Radioqabul qilishga halaqitlar. Radioqabul qilish shartlari signal maydoni kuchlanganligini absolyut qiymatlari orqali emas, balki signal maydoni kuchlanganligini shovqin maydoni kuchlanganligiga nisbati orqali aniqlanadi.
Turli aloqa turlari – radiotelefon, radiotelegraf, radioeshittirishni va boshqalarni amalga oshirish uchun ma’lum minimal signal/halaqit nisbati talab qilinadi. Bu joyda va berilgan to‘lqin diapazonida halaqitlar sathini aniqlashni bilish katta amaliy ahamiyatga ega. Binobarin, ma’lum halaqitlar sathi bo‘yicha talab qilinadigan maydon kuchlanganligini aniqlash mumkin.
Biz faqat tashqi halaqitlarni ko‘rib chiqamiz, radioapparaturalarning ichki shovqinlari esa qabullash qurilmalari fanida ko‘rib chiqiladi.
Sanoat va atmosfera halaqitlari.Sanoat halaqitlari manbalari birinchidan, ishlashi uchqunlash bilan bog‘liq bo‘ladigan turli xil elektr qurilmalar, ikkinchidan, qisqaroq to‘lqinli stansiyalarning ishchi diapazoniga tushadigan asosiy chastotaning yuqori garmonikalarini nurlantiradigan radiostansiyalar hisoblanadi. Sanoat halaqitlari, ayniqsa 2000 ÷ 10000 m to‘lqinlar uzunliklarida halaqitlar maydoni kuchlanganligi 1000 mkV/mga yetadigan katta shaharlarda sezilarli bo‘ladi. Qisqaroq to‘lqinlarda sanoat halaqitlari kamayadi.
Sanoat halaqitlari har bir holda maxsus o‘lchagichlar yordamida aniqlanadi.
Sanoat halaqitlarini ularning vujudga kelishi joylarida ham radioto‘lqinlarni nurlanishiga, ham ularning ta’minot o‘tkazgichlari bo‘yicha tarqalishiga to‘sqinlik qiladigan filtrlash va ekranlashning qo‘llanilishi yo‘li bilan so‘ndirish amalga oshiriladi.
Atmosfera halaqitlarining asosiy manbai yashinlar hisoblanadi. Yashin razryadi vaqtida aperiodik xarakterga yoki so‘nuvchi tebranishlar xarakteriga va t = 0,1 ÷ 3 msek uzunlikka ega bo‘lgan quvvatli tok impulsi vujudga keladi. Bunday impuls uzluksiz chastotalar spektrini hosil qiladi, binobarin, spektrning sinusoidal tashkil etuvchilari amplitudasini chastotaga teskari proporsional kamaytiradi.
Eng katta amplituda qiymatiga fg= 1/t2 chastotada, ya’ni 300 ÷ 10000 Gs diapazonda erishiladi.
Yashin razryadi vaqtida vujudga keladigan turli uzunliklardagi radioto‘lqinlar mos diapazonlar to‘lqinlariga o‘xshash tarqaladi va qabulash qurilmalariga halaqitlar ko‘rinishida ta’sir qiladi.
Atmosfera halaqitlariga o‘rta to‘lqinlar sohalarida va qisman qisqa to‘lqinlar sohalarida yotadigan diapazonlar eng ko‘p uchraydi.
UQT diapazonida atomsfera halaqitlarining ta’siri sanoat halaqitlari kabi sezilarli emas.