga yaqin tilni o‘z ichiga oladi. O‘zbek tili qardosh tillar bilan bir asosga ega. Shu bilan bir qatorda mazkur tilning keyingi taraqqiyot bosqichlarida shakllangan o‘ziga xos jihatlari mavjud.
O‘zbek tili fani quyidagi bo‘limlardan iborat.
Fonetika-nutq tovushlari, bo‘g‘in va urg‘u haqidagi bo‘lim.
Orfoepiya-adabiy tilning to‘g‘ri talaffuz qoidalari haqidagi bo‘lim.
Orfografiya-to‘g‘ri yozish yoki imlo qoidalarini o‘rganadi.
Grafika-tovush va harf munosabati, alifbo tizimi, yozuv va uning turlarini o‘rganadi.
Leksikologiya-so‘z va uning lug‘aviy ma’nosi, lug‘aviy ma’noning taraqqiyot yo‘llari, so‘zning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari haqidagi bo‘lim.