Dialektologiya-shevalar, lahjalar haqidagi bo‘lim.
Leksikografiya-lug‘at va uning turlarini o‘rganadi.
Til tarixi-til taraqqiyotining tarixiy bosqichlaridagi muhim jihatlarni o‘rganadi.
12-§. FONETIKA
«Fonetika» grekcha so‘zdan olingan bo‘lib, «tovush» ma’nosini anglatadi, ya’ni «tovush haqidagi bo‘lim» demakdir. Nutq tovushlari fonetikada o‘rganiladi. Nutq a’zolari harakati jarayonida hosil bo‘lgan tovushlar nutq tovushlari deyiladi. Nutq tovushlarini hosil qiluvchi nutq a’zolarining jami nutq apparati deb yuritiladi.
Nutq a’zolari nutq tovushlarini hosil qilishdagi ishtirokiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: 1. Faol (aktiv) nutq a’zolari: 1) til; 2) ovoz (un, tovush) paychalari; 3) yumshoq tanglay; 4) og‘iz bo‘shlig‘i (til, lab);
5) pastgi jag‘. 2. Passiv (sust) nutq a’zolari: 1) o‘pka; 2) kekirdak; 3) qattiq tanglay; 4) burun bo‘shlig‘i; 5) tish.
Nutq tovushlari ikki xil: unli va undosh tovushlar.
Unli tovush: o‘pkadan chiqayotgan havo oqimining og‘iz bo‘shlig‘ida hech qanday to‘siqqa uchramay chiqishidan hosil bo‘ladigan tovush unli hisoblanadi. Unli tovushlar oltita: a, i, e, u, o‘, o. Unlilar lab ishtirokiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1. Lablangan unlilar: o, u, o‘ 2. Lablanmagan unlilar: a, i, e.