Morfologiya grammatikaning bir qismi bo‘lib, so‘z turkumlari, so‘zning grammatik shakli, grammatik ma’no, morfologik kategoriya ( tushuncha)larni o‘rganuvchi bo‘lim. Morfologiya so‘zni grammatik birlik sifatida tekshiradi. So‘z grammatik birlik sifatida grammatik ma’nosi va grammatik shakliga ega bo‘ladi.
Grammatik ma’no
So‘zning u yoki bu turkumga mansubligini ko‘rsatuvchi, so‘zning ma’lum bir grammatik shakl orqali ifodalanadigan ma’nosi grammatik ma’no hisoblanadi; qalam, suv, tosh, olma, bog‘,uy so‘zlari bir grammatik ma’noga mansub so‘zlar hisoblanadi.
Grammatik forma ( shakl) yoki so‘z formasi
So‘zning ma’lum bir grammatik ma’no ifodalovchi shakli so‘zning grammatik formasi (shakli) deyiladi. Grammatik ma’noni ifodalovchi morfema grammatik ( morfologik) ko‘rsatkich ham deyiladi. Masalan, ko‘plikning grammatik ko‘rsatkichi-lar; bosh kelishik va bo‘lishlilik ko‘rsatkichi yo‘q (nol ko‘rsatkichli). Grammatik shakl (so‘z formasi) ning uch xil turi mavjud:
Affikslar (qo‘shimchalar):uyni, uydan, uyga; o‘qiyapman, o‘qiyapsan, o‘qiyapti. Affikslar yordamida yasaluvchi forma sintetik forma deyiladi.
Yordamchi so‘zlar orqali hosil bo‘luvchi forma; ukam uchun, park tomon, o‘qib ko‘r, o‘qib chiq. Yordamchi so‘z vositasida yasaluvchi forma analitik forma deyiladi.
Juft va takroriy shakl:qozon-tovoq, yaxshi-yomon juft formalari umumlashtirish ma’nosini; baland-baland, qator-qator, kula-kula kabilar ko‘plik, takror, ta’kid ma’nosini ifodalaydi.
So‘z turkumlari
So‘zlarning o‘ziga xos belgi-xususiyatlariga ko‘ra ma’lum guruhga ajratilishi so‘z turkumlari deyiladi. So‘zlar konkret narsa, belgi, harakat, holat kabilarni bildirishi yoki bildirmasligiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: mustaqil so‘zlar va yordamchi so‘zlar. So‘z turkumlari jami 12 ta. Ular, asosan, ikki guruhga bo‘linadi.